Sport | 13:53 / 10.03.2025
11551
20 daqiqa o‘qiladi

«Real» «Barsa»ga yetib oldi, «Roma»da g‘alabali seriya. Kun o‘yinlari

Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Palmer endi ideal emas

«Chelsi» — «Lester» 1:0
Gol:
Kukurelya (60). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Palmer (22). 
«Chelsi» — Sanches, Fofana (Chaloba, 73), Adarabioyo, Koluill, Kukurelya, Kaysedo, Fernandes, Netu, Palmer (Jorj, 77), Sancho, Nkunku (Achimpong, 89). 
«Lester» — Hermansen, Jastin (Pereyra, 84), Fas, Koudi, Kristiansen (Rid, 83), Al Hannus (Buonanotte, 78), Ndidi, Sumare (Uinks, 66), Tomas, Vardi, Daka (Mavididi, 84).

Har qanday ish qachondir ilk bor sodir bo‘ladi. Ba’zida hammasi shunchalik mos keladiki, ashaddiy skeptiklar ham raqamlar sehriga ishonib yuborishi mumkin. «Chelsi» yulduzi Palmer yakshanba oqshomigacha APLda aniq ijro etilgan penaltilar bo‘yicha eng yaxshi seriyani qayd etib turgandi. Ushbu havbek qatorasiga 12 urinishdan benuqson foydalangandi, ammo 13-urinishda xato qilib, Hermansenga duelni boy berdi. Natijada ko‘klar jamoasi bu oqshom o‘z safidan boshqa qahramonni izlashiga to‘g‘ri keldi va bu Kukurelya bo‘lib chiqdi. Ispaniyalik himoyachi o‘yinning bir soati ortda qolayotganida raqib jarima maydoni yaqinida to‘pni qabul qilib olib, uzoq burchakka yerlatib ideal zarba yo‘lladi va «Chelsi»ni kuchli to‘rtlikka olib chiqdi, londonliklar «Manchester Siti»ni quvib o‘tdi.

«Manchester Yunayted» — «Arsenal» 1:1
Gollar:
Fernandesh (45+2) — Rays (74). 
«Manchester Yunayted» — Onana, Mazraui, De Ligt, Lindelyof, Yoro (Heven, 46), Dalot, Kazemiro, Eriksen (Kolliyer, 76), Fernandesh, Garnacho, Zirkze (Hoylund, 76). 
«Arsenal» — Rayya, Saliba, Gabriel, Timber, Kalafiori (Lyuis-Skelli, 59), Rays, Parti (Tirni, 76), Merino, Edegor, Trossar, Nvaneri (Martinelli, 59). 
Ogohlantirish: Trossar (45+1).

APLda «MYu»ning «Arsenal»ga qarshi o‘yini doimo turning markaziy o‘yini, shuningdek, ingliz futboli klassikasi. Mezbonlar inqiroz holatida ekaniga qaramay, bu mavsumda kuchli raqiblarga qarshi butunlay boshqacha o‘ynamoqda, bu safar ham istisno qilinmadi.

O‘yinning dastlabki qismi mankunianlar uchun oson kechmadi. «Arsenal» tashabbusni qo‘liga oldi va «MYu»ni jarima maydoniga qamab qo‘ya boshladi va markaziy hujumchi Zirkzeye ham o‘z jamoasi jarima maydoni ichida ham himoyalanishga majbur bo‘ldi.

Faqat mehmonlarning hujumlari samarasiz yakunlandi, uzoq masofadan berilgan zarbalar xavfsiz chiqdi, «Arsenal»ning burchak zarbalari esa umuman ishlamayapti. Jamoa hujum chizig‘idagi jarohatlar bilinmoqda va birinchi bo‘lim davomida kameralar bir necha marta endigina jarohatdan tuzalgan Martinelliga qaratildi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa mezbonlardagi ilk xavfli vaziyat gol bilan yakunlandi.

Garnacho jarima zarbasi ishladi, Bruno darvozani aniq nishonga oldi. To‘p to‘qqizlikka borgani yo‘q, biroq Rayya baribir unga yetib borolmadi. U jonli devordagilarga ishonib, narigi burchakka juda yaqin turib oldi va juda kech reaksiya ko‘rsatdi. Translatsiyada hakam jonli devorni to‘p turgan nuqtadan 11,2 yard masofaga o‘rnatgani aks etgan grafik ko‘rsatildi, qoidaga ko‘ra masofa 10 yard (9,15 metr) bo‘lishi kerak edi. 

Tanaffusda «MYu» majburiy o‘zgarish qildi. 19 yoshli Yoro jarohat tufayli ikkinchi bo‘limga qaytmadi, uning o‘rniga himoya markazida 18 yoshli Heven paydo bo‘ldi. Bunday vaziyatda «Arsenal»da gol urish uchun imkoniyat ortadigandek tuyulgandi, ammo «MYu» ikkinchi bo‘limda hujumkorlikni oshirdi va ketma-ket vaziyatlarga ega bo‘ldi. Avvaliga Mazraviy taxminan yetti metr masofadan, keyin esa Zirkze darvozabon hududidan zarba berdi. Har ikki holatda ham Rayya aybini yuvib, jamoasini gollardan saqlab qoldi.

«Arsenal» qiyin daqiqalardan o‘tib oldi va ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida hisobi tenglashtirdi. Timber o‘ng qanotdan reyd uyushtirib, Raysni to‘p bilan ta’minladi. Angliyalik yarimhimoyachi esa jarima maydoniga kirish qismidan kuchli zarba yo‘llab, Onanaga imkoniyat qoldirmadi.

Oxirgi daqiqalar ham shiddatli kechdi. Jarohat tufayli ikki oy o‘ynay olmagan Martinelli maydonga tushishi mehmonlar o‘yinini jonlantirdi, lekin braziliyalik vinger yakkama-yakka vaziyatdan gol ura olmadi. Shundan so‘ng Hoylund kamida ikkita qulay imkoniyatni ko‘kka sovurdi. Ikkinchi vaziyatda daniyalik hujumchi zarba berishni kechiktirib yubordi va Rays to‘pni uning oyoqlari orasidan olib qo‘ydi.

90+3-daqiqada esa Rayya yana o‘zini ko‘rsatib, bir hujumda ikkita seyv amalga oshirdi va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

1:1 hisobidagi durangdan keyin «Arsenal»da «Liverpul»ni quvib yetish imkoniyatini nolga yaqinlashishda davom etdi — endi oradagi farq 15 ochkoni tashkil etmoqda (bitta zaxira o‘yini bor). «MYu» esa hech bo‘lmaganda turnir jadvalining birinchi yarmiga qaytishga urinmoqda.

Ispaniya: «Atletiko»ni o‘z quroli bilan urishdi

«Xetafe» — «Atletiko» 2:1
Gollar:
Arambarri (88, 90+2) — Syorlot (75, penalti). 
«Xetafe» — Soria, Jyene, Duarte, Alderete, Riko, Terrats, Milya (Xuanmi, 88), Arambarri, Gomes (Bernat, 68), Uche, Rodriges (Mayoral, 62). 
«Atletiko» — Oblak, Molina (Lemar, 58), Le Norman, Langle, Galan, Simeone, Lorente, De Paul (Barrios, 46), Lino (Korrea, 46), Grizmann (Gallaher, 68), Alvares (Syorlot, 58). 
Ogohlantirishlar: Alderete (40), Duarte (40), Le Norman (40), Rodriges (57), Riko (74), Jyene (74), Syorlot (90+8), Xuanmi (90+11). 
Chetlatish: Korrea (88).

«Xetafe» eng yulduzli hujum chizig‘iga ham o‘yin bermasligi mumkin. «Real» va «Barselona» futbolchilari buni o‘z tanalarida his qilishgan. Ammo Xose Bordalas jamoasini Supermen bilan taqqoslasak, uning o‘z kriptoniti bor. Uning nomi — «Atletiko». «Matraschilar» la ligada ushbu jamoaga qarshi 24 ta mag‘lubiyatsiz o‘yin (+20=4) o‘tkazgan, barcha turnirlar qo‘shib hisoblanganda esa bunday seriya 27 o‘yinga yetadi — bu Simeone jamoasining bir raqibga qarshi rekord seriyalari. Biroq yakshanba kuni «Xetafe» muxlislari o‘n to‘rt yil davomida ko‘rmagan voqea sodir bo‘ldi va Bordalas o‘n beshinchi urinishda — uchta durang va o‘n bitta mag‘lubiyatdan so‘ng — birinchi marta Diyego Simeoneni mag‘lub etdi. Ustiga-ustak, argentinalik mutaxassisning o‘ziga xos uslubida!

O‘yinning 75 daqiqasigacha muxlislar Ispaniya chempionatiga xos zerikarli o‘yinni tomosha qilishdi. Keyin esa haqiqiy drama ro‘y berdi. Mezbonlar darvozasiga penalti qo‘yilishi zerikarli o‘yinni turning eng hissiyotli o‘yiniga aylantirdi. Avvaliga VAR darvozabon Soriyaning Le Norman bilan to‘qnashuv paytidagi ehtimoliy qoidabuzarligini o‘rganayotgandek tuyulgandi. Keyin esa bu to‘qnashuvning hech qanday ahamiyati yo‘qligi, chunki darvoza tomon uchib kelayotgan to‘p Alderetaning qo‘liga tekkani ma’lum bo‘ldi. «Xetafe» uchun alamli va achinarli bo‘lgan 11 metrli jarima zarbasini Yevropada mavsumning eng yaxshi jokeri amalga oshirdi — Serlot zaxiradan tushgan o‘yinlarida yettinchi golini urdi.

Odatda bunday o‘yinlarda «Atletiko» uch ochkoni qo‘ldan chiqarmaydi, ammo yana VAR barchasini 180 darajaga o‘zgartirib yubordi, asosiy vaqt yakunlanishiga ikki daqiqa qolganida monitorga yaqinlashgan arbitr Korreani maydondan chetlatdi. Argentinalik vinger to‘pga intilib, butsasining ostki qismi bilan raqibning oyog‘iga zarba bergandi, bu ochiqchasiga qo‘pollik bo‘lib ko‘rinmagan bo‘lsa-da, hakam o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuboradigan qarorni qabul qilishdi. Mehmonlar maydonda nimalar bo‘layotganini anglashga ulgurmasdan Arambarri hisobni tenglashtirdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa aynan u Rikoning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi yo‘nalishini o‘zgartirdi. 29 yoshli urugvaylik aqlbovar qilmas mavsum o‘tkazmoqda — u bungacha Ispaniya chempionatidagi yetti yilda jami 6 gol urgandi, joriy mavsum tugamasidan esa sakkiz gol urishga ulgurdi. Tayanch yarimhimoyachisi uchun bu haqiqiy anomaliya. «Atletiko» uchun — alamli yakun, jamoa bu turdagi o‘yini qoldirilgan «Barselona»ni quvib o‘tib, birinchi o‘ringa ko‘tarilish imkoniyatidan foydalana olmadi.

«Real» — «Rayo Valekano» 2:1
Gollar
: Mbappe (30), Vinisius (34) — Dias (45+2). 
«Real» — Lunin, Vaskes, Asensio, Alaba, Garsiya, Modrich, Chuameni, Rodrigo (Valverde, 68), Bellinghem (Dias, 86), Vinisius, Mbappe (Kamavinga, 79). 
«Rayo Valekano» — Batalya, Ratsiu, Lejyen, Ernandes, Pacha (Gvardiola,  84), Dias (Balliu, 70), Siss (Lopes, 85), Embarba (Valentin, 70), Gumbau (Trexo, 70), Chavarriya, Garsiya.
Ogohlantirishlar: Gumbau (63), Vinisius (79), Chuameni (85), Modrich (90+3).

«Real» ham bu turda statistik jihatdan qulay raqib bilan to‘qnash keldi, madridliklar bu raqibga qarshi «Santyago Bernabeu»da qatorasiga o‘n besh o‘yinda yutqazmagan. Qaymoqranglilarga ham oson bo‘lmadi, ammo «Atletiko»dan farqli o‘laroq, Karlo Anchelotti jamoasi kerakli natijaga erishdi. Holbuki jamoa o‘z uyida juda yomon statistika qayd etib, umumiy zarbalar soni bo‘yicha ham (10-20), darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar soni bo‘yicha ham (5-6) va to‘p nazorati bo‘yicha ham (46 ga 54) ortda qolgandi. Ammo mehmonlar o‘z imkoniyatlaridan faqat bitta gol urishdi, Pedro Dias birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda yo‘llagan kuchli zarbadan keyin to‘p avval to‘singa bordi, keyin esa darvoza chizig‘ini kesib o‘tib, yana tashqariga qaytib chiqdi, gol VAR orqali inobatga olindi.

Lekin bungacha «Qirollik klubi» hujum chizig‘i yulduzlari bir martadan o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishgandi. Mbappe qanotda Vinisius Juniordan pas qabul qilib olib, katta tezlikda jarima maydoniga kirib bordi va himoyachini ortda qoldirib, to‘pni olis burchakka aniq yo‘lladi. Bir necha daqiqa o‘tib esa braziliyalik vingerning o‘zi shu qanotda raqiblarni yosh bolalarcha dog‘da qoldirdi. U avvaliga to‘pni jarima maydoniga olib kirib, keyin yana qanotga olib ketdi, keyin yana ikki himoyachi orasidan o‘tib jarima maydoniga kirdi va finti bilan himoyachining boshini aylantirib tashlab, to‘pni burchakka yo‘naltirdi. Ikkinchi bo‘limda «Real» g‘alabali hisobni ushlab qoldi va ochkolar soni bo‘yicha «Barselona»ga yetib oldi. Keyingi turda esa «Atletiko» va «Barsa»ning o‘zaro o‘yini natijasiga ko‘ra yaqqol peshqadamga aylanib olishi ham mumkin.

Italiya: «Napoli» «Inter»ni uzoqlashtirmayapti

«Napoli» — «Fiorentina» 2:1
Gollar:
Lukaku (26), Raspadori (60) — Gudmundsson (66) 
«Napoli» — Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Buonjorno, Politano (Olivera 82), Lobotka, Gilmor, Maktominey (Billing 86), Spinatssola (Jyezus 90+1), Lukaku, Raspadori (Simeone 87) «Fiorentina» — De Xea, Komutsso (Moreno 74), Mari, Raniyeri (Pongrachich 59), Dodo, Kataldi (Beltran 82), Fajoli, Ndur, Parizi (Gozens 58), Gudmundsson, Ken
Ogohlantirishlar: Buonjorno (48), Gudmundsson (64), Pongrachich (88).

Besh turdan beri g‘alaba qozona olmayotgan «Napoli» (=4-1) 25-yanvardan beri ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi va «Inter»ning oldinga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Neapolliklar skudetto uchun kurashda davom etmoqda va amaldagi chempiondan atigi 1 ochko ortda qolmoqda. Antonio Kontening baxtiga Lukaku o‘z vaqtida uyg‘ondi va mavsumdagi o‘ninchi golini urdi, u o‘n ikkinchi marta kuchli beshlik ligalarida ikki xonali ko‘rsatkichga erishmoqda. Bu birinchi bo‘lim o‘rtalarida markazga siljigan Maktominay uzoq masofadan yo‘llagan zarbadan keyin De Xea to‘pni belgiyalik forvardning oyog‘iga tashlab berishidan keyin ro‘y berdi. Ikkinchi bo‘limda esa Lukaku o‘z uslubida to‘pni gavdasi bilan to‘sgan holda jarima maydoniga golli uzatma amalga oshirdi. «Fiorentina» tezda Moyze Kin va Gudmundssonning kombinatsiyasi bilan hisobni qisqartirdi, ammo mehmonlarning bundan ortig‘iga kuchi yetmadi.

«Empoli» — «Roma» 0:1
Gol:
Soule (1). 
«Empoli» — Silvestri, Goglichidze (Kampaniyello, 87), Marianuchchi, De Shilio (Sambiya, 46), Gyasi, Grassi, Henderson (Kovalenko, 67), Pesselya, Espozito (Konate, 67), Kakache, Kolombo (Kuame, 46). 
«Roma» — Svilar, Nelsson, Hummels, Ndika, Abdulhamid (Rench, 65), Kone, Paredes (Kristante, 65), Saloh-Eddin (Anxelino, 65), Soule (Baldanzi, 81), Pellegrini, Shomurodov (Dovbik, 72). 

Mavsumning birinchi qismida ikki bosh murabbiyni ishdan bo‘shatgan «Roma» turnir jadvalining ikkinchi qismidan chiqa olmay qolgandi, keyin esa Klaudio Raniyeri keldi va barchasini joy-joyiga qo‘ya boshladi. 73 yoshli mutaxassis qadrdon jamoasi chorlovidan keyin pensiyaga chiqish haqida unutdi, uni «bo‘rilar» o‘n ikkinchi o‘ringa mixlangani ham, o‘n ikki turda atigi o‘n uch ochko jamg‘arilgani ham to‘xtata olmadi. Noyabrdan buyon Raniyeri boshqaruvida rimliklar 33 ochko jamg‘arishdi.

Aynan ushbu mutaxassis davrida o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov ham asosiy tarkibga qaytdi va jamoasi g‘alabalariga hissa qo‘shib kelmoqda. Yakshanba kuni «Empoli»ga qarshi o‘yinda Shomurodov boshlab bergan hujumda Soulening 22-soniyadayoq urgan goli g‘alaba uchun yetarli bo‘ldi. Opta kompaniyasi A seriya statistikasini yuritishni boshlaganidan beri (2004/05 yillar mavsumi) bu «Roma»ning eng tezkor goli bo‘ldi. Bundan oldingi rekord 30-soniyada hisobni ochgan Franchesko Tottiga tegishli edi.

Qatorasiga besh g‘alabadan keyin (12 mag‘lubiyatsiz seriya) jamoa yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘rin bilan oradagi farqni to‘rt ochkoga qisqartirgan, «Fiorentina» va «Milan» esa ortda qoldirilgan.

«Yuventus» — «Atalanta» 0:4
Gollar:
Retegi (29, penalti), De Ron (46), Dzappakosta (66), Lukman (77). 
«Yuventus» — Di Gregorio, Vea (Kosta, 53), Gatti (Kalulu, 54), Kelli, Kambiyazo, Tyuram, Lokatelli, Yildiz (Kopmeyners, 46), Makkenni, Gonsales (Mbangula, 53), Kolo-Muani (Vlahovich, 75). 
«Atalanta«» — Karnezekki, Jimsiti, Hin, Kolashinats (Toloy, 84), Bellanova, De Ron, Ederson (Pashalich, 80), Zappakosta, Kuadrado (Breshianini, 46), Retegi (de Ketelare, 61), Lukman (Samarjich, 80). 
Ogohlantirishlar: Hin (41), Yildiz (44).

«Inter» (1:0) ustidan g‘alabani ham o‘z ichiga oluvchi besh o‘yinlik seriya «Yuventus»ning «Atalanta»ga qarshi o‘yini oldidan kutilmalarni haddan tashqari oshirib yuborgandi. Birinchi bo‘limda turinliklar munosib o‘yin ko‘rsatishdi, ammo juda alamli gol o‘tkazib yuborishdi. To‘p jarima maydoni ichida qo‘lga tegishi (Makkennining omadi kelmadi) - doim alamli. Shundan keyin mezbonlar tashabbusni to‘liq boy berishdi va tanaffusgacha yana bir necha gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Faqat darvoza ustunlari yoki to‘sini va Di Gregorioning seyvlari jamoani o‘yinda saqlab turdi.

Faqat tanaffusda Tiagu Motta jamoasini o‘ziga keltira olmadi va «Atalanta» tezkorlik bilan ustunlikni ikki barobarga oshirdi. Darvozabonning navbatdagi seyvidan so‘ng de Ron darvozani ishg‘ol qildi. Dzappakosta ham o‘z nomini 
tabloga yozdirib qo‘ygach, o‘yinda intriga qolmadi. Keyin esa Lukman hisobni sharmandali ko‘rinishga keltirdi. «Yuve» 1967 yil 22 oktyabrda «Torino» bilan derbidan beri o‘z uyida to‘rtta to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘lmagandi. Endi dushanba kuni «Latsio» «Udineze» ustidan g‘alaba qozonsa, «keksa sinioralar» kuchli to‘rtlikni tark etishi mumkin.

Germaniya: «Ayntraxt» to‘xtamoqda

«Ayntraxt» — «Union» Berlin 1:2
Gollar: 
Batshuayi 13 – Kverfeld 62, Chjon Vu Yen 78
Aniq ijro etilmagan penalti: Ekitik 90+5
«Ayntraxt» — Trapp, Braun, Tuta, Kollinz, Kristensen, Xeylund, Larsson (Dina-Ebimbe, 79), Shaibi (Vai, 71), Uzun (Knauff, 79), Baoyya (Getse, 60), Batshuayi (Ekitik, 60)
«Union» Berlin — Rennov, Diogu Leyte, Kverfeld, Duki, Yuranovich, Tuzar (Shefer, 55), Hedira, Haberer (Chjon Vu Yen, 71), Trimmel (Rote, 71), Ilich (Lyubichich, 84), Skarke (Hollerbah, 55), 

Bir kun oldin uchinchi o‘rindan ayrilgan «Ayntraxt» trenddan qolishmaslikka qaror qilgandek edi. Shanba kuni Chempionlar Ligasining barcha ishtirokchilari («Bavariya», «Bayyer» va «Borussiya» Dortmund) o‘z o‘yinlarida yutqazgandi, bir kun o‘tib esa ularni Germaniyaning Yevropa Ligasidagi so‘nggi vakili «qo‘llab-quvvatladi». Hatto Batshuayining Bundesligadagi birinchi gol ham yordam bermadi, chunki «burgutlar»ning qishda sotib olingan yangi futbolchisining goliga berlinliklar tanaffusdan keyin ikkita gol bilan javob berishdi. Frankfurtliklar bundesligada ketma-ket uchinchi marta mag‘lub bo‘lishdi: yaqindagina uchinchi o‘rinni egallab turgan jamoa mo‘jiza tufayli kuchli to‘rtlikda qolmoqda. Bunga bir kun avval ikki raqobatchi - «Frayburg» va «Leypsig» o‘zaro o‘yinni golsiz durang bilan yakunlagani yordam berdi.

Mavzuga oid