«Manchester Siti» – «Arsenal» o‘yinining 65-daqiqasida hali maydonga tushib ulgurmagan 17 yoshli Maylz Lyuis-Skelli hakam tomonidan ogohlantirildi. Sababi, u Arteta ko‘rsatmasi bilan maydon chetidan borib, darvozabon Rayyaga nimadir dedi, hakam buni sezib, sariq kartochka ko‘rsatdi. Biroz o‘tib Rayya maydonga yotib olgach, o‘yin ma’lum muddatga to‘xtatildi. Bu paytda Arteta butun jamoani oldiga to‘plab, kerakli ko‘rsatmalarni berdi. Arteta Maylz orqali Rayyaga nima deganini tushunish qiyin bo‘lmasa kerak, to‘g‘rimi?
Yaqinda bir podkastda savol ko‘tarildi: Artetaning Gvardiola bilan raqobati xuddi Klopp-Pep darajasiga ko‘tarilib, yakunda Arteta ham nemis murabbiyi kabi sovrinni yutib, niyatiga yetishi mumkinmi?
So‘nggi yillarda «Arsenal», xususan Artetaning ham murabbiy sifatida tizimli shaklda o‘sib borayotganini ko‘rib, bunga faqat bitta to‘siq qolganini aytish mumkin – agar Pep undan avval Angliyadan ketib qolmasa. Aks holda, albatta, ustoz-shogird o‘rtasidagi kuchli raqobatni tomosha qilamiz va katta ehtimol, bir kun Arteta Pepdan ko‘proq ochko to‘plab, chempionga aylanadi, nazarimda.
Endi, ustoz-shogird haqida. Klopp va Pep Gvardiolaning raqobati faqat maydonda kechgan, ikki zamonaviy uslubning haqiqiy kurashi edi. Sakkiz yil Angliyada, undan avvalgi Bundesligani qo‘shsak ham, Klopp hech qachon Pepga qarshi o‘yinlarda o‘z uslubidan voz kechmagan. Pep ham aynan shu tufayli Kloppni yuqori qo‘yar, agar internetni qidirsangiz, ikki murabbiyning bir-birining sha’niga bildirgan juda ko‘p maqtovli gaplarni topish mumkin. Murabbiylar bir-birini rivojlantirgan, bir-birini kuchaytirgan, bir-biriga nimanidir o‘rgatgan ham.
Sulsherning Manchesterdagi yillarida u ko‘p marta «Manchester Siti» ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, hech kim bunga raqobat sifatida qaramagan, Yurgen Klopp darajasiga ko‘tarmagandi. Sababi, norvegiyalik mutaxassis asosan raqibning imkoniyatlarini cheklash orqali g‘alaba qozonishga uringan. Kloppning boshqalardan farqi ham shunda – u doim Gvardiola futboliga qarshi o‘z futbolini stol ustiga qo‘ya olgan, bunday murabbiylar yana ko‘p, muhimi, Klopp shu yo‘l bilan ham ijobiy natijalar qayd eta olgani ham edi.
Hozir masalan, yakshanba kungi o‘yindan keyin aytilyaptiku, «Etihad»da bunday sharoitda har qanday jamoa shunday himoyalanishga majbur bo‘lardi. To‘g‘ri gap. O‘tgan mavsumdagi «Real»ni eslash mumkin. Lekin shuning uchun ham Kloppni eslayapmiz, u har qanday sharoitda, doim Gvardiola bilan jang qilgan.
Arteta va Pep raqobati sal boshqa yo‘nalishga qarab ketayotgandek. Avvaliga hamma uning Londonda yangi «Siti» qurayotganiga guvoh bo‘ldi, bu ayniqsa aynan ustoziga qarshi bahslarda sezilgandi. Arteta Gvardiolaga qarshi dastlabki 10 o‘yindan 9 tasini boy berdi. To‘rt marta yirik hisobda. Keyinchalik, nihoyat «Arsenal» sovrinlar uchun kurashish salohiyatini namoyish qilgani hamono Arteta o‘zgardi. Aynan «Manchester Siti»ga nisbatan.
O‘zaro o‘yinlarning oxirgi to‘rttasida londonliklarda bir g‘alaba va uch durang. Dastlab, superkubok bahsining asosiy vaqtida 1:1 (penaltilar seriyasida «Arsenal» g‘alaba qozondi), keyin Londonda 1:0. «Etihad»dagi oxirgi ikki o‘yin durang hisobda yakunlandi. Asosiy burilish nuqtasi ham aynan shu ikki o‘yin. Mana shu ikki o‘yinda Artetaning Kloppdan farqli jihatlari ko‘zga tashlanishni boshladi. «Etihad»dagi ikki o‘yindagi to‘p nazoratiga qaralsa, 70 ga 30, ha, so‘nggi bo‘limmning ta’siri katta, ammo qizil kartochkadan avvalgi 1-bo‘limda ham 66 ga 34 foiz edi.
Albatta, agar Arteta Simeone yoki Mourinio bo‘lsa, tushunarli, doim shunday, lekin Arteta boshqa o‘yinlarda butunlay boshqa futbolni targ‘ib qiladi, shogirdlari to‘p bilan ham juda kuchli. Tabiiyki, bu Pepga yoqmayapti, umuman, uning murabbiylarga munosabatiga qarab chiqsak, aynan himoyaviy, raqibdan kelib chiqib o‘ynaydiganlarga nisbatan salbiy fikrlari ko‘p. Ora-sira Artetani maqtab qo‘yayotgan bo‘lsa-da, munosabat o‘yindan o‘yinga sovuqlashayotgandek.
«Liverpul» bilan «Arsenal»ning farqi, liverpulliklar Angliyada chempion bo‘lishgan, Chempionlar Ligasini ham yutgan jamoa edi, ular biz bilan doim g‘alaba uchun maydonga tushishgan. «Arsenal»ga nisbatan bunday deyish qiyin», – deydi Bernardu Silva.
Holand esa, so‘nggi o‘yindan keyin Artetaning yoniga borib, «sal kamtarroq bo‘lish» lozimligini uqdira boshladi, keyin esa Jyezus murabbiyning yonini olish uchun yetib keldi, ularni Grilish ajratib qoldi. Bularning hammasi futbolchilarning shaxsiy xulosasi emas, «Manchester Siti» lageridan chiqayotgan munosabat.
Avvalroq, «Manchester Siti» futbolchilari «Arsenal»ning o‘yinni cho‘zish uchun turli yo‘llardan foydalanishini tanqid ostiga olishgandi. Arteta bu haqida ham fikrini biroz sirli shaklda bildirib o‘tdi: «Men to‘rt yil u yerda ishlaganman. Menda barcha ma’lumot bor. Men ham ba’zi narsalarni bilaman».
Aslida Arteta uchun bunday holatlar muvaffaqiyat. Uning jamoasini jiddiy qabul qilishmoqda. U faqat uslubga «sig‘inadigan» Sarri yoki Biyelsa ortidan ketmayotgani, sovrin yutishga urg‘u berib, o‘yinlarga strategik yondashayotgani tahsinga sazovor. Jamoasi butun o‘yin davomida to‘pga egalik qilsa ham yoki umuman to‘pga tegmasa ham, har ikki shartlarda birdek top-daraja namoyish qilayotgani asosiy yutuq. Jamoa o‘tgan yili himoyadagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha butun Yevropada katta farq bilan eng yaxshi bo‘ldi. Saliba – Gabriyel juftligining mavsumdagi darajasi oxirgi o‘n yillikdagi eng yaxshi juftliklar ichida 4-o‘rindagi ko‘rsatkichni qayd etdi. «Arsenal» o‘yin uslubidan tortib, barcha o‘lchovlarda yangi kuch paydo bo‘layotganidan darak bermoqda. Yevrokubok o‘yinlarida o‘ziga bo‘lgan ishonch yoki Angliya chempionatidagi sovrin yetishmayapti, xolos. Ekspertlardan biri to‘g‘ri aytdi – tarix «sal qolganlar»ni esdan chiqaradi. Albatta, Artetaning ham bundan xabari bor.
Ko‘p aytiladi, Angliya Premer ligasi tarixida Fergyuson buyukroqmi yoki Pep Gvardiola? Ko‘pchilik, Pepning ancha qiyin davrda gigemonlik qilayotganiga urg‘u berib, uning mehnatlarini yuqori qo‘yadi, ammo men bu fikrlarga qo‘shilmayman. «Manchester Siti» har qancha kuchli bo‘lmasin, yana bir narsani tan olish kerak – Gvardiola paytida Angliyada Klopp boshqaruvidagi «Liverpul»dan boshqa raqobatbardosh jamoa bo‘lmadi hisob. «Yunayted» va «Chelsi» anchadan beri o‘zi bilan o‘zi kurashmoqda, Arsen Vengerning oxirgi yillarida inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan «Arsenal» endi oyoqqa turdi va hokazo.
Fergyusonning yutuqlaridan biri shunda ediki, u avval Vengerning yengilmas «Arsenal»i, keyin Abramovich va Mourinio, oxirida esa, «Manchester Siti»ning ulkan ishtahasiga to‘qnash keldi va yakunda har bir raqobatni navbatdagi chempionlik bilan yakunladi.
Bugungi «Arsenal» o‘sha darajada kuchga aylanishi uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi va agar Gvardiola bu «Arsenal»ni ham yengib chiqsagina, chindanam APL tarixidagi ikki buyuk murabbiyning biriga aylanishi mumkin, xolos.
Negadir, bu yangi raqobat Yurgen Klopp bilan bo‘lganidan farqli ravishda, asabiyroq, kirroq va albatta, qiziqroq bo‘ladigandek tuyulmoqda. Axir birinchi abzatsdagi voqea sizga ko‘proq Joze Mourinioni eslatib yubormayaptimi? Ha, Pep Gvardiola va Arteta bir vaqtlar birga ishlashgan, Artetada «Manchester Siti» tarixi bor, xo‘sh nima bo‘pti? Mourinio ham o‘z vaqtida futbolchi Gvardiolaning jamoasida ishlagan, uning ham «Barselona» tarixi bo‘lmaganmidi?
Qahramon Aslanov