Prezident topshirig‘i: 4700 ta ko‘prik uch yil ichida ta’mirlanadi

O‘zbekiston 20:16 / 16.10.2024 6065

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni yo‘l xo‘jaligi sohasida qilingan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimotda sohadagi loyihalar va rejalar haqida axborot berildi.

BMT tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar O‘zbekiston iqtisodiyotining kamida 2 foiz o‘sishiga turtki beradi. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan 729 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda «Qo‘ng‘irot-Beynau» yo‘nalishidagi 240 kilometr yo‘l foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, Guliston – Andijon, Dushanbe – Termiz, Buxoro – Turkmanboshi, Urganch – Hazorasp yo‘llarining muayyan qismlari qayta quriladi.

Davlat rahbari sohadagi muhim vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

– O‘zbekistonning geografik joylashuvini e’tiborga olsak, tashqi savdoda xalqaro yo‘llarning ahamiyati juda katta. Shu bois Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Termiz bilan Toshkentni bog‘laydigan jami 4 ming kilometrlik xalqaro yo‘llarimiz eng yuqori talablarga javob berishi shart, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon oralig‘idagi pulli yo‘l loyihalarini jadallashtirish, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligi qayd etildi. Bunday hollarda muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi alohida qonun bilan belgilanadi.

Bugungi kunda 4 ming 700 ta ko‘prik ta’mirtalab holatda. Uch yillik dastur ishlab chiqib, ularni bosqichma-bosqich ta’mirlash vazifasi qo‘yildi.

Hududlarda yo‘l bo‘yi infratuzilmasi rivojlantirilib, savdo va xizmatlar tashkil qilinmoqda. Taqdimotda aytilganidek, bunga qo‘shimcha qariyb 4 ming kilometrlik xalqaro avtomagistrallarda 70 ta servis majmuasi barpo etiladi.

Yo‘l va suv tarmoqlari kabi infratuzilmaviy loyihalarda xalqaro moliya institutlari bilan yaqindan ishlash, xorijiy konsultantlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ko‘proq yangiliklar: