Turkiyada antiqa final, Shomurodov g‘alabaga hissa qo‘shdi. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 13:58 / 08.04.2024 23833

7 aprel kuni Yevropa maydonlarida bir qancha g‘aroyib futbol syujyetlari kuzatildi. Ularning ayrimlarini tarixiy deb atash ham mumkin. Quyida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Turkiyada syurrealistik final

Turkiya futboli aqldan ozishda davom etmoqda. Unda prezidentlar goh hakamlarni kaltaklaydi, muxlislar futbolchilarga hujum qiladi (va aksincha), funksionerlar jamoani maydondan olib ketadi — va bularning barchasi bir mavsumning o‘zida kuzatildi. Bu safargisi esa barchasidan o‘tib tushdi — «Fenerbahche» Turkiya Superkubok o‘yinini sabotaj qildi.

Bunaqasi faqat Turkiyada bo‘lishi mumkin. Mamlakat Superkubogi uchun «Galatasaroy» va «Fenerbahche» o‘rtasidagi o‘yin ikkinchi daqiqadayoq to‘xtatildi. Ikardi darvozani ishg‘ol etdi, keyin esa raqib futbolchilari maydonni tark eta boshladi. Natijada «Galatasaroy» sovringa ega chiqdi.

Gap shundaki, joriy mavsumda «Fenerbahche» Turkiya futboli rahbariyati bilan kurashmoqda. Bu mavzudagi eng yuqori cho‘qqi 17 mart kuni Superliga o‘yini doirasida «Trabzonspor» muxlislari o‘yin yakunida istanbulliklar jamoasi futbolchilariga hujum qilishi bo‘lgandi. O‘sha safar o‘yinida «Fener» iroda ko‘rsatib, 3:2 hisobidagi g‘alabaga erishgan va uni maydonda nishonlagandi. Bu esa «Trabzon» fanatlariga yoqmagan va ular raqib bayramini buzish uchun maydonga tushib kelishgandi. Gazonda xaos boshlangan: «Fenerbahche»ning ayrim futbolchilari muxlislar bilan mushtlashishiga to‘g‘ri kelgandi. Politsiyachilar fanatlarni to‘xtatishga ulgurmagadi.

Yakunda «Trabzonspor» jazolandi — olti o‘yinni tomoshabinlarsiz o‘tkazadigan bo‘ldi. «Fenerbahche»ni esa bu unchalik qiziqtirmaydi: ular oldindan federatsiyadan norozi bo‘lib kelayotgandi. Istanbulliklar rasmiylar ularga nisbatan tizimli adolatsizlik qilib kelmoqda deb hisoblaydi. Bu «Fener» o‘yinlarida adolatsiz hakamlik, klubga yomon munosabat, kelishilgan uchrashuvlarda ishtirok etish haqida. So‘nggi voqea esa kardinal harakatlarga undadi. «Fenerbahche» rahbariyati Turkiya Superligasini tark etib, boshqa chempionatda o‘ynash (la liga, A seriya, Fransiya, Belgiya yoki Niderlandiya  chempionatlari) imkoniyatlarini ko‘rib chiqa boshladi. Aprel oyi boshida klub Turkiya Kubogida ishtirok etmasligini ma’lum qildi.

Superkubok o‘yini arafasida OAV «Fenerbahche» bu o‘yinni buzishni rejalashtirayotgani haqida xabar topdi. «Galatasaroy» bilan o‘yinga bizning jamoa U19 jamoasidagi to‘qqiz futbolchi bilan chiqadi. Keyin ulardan uch nafari qandaydir yo‘l bilan diskvalifikatsiya olishadi. Bu esa o‘yinni to‘xtatishga imkon beradi», — deya «Fenerbahche» direktorlar kengashi a’zosi Erol Bilejikning so‘zlarini keltirgan Ajansspor.

Qoidalarga ko‘ra, o‘yin boshlanishi uchun jamoada to‘qqiz futbolchisi bo‘lishi kerak, agar ular olti nafar bo‘lib qolsa, bu jamoaga texnik mag‘lubiyat yoziladi.

«Kanareykalar» yakunda Shonliurfadagi o‘yinga 2005 va 2006 yillarda tug‘ilgan futbolchilarini yubordi. Tarkibning qolgan futbolchilari, jumladan bosh murabbiy Ismail Kartal ham Istanbulda qoldi.

«Fenerbahche» chindan ham o‘yinni buzdi: maydonga 9 emas, 11 nafar o‘smir va yosh futbolchilar chiqib keldi, ular ilk daqiqadayoq Mauro Ikardidan gol o‘tkazib yuborishdi. Shundan keyin yosh futbolchilar maydonni tashlab ketishdi.

O‘yin bosh hakami Abdulqodir Bitigen «Fenerbahche»ning texnik mag‘lubiyatini e’lon qildi. «Galatasaroy» esa Turkiya Superkubogidagi g‘alabani nishonladi. Bularning bari syurrealistik ko‘rinishda edi.

Muxlislar bilan 10 daqiqalik xursandchilikdan keyin esa «Galatasaroy» yig‘ilganlarni zeriktirib qo‘ymaslik uchun asosiy va zaxira tarkibi ishtirokida o‘yinni davom ettirishga qaror qildi. 

«Galatasaroy» — sovrinni qo‘lga kiritdi. «Fenerbahche» esa mahalliy futbol rahbariyatiga qarshi kurashni davom ettiradi.

«Chelsi» yo‘q joydan ochko yo‘qotdi

«Chelsi» – Angliyaning eng o‘yinini taxmin qilib bo‘lmaydigan jamoasi. Londonliklar oldingi turda qo‘shimcha daqiqalarda ikki gol urib «MYu»ni mag‘lub etgandi (4:3), endi esa autsayder bilan o‘yinda ochko yo‘qotdi. «Sheffild Yunayted» bilan o‘yin davomida londonliklar ikki bor hisobda oldinga chiqib olishdi – va ikki gol o‘tkazib yuborishdi. «Sheffild»ning ikkinchi goli 90+3-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Yakunda – 2:2. Maurisio Pochettino jamoasida hali ham top-6ga kirish uchun imkoniyat bor. Ammo bunday yo‘qotishlar jamoani yevrokuboklar yo‘llanmasidan uzoqlashtiradi.

«Tottenhem» top-4ga qaytdi

«Tottenhem» mavsumni sirli jamoa sifatida boshlagandi. Hech kim Angelos Posteko‘g‘li boshqaruvidagi «shporlar»dan nima kutish mumkinligini bilmasdi. Ammo londonliklar yuqori pressing va hujumdagi rang-baranglik bilan qorishgan o‘ta tajovuzkor futboli orqali ko‘pchilikni hayron qoldirdi. «Tottenhem» uzoq vaqt yetakchilar qatorida yurdi, ammo kuzning ikkinchi yarmida jarohatlar epidemiyasi tufayli ochko yo‘qotishni boshladi va chempionlik poygasini tark etdi. Ammo hozirda klub Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rin uchun kurashni davom ettirmoqda. Va «Tottenhem» kuchli to‘rtlikka qaytdi.

Bir kun oldingi o‘yinda «Aston Villa» «Brentford» bilan durang o‘ynab (3:3) qo‘ygandi, «shporlar» esa o‘z uyida «Nottinghem»ni qiyinchiliksiz mag‘lub etdi. Birinchi bo‘limdan keyin tabloda durang hisob yonib turgandi. Ammo Mikki van de Ven va Pedro Porroning gollari g‘alabani ta’minladi. «Tottenhem» va «Villa» 60 tadan ochko jamg‘argan, ammo to‘plar nisbatiga ko‘ra londonliklar oldinda. Qolaversa, Posteko‘g‘li jamoasida zaxira o‘yini bor.

Shomurodovda yana golli pas

«Atalanta» 31-turga boy berilgan ochkolar bo‘yicha beshinchi pog‘onada yetib keldi. Ayni vaqtda bu o‘rin keyingi mavsumda Chempionlar ligasida o‘ynash imkonini beradi (Italiya – hozirgi yevrokuboklar mavsumi koeffitsiyentlari bo‘yicha top-2 da). Bergamoliklar Klaudio Raniyeri boshqaruvidagi «Kalyari» mehmoni bo‘ldi. Italiyalik mutaxassis o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovni boshlang‘ich tarkibda tushirdi va u ishonchni oqladi.

«Atalanta» tezkor gol bilan hisobni ochgandi, ammo bo‘lim oxirida Shomurodov to‘rt raqib qurshovida turib Aujyelloga golli pas uzatdi.

Bu uning joriy mavsumdagi uchinchi golli pasi bo‘ldi, bir necha oyni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan hujumchi mart oyi boshida «Salernitana» darvozasiga ikki gol urgandi. Bu uchrashuvda esa u ikkinchi bo‘limda zaxiraga olindi, «Kalyari» 88-daqiqada g‘alaba golini urdi. Endilikda jamoa ochkolari sonini 30 taga yetkazib, 13-o‘ringa ko‘tarilib oldi. 50 ochko bilan qolgan «Atalanta» esa 55 ochkoga ega «Roma»ni ta’qib etmoqda, ammo Gasperini jamoasida bitta zaxira o‘yini ham bor.

Allegribol amalda

«Yuventus» o‘yinlari uyqusizlikdan qiynaladiganlar uchun qo‘l kelishi mumkin. Maks Allegri boshqaruvidagi jamoa bu safar «Fiorentina»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limidayoq uxlatib qo‘yuvchi futbol o‘ynashga kirishdi. Turinliklar 21-daqiqada hisobni ochdi: burchak zarbasi amalga oshirilganda Federiko Gatti qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi. Keyin esa Vlahovichning goli kichik ofsayd tufayli bekor qilindi. Keyin mezbonlar bor mahoratini ishga solib, o‘yinni «o‘ldirdi». «Yuventus» o‘yin vaqtining 25 foiz qismida to‘pga egalik qildi, «Fiorentina» esa — 75 foiz. Ikkinchi bo‘limda statistika yanada dahshatli ko‘rinish oldi: «fialkalar» foydasiga 16 foizga qarshi — 84 foiz. Ammo Allegri jamoasi mehmonlarga hujumda imkoniyat bermadi va g‘alabali hisobni saqlab qoldi.

«Yuventus» A seriyadagi so‘nggi besh turda ilk g‘alabasiga erishdi. Endi turinliklar Chempionlar ligasi uchun kurashdan chiqishi dargumon. Beshinchi o‘rinda kelayotgan «Roma» bilan faqr — yetti ochkoni tashkil etmoqda.

«Ayaks» tarixidagi eng yomon kun

«Ayaks» Erediviziyadagi ishtiroki tarixidagi eng yirik mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Bu eng ashaddiy raqiblardan biri – «Feyyenoord» bilan o‘yinda ro‘y berdi. Amsterdamliklar oltita javobsiz gol o‘tkazib yuborishdi, zarbalar statistikasi esa rotterdamliklar foydasiga 1:30. Qayd etish kerakki, amsterdamliklar posboni Xeronimo Ruli to‘qqiz seyv amalga oshirdi. Agar argentinalik darvozabon o‘zini ko‘rsatmaganida hisob yanada yirikroq ko‘rinish olgan bo‘lardi.

«Feyyenoord» bu g‘alabadan keyin ikkinchi o‘rinni mustahkamladi va keyingi mavsumda Chempionlar ligasida qatnashish uchun katta qadam tashladi. Inqiroz holatidagi «Ayaks» esa faqat Konferensiyalar ligasiga yo‘llanma olishi mumkin. Holbuki ushbu jamoa besh yil oldin YeChL finaliga chiqishiga 30 soniya yetmagandi.

Ko‘proq yangiliklar: