Sport | 07:53 / 23.04.2025
21909
12 daqiqa o‘qiladi

«Siti» so‘nggi daqiqada g‘alabani ilib ketdi, «Barsa» 40 ta zarbadan bitta gol urdi. Kun o‘yinlari

Hafta o‘rtasida Yevropa chempionatlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Marc Atkins/Getty Images

Angliya: «Villa»ning komplekslari

APL. 34-tur
«Manchester Siti» — «Aston Villa» 2:1
Gollar:
Silva (7), Nunesh (90+4) — Reshford (18, penalti).
«Manchester Siti» — Ortega, Nunesh, Diash, Gvardiola, O'Rayli, Gundo‘g‘an, Kovachich, Silva, de Bryuyne (Akanji, 90+5), Makeyti (Doku, 74), Marmush. 
«Aston Villa» — Martines, Kesh (Disasi, 61), Konsa, Torres, Din, Kamara, Onana (Asensio, 76), Rojyers (Malen, 86), Tilemans, Remzi (Makginn, 61), Reshford (Uotkins, 76). 
Ogohlantirishlar: Din (35), Rojyers (50), Gvardiol (70), Nunesh (77), Uotkins (85), Silva (86).

Angliyada «Liverpul» va «Arsenal» birinchi va ikkinchi o‘rinlarni hech kimga berib qo‘ymasligi kundek ravshan. YeChLga yo‘llanma beruvchi keyingi uch o‘rin uchun esa qattiq kurash ketmoqda. Mavsum yakuniga qadar besh tur qolganida uchinchi o‘rindagi «Nyukasl» va yettinchi o‘rinda kelayotgan «Aston Villa» o‘rtasida atigi ikki ochkolik farq bor edi.

Shuning uchun hafta oxirida «Uembli»da Angliya kubogi yarimfinalida o‘ynaydigan «Manchester Siti» ustozi Xosep Gvardiola «Aston Villa»ga qarshi o‘yin oldidan jamoasini navbatdagi final kutayotgani haqida gapirdi. «Shaharliklar» va birminghemliklar o‘zaro o‘yinda g‘olib bo‘lgan jamoa uchinchi o‘ringa chiqib olardi.

Mehmonlar esa 20-soniyadayoq hisobni ochishi mumkin edi: Markus Reshford «Siti» mudofaasidagi xatolikdan foydalanib, jarima maydoniga yorib kirdi va uzoq burchakka zarba yo‘lladi, ammo to‘p ustunga bordi. Gvardiola jamoasi tezda o‘ziga keldi. Mezbonlar darhol tashabbusni qo‘lga oldi, 7-daqiqada Ruben Diash chap qanotga diagonal pas berdi, Marmush jarima maydoniga kirib keldi va orqaroqqa to‘p uzatdi, Emiliano Martines Bernardu Silvaning zarbasiga ulgurdi, ammo to‘p baribir to‘rga borib tushdi.

«Siti» ustunlikka erishgach, hujum qilishda davom etdi, mehmonlarning rejasi o‘zgarmadi: Unai Emeri shogirdlari maydonga qarshi hujumlarda omadini kutardi. 16-daqiqada Jyeykob Remsi jarima maydoniga yorib kirdi va Ruben Diash bilan kontaktdan keyin yiqildi, hakam Kreyg Pouson videotakrorni borib ko‘rib, 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, Reshford esa qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi – 1:1.

«MYu»dan ijaraga olingan forvard «Siti»ning joriy mavsumda o‘z stadionida o‘tkazib yuborilgan gollari sonini 22 taga yetkazdi, bu esa 2003/04 yillar mavsumidan buyon eng yomon ko‘rsatkich (24 gol). Gvardiola murabbiylar zonasida shou uyushtirishda davom etdi, zaxira hakami bilan hissiyotli suhbatidan keyin sariq kartochka oldi. U butun o‘yin davomida maydon chetida turib, faol ravishda e’tiroz bildirdi va operator e’tiborini o‘ziga qaratdi. Natija muhimligi Gvardiolani katta bosim ostida qoldirgandi.

«Siti» to‘pga egalik qildi va tez-tez hujum uyushtirdi, «Aston Villa» tezkor qarshi hujumlar bilan javob qaytardi. Lekin Emeri futbolchi almashtirishda hayalladi va tezkor Doniel Malenni faqat o‘yin oxirida, 86-daqiqada maydonga tushirdi. Gvardiola esa o‘yinda burilish yasash harakatlarini 74-daqiqada, dribling va tezkorligi evaziga kutilmaganda raqib jarima maydonida paydo bo‘lib, darvozaga xavf tug‘diradigan Jyeremi Dokuni maydonga tashlash orqali boshlagandi.

80-daqiqada «Siti» yana bir bor darvozani ishg‘ol etdi. Lekin uzatma berilgan vaqtda Omar Marmush ofsaydda qolgandi va gol inobatga olinmadi. Gvardiola bu vaqtga kelib hafsalasi pir bo‘lgan va tushkun holatda edi. Endi kameralar asabiy Emerini ko‘proq kuzata boshladi. «Aston Villa» uchun «Etihad»da durang qayd etish ham ajoyib natija edi.

Ammo mehmonlar hisobni ushlab qololmadi. 90+4-daqiqada Doku chap qanotdan oldinga tashlanib, «Aston Villa» darvozaboni hududiga to‘p oshirdi. To‘p esa barchadan o‘tib ketdi va narigi tomondan jarima maydoniga kirib kelgan Mateus Nunes hech qanday qarshilikka uchramasdan g‘alaba golini urdi – 2:1. «Siti» vaqtinchaga bo‘lsa ham uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Etihad»da qatorasiga o‘n beshinchi bor yutqazgan «Villa» esa raqobatchilardan ko‘p o‘yin o‘tkazgan holda yettinchi o‘rinda qoldi.

Ispaniya: «Real»ga sovg‘a bo‘lmadi

La Liga. 33-tur
«Barselona» — «Malyorka» 1:0
Gol:
Olmo (46).
«Barselona» — Shesni, Garsiya, Arauxo, Martines, Fort (Martin, 77), Gavi, Pedri, Yamal (de Yong, 87), Olmo (Lopes, 62), Fati (Rafinya, 62), Torres (Viktor, 77). 
«Malyorka» — Roman, Morey, Vallent, Raillo, Kopete, Moxika (Lato, 81), Xosabed (Valeri, 81), Maskarel (Salas, 86), Koshta (Domenek, 66), Darder, Larin (Prats, 86). 
Ogohlantirish: Koshta (25).

Oldingi haftalarda tig‘iz taqvim tufayli «Real» o‘yinlarni boykot qilish bilan tahdid qilgandi. Endi esa kataloniyaliklar klubi rahbariyati ham jahl otiga mindi va odatda diplomatik yo‘l tutadigan Hansi Flik ham Ispaniya chempionati taqvimini tuzuvchilarga zaharini sochdi. Murabbiyni tushunish mumkin, chunki jamoa jarohatlar tufayli Balde ortidan Levandovskini ham yo‘qotdi. Endi polshalik hujumchi shanba kuni «Real»ga qarshi Ispaniya kubogi finalini ham, Chempionlar ligasida «Inter»ga qarshi ikki yarimfinalni ham o‘tkazib yuboradi.

Seshanba oqshomida esa — kuchsiz mavsum o‘tkazayotgan va Kataloniya poytaxtida 17 yildan buyon g‘alaba qozonmagan «Malyorka»ga qarshi o‘yinda — ko‘k-anorranglilar tarkibda rotatsiya qildi. Boshlang‘ich tarkibda mudofaa pozitsiyasi markazida Erik Garsiyaga ham, Fort va hatto Ansu Fatiga ham joy topildi. Ushbu trio joriy yil boshidan buyon jami o‘ttiz daqiqadan ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgandi. Fatini esa startda o‘tgan yil 20 oktyabridan buyon ko‘rishmagandi. Uning birinchi bo‘limdagi xato zarbalarini ham undagi o‘yin amaliyoti yo‘qligi izohlaydi. Chap qanot vingeri pozitsiyasida tushgan futbolchi ayniqsa tanaffus arafasida o‘ta qulay imkoniyatni qo‘ldan boy berdi.

Kataloniyaliklarning boshqa futbolchilari ham imkoniyatdan foydalana olmadi, jamoa birinchi bo‘limning o‘zida 24 zarba yo‘llab (5 tasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan), tablodagi nollarni o‘zgartira olmadi. La ligadagi o‘yinlarni 2003 yildan buyon kuzatib kelayotgan Opta statistiki kompaniyasi shu vaqtgacha birinchi bo‘limda shuncha zarbadan keyin ham hisob ochilmaganini qayd etmagandi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilanoq jarima maydonida qulay pozitsiyada paydo bo‘lgan Dani Olmo to‘pni yerlatib himoyachilar orasidan o‘tkazdi va olis burchakni aniq nishonga oldi. Olmo — «Barsa»ning joriy mavsumda gollari sonini o‘ndan oshirgan Rafinya, Levandovski, Yamal va Ferran Torresdan keyingi beshinchi futbolchisiga aylandi.

Vaziyat «Malyorka»ni 5-4-1 sxemasi bo‘yicha chuqur himoyalanishni to‘xtatib, ochilishga majbur qildi. Mehmonlarning bir necha hujumlari «Barsa»da ikkinchi qavatda muammolar borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Arrasate shogirdlari ko‘k-anorranglilar jarima maydonida havodagi to‘p uchun kurashlarda ustun kelishdi, lekin mezbonlar uchun hech qanday qo‘rqinchli narsa ro‘y bermadi. Yamal o‘yin masalasini hal qilib qo‘yishi mumkin edi, ammo u ham yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. U yoki o‘ziga ortiqcha baho berib yubordi, yoki Romanning imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olmadi – ayyorona finti bilan darvozabonni aldab o‘ta olmadi.

Ikkinchi bo‘limda ham «Barsa» zarbalar bo‘yicha katta ustunlikka erishdi – 16:4 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 8:0), xG bo‘yicha 0,25 ga qarshi 1,47. Kataloniyaliklar o‘yin oxirigacha muxlislarini asabiy holatda o‘tirishga majbur qilgan bo‘lsa-da, g‘alabali hisobni saqlab qoldi va «Real»ning bugungi o‘yini yakunigacha oradagi farqni yetti ochkoga yetkazdi. Hansi Flik shogirdlari so‘nggi uch yillikdagi eng yaxshi seriyasini qayd etmoqda va o‘n to‘rt turdan buyon yutqazmayapti (+12=2). Titul yanada yaqin.

Fransiya: parijliklar ichki rekordlar harakatida

Liga 1. 29-tur
«Nant» — «PSJ» 1:1
Gollar:
Augusto (83) — Vitinya (33). 
«Nant» — Karlgren, Kasteletto, Zeze, Pallua (Muhammad, 73), Adu, Lepenan, Chirivella (Kadevere, 86), Augusto, Kozza, Ablin (Santona, 86), Simon. 
«PSJ» — Donnarumma, Nevesh, Markinos, Beraldo, Mendesh (Pacho, 62), Zair-Emeri (Barkolya, 62), Vitinya, Ruis, Li Kan In (Ramush, 63), Dembele (Due, 63), Kvaratsxeliya (Mayulu, 71).
Ogohlantirishlar: Kasteletto (77), Chirivella (79).

Chempionlik masalasini muddatidan oldin hal qilib bo‘lgan «PSJ» futbolchilarining xayoli Chempionlar ligasida «Arsenal»ga qarshi kechadigan o‘yinlarda ekani tayin, ammo Luis Enrike jamoasida bu mavsum oxiriga qadar «Bojuar»da yutqazmaslik vazifasi ham bor. Birinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganda Li Kan Inning uzatmasidan keyin hisobni ochgan Vitinyaning goli bilan bu vazifani uddalash uchun birinchi qadam tashlandi. O‘yin oxirida esa Duglas Augusto Donnarumma darvozasini ishg‘ol etdi. E’tiborli jihati, turnir jadvali quyi qismida borayotgan va katta ehtimol bilan o‘tish o‘yinlarida qatnashadigan «Nant» bu mavsumda chempionlar bilan ikki o‘yinda ham durang qayd etdi —ikki safar ham 0:1 hisobi o‘yin oxirida 1:1 ko‘rinishiga keltirildi. 

Albatta, parijliklarni bu hisob ranjitdi, jamoa yetakchisi Dembele esa qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda maydonni golli harakatsiz tark etib, kuzdagi eng yomon seriyasini takrorladi. Shu bilan birga, «PSJ» shu kuni 1993 yildan buyon «Milan» egalik qilib kelgan Yevropa rekordini o‘ziniki qildi. Parijliklar ichki chempionat doirasidagi safar o‘yinlarda 39 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etdi (+30=9). Shundan katta qismi Enrike davriga to‘g‘ri keladi, uning boshqaruvida jamoa Fransiya chempionatida safar o‘yinlarida 32 o‘yinda yutqazmagan (+24=8). «PSJ» yana bir milliy rekordni ham ko‘zlagan. Ayni vaqtda jamoa 30 turni mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi va «Nant»ning o‘ttiz yil oldingi rekordini takrorlash uchun yana ikki mag‘lubiyatsiz o‘yin o‘tkazish kifoya qiladi.

Mavzuga oid