Mourinio yana hunar ko‘rsatdi – uni Turkiyadan ketishga chaqirishmoqda
U derbidagi mag‘lubiyatdan keyin raqib murabbiyining burnidan chimchilab oldi, raqib esa chopilgan daraxtdek quladi.

Foto: Murat Akbas/Getty Images
Special One o‘zi haqida yana bir bor eslatib qo‘ydi
Turkiya kubogi. 1/4 final
«Fenerbahche» — «Galatasaroy» — 1:2 (1:2)
Gollar: Osimhen, 10 (0:1). Osimhen, 27 — pen. (0:2). Shimanski, 45+2 (1:2).
Chetlatishlar: Yandash, Mourinio — Yilmaz, Demirbay.
2 aprel kuni «Fenerbahche» o‘z maydonida «Galatasaroy»ga yutqazib, Turkiya kubogini chorakfinaldayoq tark etdi – 1:2. Bu safargi derbi ham hissiyotlarga boy kechdi. O‘yinning eng yorqin lahzalari esa final hushtagi chalinganidan keyin ro‘y berdi va asosiy qahramon albatta Joze Mourinio bo‘ldi.

Foto: Ahmad Mora/Getty Images
O‘yin yakunlanganidan keyin portugaliyalik mutaxassis hakamlar bilan gaplashib turdi, Buruk esa ularga yaqinlashdi va hakamlarga qo‘l berdi, Mourinio esa bu yerdan uzoqlashdi.
Shundan keyin Buruk Jozega nimadir dedi.
Mour «Galatasaroy» murabbiyining orqasidan bordi.

Va burnidan ushladi.
O‘kan baqirib yubordi va gazonga quladi.
Keyin ikkala jamoa futbolchilari to‘dalashib, yoqalasha boshladi. Vaziyat shu darajada ediki, xavfsizlik kuchlari maydonga tushib kelishiga to‘g‘ri keldi. Mojaroning jami to‘rt ishtirokchisiga qizil kartochka ko‘rsatildi: Mert Yandash, Karim Demirbay, Barish Alper Yilmaz va Mourinioning assistenti. Jozening o‘zi jazodan qutulib qolgan, ammo voqea maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng diskvalifikatsiya qo‘llanishi mumkin.
Bu birinchisi emas
Bu Mourinio hamkasblariga tashlanishi bilan bog‘liq ilk holat emas. «Real»da ishlagan chog‘ida, 2011 yilda portugaliyalik mutaxassis «Barselona»ning o‘sha vaqtdagi bosh murabbiyi, maydon chetida turgan Tito Vilanovaning ko‘ziga barmog‘ini tiqib olishiga sal qolgandi.
O‘shanda buni bosh hakam ko‘rmay qolgan, VAR tizimi esa yo‘q edi. Keyinroq Joze Ispaniya superkubogining ikki o‘yiniga diskvalifikatsiya qilinadi, ammo yakunda bu qaror bekor qilinadi.
Bir yil o‘tib u Goal nashriga bergan intervyusida o‘shanda nohaq bo‘lganini tan oladi: «Agar vaqtni ortga qaytara olganimda, bunday qilmagan bo‘lardim».
Mourinioning Buruk bilan munosabati
Joze bilan Burukning munosabati oldindan yaxshi emas. Yozda «Adana Demirspor»ga qarshi o‘yindan keyin Mourinio aynan uni eslagandi: «Ishonchim komilki, «Galatasaroy» murabbiyiga u maydonga to‘rt metrga chiqqanda kartochka ko‘rsatilmaydi, men esa uzoqroqda turganimda kartochka olaman».
Uning bu jumlasi «Galatasaroy» forvardi Mauro Ikardini ajablantirgandi: «Qiziq, Mouriniodek shunday buyuk murabbiy shunday arzimas narsani muhokama qilmoqda. Katta jamoalarda ham shunday qilishadi deb o‘ylamagandim».
Sentyabrda «Fener» «Galatasaroy»ga yutqazadi, Joze esa matbuot anjumaniga kelmaydi: «Men 70 daqiqa kutdim va shundan keyin ham chiqa olmadim, chunki uning [«Galatasaroy» murabbiyining] matbuot anjumani davom etayotgandi. Men matbuot anjumanidagi navbatimni 70, 75 yoki 80 daqiqa kuta olmasdim».
2024 yil noyabrda «Trabzonspor» ustidan qozonilgan 3:2 hisobidagi g‘alabadan keyin Joze Turkiya ligasini «Galatasaroy»ga yon bosishda ayblagandi. O‘sha o‘yinda uning jamoasi darvozasiga, uning ta’biri bilan aytganda ikki bor «noxolis penalti» qo‘yilgandi. U o‘yindan keyingi matbuot anjumanida yana shunday so‘zlarni aytadi: «Agar menga bunday ishlar bo‘lishi haqida oldindan aytishganida, hech qachon bu yerga kelmagan bo‘lardim».
Fevral oyi oxiridagi o‘zaro o‘yindan (0:0) keyin esa Joze hakamlarni tanqid qilmadi, ammo raqib futbolchilarining o‘zini tutishidan shikoyat qildi: «Raqib zaxira o‘rindig‘idagilarning barchasi xuddi maymunlar kabi irg‘ishladi. Agar o‘yinni turk hakami boshqarganida, Yusuf Akchichek birinchi daqiqadayoq kartochka olgan bo‘lardi, men esa uni beshinchi daqiqadayoq almashtirishimga to‘g‘ri kelardi».
Buruk shunday javob qiladi: «Mourinio ko‘p noliydi! Yig‘loqi… U nolishi bilan tanilgan. U hakamlar oldiga boradi va shikoyat qiladi! Mayli yig‘lashda davom etsin. Uning turk sudyasiga bunday haqoratomuz gapirishi juda noto‘g‘ri. U turk hakamlarini bunchalik kamsitayotganiga ishona olmayman, buni qoralayman».
Raqiblar Mourinioni irqchilikda ayblashadi, u to‘rt o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi. Keyinroq u shaxsiy huquqlariga tajovuz qilgani uchun «Galatasaroy»ga qarshi da’vo arizasini kiritadi.
Ayni vaqtda «Fener» chempionatda peshqadam «Galatasaroy»dan olti ochkoga ortda bormoqda. Endi esa ashaddiy raqib Joze jamoasini Kubok bahslaridan ham chiqarib yubordi.
Agar Jozening xatti-harakatlari «sportga xos bo‘lmagan xatti-harakatlar» sifatida baholansa, u intizomiy reglamentga muvofiq, uchtagacha o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi. Ammo bundan-da og‘irroq variant ham bor. Agar uning harakatlari «raqibga hujum qilish» moddasiga to‘g‘ri kelsa, u 5 tadan 10 tagacha o‘yinda tribunada qolishi mumkin.
Turkiya futbolidagilar reaksiyasi
O‘kan Buruk o‘yindan so‘ng sodir bo‘lgan voqealarni bo‘rttirib ko‘rsatmaslikka chaqirdi: «Murabbiylar o‘yindan keyin bir-birlarining qo‘llarini qisib, ketishlarini istardim. Ammo unday bo‘lmadi. Biz hakamlar oldiga bordik, keyin hammasini o‘zingiz ko‘rdingiz. Mourinioning xatti-harakatlarini to‘g‘ri deb hisoblamayman. Biroq burnimda ozgina tirnalgan joy bor, xolos. Bu haqda ko‘p gapirishni istamayman. Oshirib yuborish kerak emas».
Sharhlovchi Serdar Ali Chelikler derbidan keyin portugaliyalik murabbiyga juda keskin munosabatda bo‘ldi: «Joze Mourinioning «Fenerbahche»dagi faoliyati poyoniga yetmoqda. Uni ishdan bo‘shatish kerak. Jin ursin, u nimaga umid qilgan edi? Yo‘qol bu mamlakatdan, jin ursin! Unga tovon puli berib, uyiga jo‘natib yuboring. «Fenerbahche» O‘kan Burukdan uzr so‘rashi kerak. Normal sharoitda «Galatasaroy» 6:1 yoki 7:1 hisobida g‘alaba qozonishi mumkin edi. Hammasi minimal ustunlik bilan yakunlangani mo‘jiza. Bunday shiddatli o‘yindan keyin «Fenerbahche» sukut saqlamoqda. Bu yomon alomat. Rahbariyat murabbiyni yoki menejmentdan kimnidir ishdan bo‘shatishini kutaman. Aytish mumkinki, Mourinio joriy mavsum omadsizi. O‘kan Buruk uni omadsizga aylantirdi».
«Galatasaroy» klubi boshqaruvi sobiq a’zosi Ashraf Hammomchio‘g‘li ham xorijlik murabbiyni Turkiyadan haydashga chaqirmoqda: «Mourinio zudlik bilan shifoxonaga yotqizilishi va g‘azabni jilovlash bo‘yicha terapiyadan o‘tganidan keyin deport qilinishi lozim. Bu jarayonni birinchi navbatda «Fenerbahche»ning o‘zi yo‘lga qo‘yishi kerak».
Turkiya milliy jamoasining sobiq hujumchisi Nihat Qahvachi ham Mourinioga nima bo‘lganini tushunmayotganini aytib o‘tdi: «Joze, nega Turkiyaga keldingiz? «Fenerbahche» muxlislari, bu savolni klub rahbariyatiga bering. Mourinio bunday muhim o‘yinda nimaga erishdi? Joze o‘yindan so‘ng yaqinlashdi va Burukning burnidan tortdi. Buni hamma ko‘rdi-ku? Biz butun sport olami bo‘ylab aylanadigan yangi fotosuratlarni sovg‘a qildik. Murabbiyning bunday xatti-harakatini birinchi marta ko‘rishim. Nima uchun? O‘tgan safar u «Galatasaroy» futbolchilarini maymunlar deb atadi, ammo «Fenerbahche» Mourinioni himoya qilish uchun hamma narsani qildi. Nega endi o‘zingizni bunday tutishingiz kerak?»
«Galatasaroy» vitse-prezidenti Metin O‘zturk shunday dedi: «Bu nafaqat «Galatasaroy» murabbiyiga, balki butun turk futboliga hujum. Mourinioda bunday jasorat qayerdan paydo bo‘ldi? Buni tushunish biz uchun haqiqatan ham qiyin. Taxminimcha, Turkiya futbol federatsiyasi vakillari barchasini ko‘rishgan. Mourinio O‘kanga avval og‘zaki, keyin esa amalda ham hujum qildi. U dunyoning boshqa qayerida bunga jur’at qilgan bo‘lardi? U Turkiya haqida qanday fikrda? Umid qilamanki, buning jazosi bo‘ladi».
Sharhlovchi Ahmet Chaqar: «Mourinio qilgan ishi bilan «o‘ziga hukm o‘qidi». U «Galatasaroy» futbolchilarini maymunlar deb atagandi, endi esa murabbiyning burniga yopishdi. Bu odam «Fenerbahche» murabbiyi bo‘lib qolishi biz uchun uyat. Mourinio endi shunchaki yig‘loqi emas. U orqadan hujum qiladigan arazchi odam».
Sobiq futbolchi Sinan Engin: «Na «Fenerbahche» rahbariyati, na Mourinio, na jamoa futbolchilari mag‘lubiyatni hakamning ishi bilan bog‘lamasligi kerak. «Galatasaroy» g‘alabani haqli qo‘lga kiritdi. Mourinio murabbiy sifatida o‘zini yo‘qotgan. Buni uning xatti-harakatlari isbotladi. Agar O‘kan Burukning o‘rnida bo‘lganimda, portugaliyalikka javob qaytargan bo‘lardim».
Turkiyalik sobiq futbolchi va murabbiy O‘nder O‘zen: «Ortda qolgan o‘yin «Fenerbahche»ning tugagani belgisidir. «Galatasaroy» uch-to‘rt to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi kerak edi. Agar qo‘limda vakolat bo‘lganida, «Fenerbahche» murabbiylar shtabi a’zolariga maosh to‘lamagan bo‘lardim. Mourinio O‘kan bilan uchrashishga ham loyiq emas. «Galatasaroy» muvaffaqiyatsizlikka uchraganida, darhol murabbiyni o‘zgartiradi, rahbariyatda o‘zgarishlar qiladi. «Fenerbahche»da yetti yildan beri deyarli hech narsa o‘zgarmayapti».
Sobiq futbolchi va murabbiy, hozirda ekspert Abdulkarim Durmaz: «Odatda bir erkak boshqa erkakka biror narsa demaguncha hujum qilmaydi. Ehtimol, O‘kan Mourinioga achchiq gapirgandir. Lekin portugaliyalikning xatti-harakati katta xato. Aftidan, u nimanidir eshitdi-yu, hazm qilolmadi. Mourinio o‘yin davomida mingta xatoga yo‘l qo‘ydi. Men tribunadan 11 kishini maydonga tushirsam, ular tanaffusgacha o‘zlarini yaxshiroq ko‘rsatgan bo‘lishardi».
Turkiyalik sobiq futbolchi Erman Toro‘g‘li: «Mourinio endi zarbaga dosh bera olmaydi. Bu odam Turkiyada xohlagan narsasini qila olaman deb o‘ylayapti. Joze ketadigan vaqt bo‘ldi. Uning kuchi Burukning burnidan chimchilashgagina yetdi. Ammo Mourinio jamoasi umuman o‘ynamadi».
Tavsiya etamiz
Qimmatga tushgan liposaksiya: blogerni kimlar operatsiya qildi?
Jamiyat | 19:22 / 04.04.2025
NYT Germaniyadagi «urush ofisi» haqida surishtiruv e’lon qildi
Jahon | 15:18 / 04.04.2025
Minbardagi 25 soat: senator Buker nega bunday qildi?
Jahon | 22:47 / 03.04.2025
O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 22:24 / 03.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Okeanda plastikni «yeyishga» qodir zamburug‘lar topildi
Fan-texnika | 01:40
-
Biotexnologik startap 10 ming yil oldin qirilib ketgan dahshatli bo‘rilarni «qayta yaratdi»
Fan-texnika | 01:09
-
AQShda tornado va suv toshqinlari oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi
Jahon | 23:47 / 07.04.2025
-
Toshkentdagi qahvaxonada til bilan bog‘liq holat muhokamalarni keltirib chiqardi
Jamiyat | 23:03 / 07.04.2025
Mavzuga oid

15:41 / 26.09.2024
APLda yangi dushmanlik boshlanishi. Arteta aslida Gvardiolaning shogirdi emasligi haqida

13:45 / 08.04.2024
Turkiyada antiqa final, Shomurodov g‘alabaga hissa qo‘shdi. Yevropada kun o‘yinlari

16:16 / 18.03.2024
Turkiya chempionatida yana mushtlashuv. Mezbon fanatlar «Fenerbahche» futbolchilariga hujum qildi

17:17 / 03.01.2024