O‘zbekiston | 23:03 / 07.04.2025
34551
11 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi qahvaxonada til bilan bog‘liq holat muhokamalarni keltirib chiqardi

Toshkentdagi qahvaxonalardan biriga kirgan bloger unga, ya’ni o‘zbek mijozga qahvaxonaning o‘zbek xodimlari rus tilida murojaat qilganini tanqid qilib video e’lon qildi. Bu holat savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida doim ham davlat tilida xizmat ko‘rsatilmasligini tarmoqlarda keng muhokama mavzusiga aylantirdi.

Foto: Getty images

Voqea Activist taxallusi bilan tanilgan bloger Hojiakbar Nosirov bilan ro‘y bergan. U Instagram'ida e’lon qilgan videoda voqeani quyidagicha so‘zlab bergan.

Bugun kappuchino olishga “Bon!”ga kirdim, g‘aznaning oldiga borib turganimda (kassaning oldiga, “Bon!”da ishlaydiganlarga tushunarli bo‘lishi uchun) o‘zbek qiz turibdi, mendan “chto budete zakazyvat?” deb so‘rayapti. Men boshida tushunmay qoldim, lekin tez javob berish uchun “malenkiy kapuchino” dedim.

Qarab turibman – o‘zbek qiz. Mendan yana so‘rashni boshladi: “yeshche chto nibud jyelayete?” deb. Keyin turdim-da: “menga qarang, o‘zbekmisiz?” dedim. “Ha, o‘zbekman” dedilar. “Men ham o‘zbekman, ko‘rib turibsiz-ku, nimaga menga ruscha gapiryapsiz?” desam, o‘ylanib turdilar-da, “yana nimadir kerakmi?” dedilar. “Yo‘q” dedim. Menimcha, ozgina uyaldilar ham.

Keyin, kofeni kutib turganimda, menimcha, o‘zbek ayoli kelib, “chto vy zakazyvali?” deyapti. Men javob bermasdan, o‘qrayib turibman-da, “malenkiy kapuchino, da? Vot vash zakaz” deb oldimga qo‘yib ketyapti.

Gap bu yerda uning qilgan muomalasi, boshqasida ham emas. Biz O‘zbekistondamiz-ku. Ko‘rib turibsizlar, men ham, sizlar ham o‘zbeksizlar, men bilan o‘zbek tilida gaplashinglar. Rus tilida gapirmanglar demayman. Umuman olganda, sizlarning biznesingiz rus tiliga yoki Rossiyada qurilmagan-ku, to‘g‘rimi?

Buni mayda narsa, nimaga gapiryapsan deydiganlar bo‘lishi mumkin. Tushuntiraman, bu judayam muhim narsa. O‘zbek tilining yo‘q bo‘lib ketishiga sababchi bo‘layotganlar – mana shunday bizneslar ham. Shu bilan birga, o‘zbek tilini biladigan, O‘zbekistonda ishga kirmoqchi bo‘lgan odamlardan shunga o‘xshash kompaniyalar rus tilini talab qiladi. O‘zi mijozlarining 90 foizi – o‘zbeklar. Butun xodimlarini rus tilida gapirtirib nima keragi bor? Qani mantiq?

Buning yana bir muhim va ayanchli tomoni shundaki, ular o‘zbek tilini yo‘q qilishga yordam berayotgani mayli, rus tilini bilmaydigan mijoz kelib, buyurtma bermoqchi bo‘lsa-da, ular rus tilida savol beradigan bo‘lishsa, mijoz uyalib qolishi mumkin, rus tilini bilmagani uchun. O‘zi unaqa bo‘lishi kerakmas, aksincha bo‘lishi kerak: o‘zbek insonga rus tilida savol berayotganlar uyalishi kerak. Shuning uchun ham o‘zbek tilida gapirmayaptimi, narsasini olish kerakmas boshqa. Shuni deb qanchadan qancha rus tilini o‘rganmagan, o‘zining vatanida o‘zbek tilini bilib turib, ishga kirolmayotganlar tiqilib yotibdi”, – degan bloger.

Videopost ostida “Bon!” ma’muriyati holat uchun uzr so‘rab, kompaniya o‘zbek tilining davlat tili maqomini e’tirof etishi, bunday holatlar takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rilishini bildirib izoh qoldirgan.

Hojiakbar Nosirovning bu videosiga 5 kun ichida 210 mingdan ortiq layk bosilgan, 22 mingdan ortiq izoh yozilgan. Bu raqamlar internetning o‘zbek segmentida so‘nggi kunlarning eng ko‘p muhokama qilingan mavzusi aynan shu bo‘lganini ko‘rsatadi.

Tarmoqlarda foydalanuvchilar ko‘tarilgan mavzu dolzarbligi, ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida asosiy xizmat ko‘rsatish tili rus tili ekani sabab, ruschani bilmaydigan vatandoshlar o‘zini noqulay his etishini aytgan.

Bir safar “Bon!”ga sherigim bilan kirganimizda sal telefonga chalg‘iganman va sotuvchi qiz sherigimga rus tilida murojaat qilgan, sherigim rus tilini bilmaganligi uchun biroz xijolatli ahvolga tushgan”, – deyiladi tarmoqdagi izohlardan birida.

100 foiz to‘g‘ri aytyapsiz. Rus tilini bilish – xorijiy til ko‘nikmasi. Uni bilish va unda gapirish yaxshi. Lekin O‘zbekiston hududidagi bizneslar avvalo o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatishi kerak. Undan keyin mijozlarning xohish-istaklaridan kelib chiqib, ularning tiliga moslashishi mumkin”, – deya yozgan boshqa bir foydalanuvchi.

Bizdagi ayniqsa qimmat restoranlarga kirsam, hammasi rus tilida kutib oladi. Rus tilini bilsam ham, o‘zbekcha gapiraveraman. Ba’zi birlarining ensasi qotadi, seziladi. Men bilmaganimdan emas, ular tilimizni hurmat qilib, 1-o‘ringa qo‘yishi uchun shu ishni qilaman”, – deya ta’kidlagan yana bir izoh muallifi.

Juda muhim mavzu. Ko‘p chet davlatlarida bo‘ldim, har bir davlatda avvalo o‘zlarining tili ustuvor sanaladi. O‘z davlatida o‘z tilida gapirishlarini xohlashlik boshqa tilga bo‘lgan hurmatsizlik emas, o‘z ona tilining kelajagi uchun qayg‘urish deb bilaman”, – deyiladi boshqa bir izohda.

Til o‘rganish, bilish faqat foydali, lekin o‘zingni yurtingda bilmaslik zararga ishlashi kerak emas, ayniqsa nimadir sotib olish kabi judayam kundalik masalalarda. O‘zimda kiyim do‘konida shunaqa holat bo‘lgan, sherigimga o‘zbekcha gapirganimda sotuvchi qiz kelib “vy tochno kupite?” degan. Ruscha salomiga ruscha javob bergandim va o‘zbekcha gapirgunimcha hammasi joyida edi. Yo‘q, qo‘limdagi narsani qo‘yib ketganman”, – deya eslaydi internet foydalanuvchilaridan yana biri.

Bir qator izohlarda Hojiakbar Nosirov haqorat qilingani, millatlar o‘rtasida nizo keltirib chiqarishda ayblanganini ko‘rish mumkin.

Ayrimlar Hojiakbar ko‘targan mavzu qolib, uning shaxsiga o‘tib ketayotgani hayron qoldiryapti. Muvozanat saqlansin, biror tilni yo‘qotish haqida gap bo‘lishi mumkinmas, o‘zbek tilidayam muloqot bo‘lsin, desangiz, yoqadan olishyapti, tahdid deb ko‘rishyapti qorako‘zlarimiz. Adekvat rus do‘stlarim esa qo‘llab-quvvatlayapti eng qizig‘i”, deydi bloger Mirzayor Erkinov.

Bloger Dilshod Hoshimov masalaga iste’molchi huquqi nuqtayi nazaridan yondashgan. U Konstitutsiyaga ko‘ra davlat tili o‘zbek tili ekanini eslatib, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Davlat tili haqida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlarga murojaat qilgan.

Siz – iste’molchisiz. Iste’molchi sifatida o‘zbek tilida murojaat qilishlarini talab qilish huquqingiz bo‘ladi. Agar restoran o‘zbek tilini biladigan mutaxassisni sizga jalb qilib berolmasa, muammo restoranda bo‘ladi, sizning huquqingiz buzilgan bo‘ladi. Ikkinchidan, qonun bo‘yicha kafe-restoranlar o‘zining taomnomasi, ya’ni menyusi, etiketkasi, narxnomasi bo‘yicha ma’lumotlarni o‘zbek tilida yozishlari shart. Keyin esa boshqa tilga tarjima qilish huquqlari bor.

O‘tgan yili Raqobat qo‘mitasi 700 ta kafe-restoranni tekshirganida ularning 75 foizida o‘zbek tilida menyu aniqlanmagan. Bu judayam achinarli holat”, – deydi Dilshod Hoshimov.

Mavzu muhokamasida qatnashgan ayrim faollar Hojiakbar Nosirov bildirgan fikrlarni rad etmagan holda, uni nafrat ruhida gapirish va hayp ko‘tarishda aybladi.

Til borasida radikal millatchilik emas, liberal vatanparvarlik yo‘lidan borishimiz kerak. “Aktivist”ning chiqishi borasida fikrim – ohangni va chiqish qurilishini oqlamayman, jahl, “hujum”, shaxslarga qaratilgan nafrat ohangi bilan til masalasida aytgan to‘g‘ri fikrini ham bahsli gapga aylantirib qo‘ydi. Lekin ohang va ehtiroslarni olib tashlab, chiqishning asosiy gapiga qarasak, “Aktivist” to‘g‘ri aytyapti”,dedi filolog Shahnoza Soatova.

Muammoni ko‘tarish muhim, albatta. Lekin u qanday shaklda ko‘tarilayotgani ham muhim. Hozirgi kunda til masalasi jamiyatimizda nozik mavzuga va afsuski, bu mavzu orqali nafrat uyg‘otish va odamlarni ajratish holatlari ko‘paymoqda. Bunday vaziyatda katta auditoriyasi bor insonlar mas’uliyat bilan yondashishi, muammoni anglashga va tushuntirishga xizmat qilishi kerak, xayp qilishga emas. Xayp – diqqatni jalb qiladi, lekin u muammoni hal qilmaydi”, – deya yozdi huquqshunos Kamola Aliyeva.

Voqea marketing maydonida ham aks-sado berdi. Masalan, boshqa bir restoranlar tarmog‘i – “Kofteci Ramiz” Instagram'dagi sahifasida “Bizda kofe emas, qahva bor” deya stori joyladi. Faollarning e’tibor qaratishicha, shov-shuvli holatdan keyin “Bon!”ning instastorilarda o‘zbek tilida ham yozila boshlangan. “Boshqa brendlar ham sekin-asta muvozanatni saqlashga o‘tishsa bo‘lardi”, deydi bloger Mirzayor Erkinov.

“Activist” yuqoridagi videoni joylaganidan ikki kun o‘tib, Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan e’tirozlardan biri asosida, Toshkentdagi “MADO” restoraniga talabnoma kiritilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi organning talabi bilan, restoran va uning filiallarida mijozlar davlat tilidagi taomnoma bilan ta’minlangan.

Mavzuga oid