Sport | 09:50 / 20.04.2025
20659
15 daqiqa o‘qiladi

Shomurodov «Roma»ga g‘alaba keltirdi, «Barsa»da chempioncha kambek. Kun o‘yinlari

17 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan rimliklar YeChL yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. «Atletiko» poygani uzil-kesil tark etdi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Getty Images

Angliya: «Siti» Moyyesning sirini topdi

«Everton» — «Manchester Siti» 0:1
Gollar:
O’Rayli 84, Kovachich 90+2  
«Manchester Siti»: Ortega, Nunes, Diash, Gvardiol, O’Rayli, Gonsales (Kovachich, 78), Silva, Gundo‘g‘an, De Bryuyne (Akanji, 88), Savinio (Doku, 78), Marmush.
«Everton»: Pikford, Mikolenko, Brentueyt, Tarkovski (Kin, 52), O'Brayyen, Guyye (Iroegbunam, 79), Garner, Dukure, Harrison (Maknill, 79), Ndiayye (Alkaras, 79), Broya (Betu, 63).

«Manchester Siti» joriy mavsumda «katta oltilik» vakillarining birortasi uddalay olmagan ishni bajardi. Aniqroq aytganda — «Everton» har qanday raqibga muammo tug‘diradigan «Gudison Park»da g‘alaba qozondi. «Shaharliklar»ham ushbu stadionda so‘nggi mavsumni o‘tkazayotgan mezbonlarning ishtiyoqini o‘z tanasida his qilishdi, hisob 0:0 holatida jamoani ustun va Ortega gollardan qutqarib qoldi. O‘yin oxirida, Marmush qulay vaziyatni boy berganida esa, O'Rayli ushbu forvardga qanday harakatlanish bo‘yicha o‘rnak bo‘ldi. Qatorasiga ikkinchi o‘yinda raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan lateral hujumga ideal tarzda qo‘shilib, raqib himoyachisidan ildamroq harakatlandi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Kovachich «irislar»ni uzil-kesil taslim qildi. Xosep Gvardiola shogirdlari endi turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinda. Ta’qibchilar yaqin joylashgan bo‘lsa-da, endi uchinchi o‘rindagi «Nyukasl» bilan oradagi farq bittagacha qisqargan.

«Aston Villa» — «Nyukasl» 4:1
Gollar:
Uotkins 1, Matsen 64, Bern 73 (avtogol), Onana 75 – Sher 18.
«Aston Villa» – Martines, Kesh, Konsa, Mingz, Matsen, Kamara (Barkli, 82), Tilemans, Rodjyers (Malen, 82), Asensio (Onana, 72), Makginn, Uotkins (Reshford, 82).
«Nyukasl» — Pop, Trippiyer (Kraft, 76), Bern, Sher, Livramento, Gimaraes, Tonali, Myorfi, Isak (Uilson, 76), Joelinton, Barns.

Hafta o‘rtasida «Kristal Pelas»ga qarshi qoldirilgan uchrashuvda yirik hisobda g‘alaba qozongan «qarg‘alar» Birminghemda ashaddiy raqib tomonidan tor-mor etildi: Chempionlar ligasida o‘ynash yoqib qolgan «Aston Villa» keyingi mavsum uchun yo‘llanmadagi to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibga qarshi hech qanday imkoniyat qoldirmadi. O‘tgan mavsumda ushbu klubga qarshi ikki o‘yinda ham yirik hisoblarda mag‘lub bo‘lgan (1:5, 0:3) Unai Emeri shogirdlari ilk daqiqadan hujumga tashlanishdi va Uotkins birinchi hujumdayoq hisobni ochdi. Mehmonlar birinchi bo‘limdayoq javob qaytarishdi, ikkinchi bo‘limda esa yana uchta gol qabul qilib olishdi. Keyingi mavsumda YeChLda Angliyadan besh jamoa qatnashadi, birminghemliklar esa hozirda oltinchi o‘rinda. Jamoa hisobidagi ochkolar soni tur o‘yinini yakshanba kuni o‘tkazadigan «Nottinghem»niki bilan bir xil, to‘rtinchi o‘rindagi «Manchester Siti» bilan oradagi farq — atigi bir ochkoni tashkil etmoqda. Bahor boshlanganidan buyon «Villa» o‘z uyida juda yaxshi o‘ynamoqda va qatorasiga olti g‘alabali uchrashuvning har birida kamida ikkitadan gol urgan. Jamoada bunday seriya 1990 yildan buyon kuzatilmagandi.

Ispaniya: «Atletiko» uchun shok holati

«Barselona» – «Selta» 4:3
Gollar:
Torres 12, Olmo 64, Rafinya 68, 90+8 (pen)  – Iglesias 15, 52, 62. 
«Barselona» – Shchesni, Kubarsi (Garsiya, 87), Martines, Martin (Viktor, 88), Kyunde, Pedri, De Yong, Lopes (Olmo, 59), Torres (Yamal, 59), Rafinya, Levandovski (Gavi, 78)
«Selta» – Guaita, Rodriges, Lago, Karreyra, Alonso, Duran (Lopes, 74), Beltran, Moriba (Sotelo, 89), Svedberg (Gonsales, 60), Losada (Mingesa, 46), Iglesias (Aspas, 73).

Seshanba kuni Dortmundda muxlislar ilk bor imkonsiz holatdagi «Barselona»ga guvoh bo‘lishgandi. Shanba oqshomida ham ko‘k-anorranglilar o‘z maydonidagi o‘yinda Borxu Iglesiasni to‘xtata olmasdan, qiyin ahvolga tushib qolishdi. O‘z vaqtida «Betis»da porlagan, ammo Germaniyada («Bayyer»ga ijaraga berilganida) o‘zini ko‘rsata olmagan tajribali forvard vataniga qaytib, XXI asrda faqat Diyego Forlan uddalagan ishni takrorladi. Aniqroq aytganda — Kataloniya poytaxtidagi safar o‘yinida het-trik qayd etdi va o‘yinning bir soati ortda qolganida tabloda («Borussiya» bilan o‘yindagi kabi) 1:3 raqamlari yonib turardi.

«Barsa» mudofaasi shu kuni ochiq eshiklar kunini yodga solardi va Iglesias uchinchi golini maydon markazidan qochib ketib, yakkama-yakka holatga chiqib borgan holatda urdi. Ammo Hansi Flik jamoasini shu kuni tinim bilmagan Rafinya qutqarib qoldi. Braziliyalik vingerning navbatdagi benefisi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Dani Olmoga pas berish bilan boshlandi. Bir necha daqiqa o‘tib uning o‘zi Yamalning uzatmasidan keyin bosh bilan aniq zarba berdi. 1:3 hisobi besh daqiqa ichida 3:3 ko‘rinishiga o‘zgardi. Va bu hali yakun emasdi. 90-daqiqada Mingesa bir necha metr masofadan turgan holatda bo‘sh darvozani ishg‘ol etib, sobiq jamoasini ranjitishi mumkin edi, o‘yin taqdirini esa Rafinya ijrosidagi penalti hal etdi.

Bu mavsumdagi 48 o‘yinda ushbu braziliyalik 30 gol urgan va 21 golli uzatma muallifi bo‘lgan. Bunday ko‘rsatkichni Neymar «Barsa»dagi eng yaxshi mavsumida qayd etgandi (49 o‘yinda 31+20) va aytish mumkinki, brazillarning bu boradagi ko‘rsatkichi yangilanishiga ko‘p vaqt qolmadi. Bu oqshomdagi aql bovar qilmas kambek esa chempionlik poygasida muhim bo‘lishi mumkin. Kataloniyaliklar yana «Real»dan yetti ochkoga oldinda va Madridning javobini kutadi.

«Las-Palmas» – «Atletiko» 1:0
Gol:
Munyos 90+5.

Kun sensatsiyasi — «Atletiko» turnir jadvalining quyi qismida kelayotgan «Las-Palmas» maydonida yutqazib qo‘yishi bo‘ldi. Mezbonlar darvozaboni Xorkash Juliano Simeone qanotdan ajoyib uzatmalari bilan Xulian Alvares va Aleksandr Syorlotni qulay vaziyatlarga chiqarganida, fenomenal seyvlar amalga oshirib, birinchi bo‘lim qahramoni bo‘ldi. O‘yin taqdirini esa arbitr tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda «matraschilar» jarima maydoni ichidagi komedik vaziyat hal qildi. Tajribali Ximenes qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va g‘alaba golini urgan Munyos muxlislarni aqldan ozdiray dedi. Fanatlar muhim g‘alabani futbolchilar bilan nishonlash uchun to‘siqni buzib o‘tishiga bir baxya qoldi.

«Atletiko» esa endi peshqadam «Barselona»dan 10 ochkoga ortda qolmoqda va amalda chempionlik kurashidan butkul chiqdi.

Italiya: Hamshik izidan

«Monsa» — «Napoli» 0:1
Gol:
Maktominey 72.
«Napoli»: Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Marin, Olivera (Raspadori, 64), Gilmur, Lobotka, Maktominey, Politano (Ngonge, 85), Spinatssola, Lukaku  (Simeone, 79).

«Napoli» skudetto uchun poygada qoqilmayapti va kamida yakshanba kungi o‘yinlar yakuniga qadar to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha «Inter»ga tenglashib oldi. Antonio Konte jamoasi qilishi kerak bo‘lgan ishni qildi, ammo ligani tark etishga mahkum bo‘lgan «Monsa» ustidan qozonilgan g‘alabani oson qo‘lga kiritildi deb bo‘lmaydi. Aksincha, autsayder o‘yin davomida muntazam ravishda hujum uyushtirdi. Ammo o‘yin davomida bir necha bor mezbonlarni qutqarib qolgan darvozabon Turati Raspadorining uzatmasi vaqtida to‘pga chiqishda xato qildi va bundan Maktominay foydalanib ketdi. Shotlandiyalik yarimhimoyachining boshda yo‘llagan aniq zarbasi — joriy mavsumdagi to‘qqizinchi goli bo‘ldi va bu jiddiy natija. Gap shundaki, «Napoli» A seriyaga qaytgan 2007/08 yillar mavsumidan buyon faqat birgina yarimhimoyachi ilk mavsumida bu kabi sermahsullik namoyish etgan. Maktominay faqat «Napoli» afsonasi Hamshik uddalagan ishni bajardi.

«Roma» — «Verona» 1:0
Gol:
Eldor Shomurodov 5
«Roma» — Svilar, Chelik, Manchini, Ndika, Kristante, Anxelino, Kone, Soule, Baldanzi, Salemakers (Dovbik, 70), Shomurodov (Al Sha’roviy, 80).
«Verona» – Montipo, Gilardi, Koppola, Chatchua, Valentini, Duda, Davidovich (Serdar, 57), Belaen (Suslov, 57), Bradarich, Sarr, Moskera.

Klaudio Raniyeri Shomurodovga ishonch bildirishi navbatdagi marta ish berdi, o‘yin boshida Soule qanotdan reyd uyushtirganda o‘zbekistonlik forvard kerakli joyda paydo bo‘ldi. «Roma» hozircha «Latsio»ni quvib o‘tdi va yevrokubokka yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘ringa ko‘tarildi. Shu bilan birga, «bo‘rilar» beshinchi o‘rindagi «Bolonya»dan faqat qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli ortda qolmoqda, Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rinda joylashgan «Yuventus» bilan oradagi farq esa ikki ochkoni tashkil etmoqda. Endi jamoa raqobatchilarning yakshanba kungi o‘yinlari natijasini kutadi. Hozircha esa shuni aniq aytish mumkin: «Roma»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi 17 turdan buyon davom etmoqda (+12=5). Bu esa 2016 yil boshida rimliklar Luchano Spalletti boshqaruvida qayd etgan seriya takrorlanishidir.

Raniyeri kelganidan keyin «Roma»da qoladigan bo‘lgan Eldor Shomurodov esa yana bir bor o‘yinning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.

Germaniya: «Bavariya» titulga intilmoqda

«Haydenhaym» — «Bavariya» 0:4
Gollar:
Keyn 13, Laymer 19, Koman 36, Kimmih 56
«Bavariya» – Urgbig, Laymer (Boe, 46), Dayyer, Stanishich, Gerreyru, Kimmih, Pavlovich, Olise (VidovichYu 74), Gnabri, Koman (Sane, 63), Keyn (Myuller, 63)

«Bavariya» chempionlik sari navbatdagi qadamni Keynning birinchi golidagi kabi ishonch bilan tashladi. Va bu Laymerni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yuborgan Gnabrining pasi kabi chiroyli bo‘ldi. Koman va Kimmih urgan gollar esa — jamoalar saviyasidagi farqni yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Vensan Kompani jamoasi «Bayyer»ga chempionlikni himoya qilishga imkon qoldirmayapti.

«Leypsig» — «Holshtayn» 1:1
Gollar:
Sheshko 74 – Masino 44

«Mayns» — «Volfsburg » 2:2
Gollar:
Jaye Sun 37, Kox 40 – Arnold 3, Vavro 89.

Turnir jadvalidagi vaziyat nuqtayi nazaridan eng qiziq kurash to‘rtinchi o‘rin uchun kechmoqda. Real vaqt rejimida «Leypsig» to‘rtinchi o‘yinni boy berib, «Mayns»ni yana oldinga o‘tkazib yubordi, maynsliklar o‘z o‘yinida birinchi bo‘lim oxiridagi uch daqiqada 0:1 hisobini 2:1 ko‘rinishiga keltirgandi. Ammo yakunda joriy mavsumda sensatsiya ko‘targan jamoa Arnoldning qurboniga aylandi. «Volfsburg» yarimhimoyachisi o‘yin boshida o‘z uslubida uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab, hisobni ochgandi. U jarima zarbalaridan urgan gollari sonini 21 taga yetkazib, bundesliganing so‘nggi 20 yillikdagi eng yaxshi jarima ustalari — Diyego va Roysga tenglashib oldi. O‘yin oxirida esa Arnold burchakdan oshirgan to‘pni himoyachi Vavro golga aylantirib, muvozanatni tikladi.

«Leypsig» ham ikkinchi bo‘lim davomida Sheshko urgan gol evaziga bir ochkoga ega bo‘ldi. Ikki durang — raqobatchilar uchun sovg‘a bo‘ldi. Xususan, «Frayburg» g‘alabani qo‘ldan boy bergan «Mayns»ni oltinchi o‘ringa tushirib yubordi va to‘rtinchi o‘rin bilan oradagi farqni atigi bir ochkoga qisqartirdi. Yakshanba kuni Menhengladbahning «Borussiya» klubi ham YeChL yo‘llanmasiga da’vogarlar safiga qo‘shilishi mumkin. Buning uchun esa Dortmundda g‘alaba qozonish talab etiladi. Katta ehtimol bilan, tur yakunlariga ko‘ra, uchinchi o‘rindagi «Ayntraxt» oldinga chiqib ketadi. Buning uchun shu hafta Yevropa ligasini chorakfinalda tark etgan «burgutlar» bu mavsumda ko‘p o‘yinlarda darvozasi daxlsizligini saqlab qolayotgan «Augsburg» mudofaasini yorib o‘tishi kerak bo‘ladi.

Kun statistikasi

Bundesliga tarixida 1-marta birinchi bo‘limda sakkiz gol urilib, 4:4 hisobi qayd etildi. Bu «Union» va «Shtutgart» o‘yinida kuzatildi.

APLda «Brentford» forvardlari Mbeumo ham, Vissa ham gol urgan o‘yinlar soni 18 taga yetdi. Turnir tarixida faqat yetti bor shunday hujum juftligi bo‘lgan.

«Brayton»ning 34 yoshli forvardi Uelbek faoliyatida ilk bor APLning bir mavsumida 9 gol va 13 golli uzatmaga erishdi.

«Barselona» forvardi Rafinya o‘tgan yil boshidan buyon bergan golli uzatmalar soni 26 taga yetdi. Top-5 ligalarda bu davr oralig‘ida braziliyalik futbolchi bu borada faqat «Liverpul» yulduzi Salohdan ortda (29).

 

Mavzuga oid