Madrid derbisida shedevr gollar, «Arsenal»da rekord hisob. YeChLda kun o‘yinlari
«Arsenal» va «Aston Villa» amalda keyingi bosqichda, «Real» va «Atletiko» masalani keyingi haftaga qoldirdi.

Foto: Reuters
Barchasi keyingi hafta hal bo‘ladi
Real – Atletiko – 2:1
Gollar: Rodrigo 4, Braim Dias 55 – Xulian Alvares 32.
Real Madrid: Kurtua - Valverde (Vaskes, 83), Asensio, Ryudiger, Mendi - Dias (Endrik, 89), Chuameni, Kamavinga (Modrich, 63) - Rodrigo, Mbappe, Vinisius
Atletiko: Oblak - Lorente, Ximenes, Lengle, Galan - Simeone (Gallager, 64), Barrios (Serlot, 75), De Paul (Korrea, 76), Lino (Molina, 65) - Alvares, Grizmann (Le Norman, 71)
YeChL nimchorakfinalidagi Madrid derbisining birinchi raundini «Real» o‘z foydasiga hal etdi. Turnirning amaldagi g‘olibi «Atletiko»ni «Santyago Bernabeu»da mag‘lubiyatga uchratdi.
Diskvalifikatsiyaga uchragan Bellinghem yo‘qligida «Real» 4-4-2 sxemasini saqlab qoldi, uning pozitsiyasida Dias tushirildi. To‘p jamoada bo‘lganida Vinisius Junior chap qanotda kengroq pozitsiyani egalladi, o‘ngda esa Rodriogo maksimum kenglik yaratishga harakat qildi. Shu tariqa, Karlo Anchelotti shogirdlari «Atletiko» mudofaa chizig‘ini cho‘zishga harakat qildi. «Real»ning hujumdagi quroli Rodrigo bo‘ldi – braziliyalik vingerga birgina Galanning o‘zi qarshilik qila olmadi. Shuning evaziga mezbonlar to‘rtinchi daqiqadayoq hisobni ochishdi. Valverde Modrich uslubida chiziqlar orasidan pas berdi, Rodrigo raqibning ortiga otilib, to‘p bilan jarima maydoni markaziga yurdi va aylanma zarba bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Ko‘p o‘tmay, bu usul yana bir bor ish berishi mumkin edi, bu vaziyatda braziliyalik vinger yana bir bor Galandan qochib ketib, jarima maydonchasida yiqildi. Ammo o‘yin bosh hakami Tyurpen penalti qo‘yishni istamadi. Bu holatda chindan ham «Atletiko» himoyachisining yaqqol qo‘polligi ko‘rinmadi. Shundan keyin ham «Real» o‘yinni nazorat qilishda davom etdi, ammo Diyego Simeone jamoasi istalgan vaqtda qarshi hujumga o‘tishi mumkinligi bilan tahdid solib turardi. Valverde ikki holatda darvozaga zarba berishga chog‘langan raqiblar oyog‘idan to‘pni olib qo‘ydi.
«Atletiko» futbolchilari to‘pga egalik qilganida 3-2-5 sxemasi bo‘yicha tizildi va alohida epizodlarda tetik harakat qildi. O‘yinning dastlabki yarim soati ortda qolganida esa muxlislar Alvaresning shedevr goliga guvoh bo‘lishdi. «Atletiko» forvardi qanotda Kamavingani osonlik bilan ortda qoldirib, olis ustun tomon aylanma zarba berdi. Bu Simeone jamoasida ilk zarba edi. Bu vaziyatda Galan ham nihoyat foydali harakat qildi – u Valverdeni o‘zi bilan olib ketdi va natijada Kamavinga yolg‘iz qoldi.
E’tiborli jihati, birinchi bo‘limda raqib jarima maydonida to‘pga teginish bo‘yicha statistika amalda teng edi (7:6). Mbappe bu safar o‘zini ko‘rsata olmadi. Birinchi bo‘limda fransuz «Atletiko» jarima maydonida faqat bir marta to‘p bilan uchrashdi, bu ham muvaffaqiyatsiz dribling bilan yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda shedevrlar oqshomini Dias davom ettirdi. «Atletiko» tengma-teng kurashgan bo‘lsa-da, uning tarkibida o‘yinni hal qila oladigan futbolchilar kamroqligini bilinib qoldi. 55-daqiqada Braim chap qanotda kombinatsiya uyushtirdi va uni o‘zi yakunladi: yosh hujumchi jarima maydoni ichida finti bilan Ximenesni noqulay holatga tushirib qo‘ydi va to‘pni olis ustun tomon yumalatib yubordi.
Hisob 2:1 ko‘rinishiga kelgach, «Real» to‘pni o‘z nazoratiga olib, «Atletiko» futbolchilarini uni olish uchun yugurishga va katta kuch sarflashga majbur qildi. Jamoasi javob golini urishi zarurligiga qaramay, Simeone kutilmaganda Grizmanni maydondan oldi va uning o‘rniga uchinchi markaziy himoyachini tushirdi. Aftidan, «Atletiko» qolgan vaqt ichida uchinchi golni ham o‘tkazib yuborishidan xavfsiragan, nima bo‘lganda ham hali barchasini tuzatish mumkin bo‘lgan uy uchrashuvi bor.
So‘nggi 15-20 daqiqalik sokin kechdi. Argentinalik mutaxassis bor e’tiborni himoyaga qaratishi derbi olovini so‘ndirdi, «Real» ham bir gol ustunligiga egaligi tufayli ortiqcha tavakkalchilik qilishni istamadi. Qo‘shimcha daqiqalarad mezbonlar yaxshi imkoniyatga ega bo‘lishgandi, ammo Mbappe bo‘sh darvoza qarshisida ochilgan Vinisiusga aniq pas berolmadi.
Yakunda zarbalar ko‘rsatkichi bo‘yicha «Real» «Atletiko»dan yaqqol ustunlikka erishdi – 13:6 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 7:2, jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 7:5). Ammo intriga hali tirik – sakkiz kundan keyin muxlislarni hal qiluvchi o‘yin kutadi.
Pley-offda sharmandali hisob
PSV – Arsenal – 1:7
Gollar: Noa Lang 43 pen - Timber 18, Itan Nvaneri 21, Merino 31, Edegor 47, 73, Trossar 48, Kalafiori 85
PSV: Benites - Ledezma (Karsdorp, 66), Flamingo (Nagalo, 46), Boskali (Obispo, 82), Malasiya - Saybari (Veyerman, 83), Sxauten, Til - Perishich, de Yong (Bakayoko, 65), Lang.
Arsenal: Raya - Timber (Uayt, 77), Saliba, Gabriel, Lyuis-Skelli (Kalafiori, 35) - Edegor, Parti (Zinchenko, 71), Rays - Nvaneri (Sterling, 71), Merino (Tirni, 77), Trossar.
1/4 finalga jamoalar odatda ikki o‘yi natijasiga ko‘ra chiqishadi. «Arsenal» esa bu prinsipni buzdi va birinchi o‘yindayoq barchasini hal qildi.
Birinchi bo‘lim voqealarga boy kechdi. Vaziyatlardan birida «Arsenal»ga yaqqol penalti berilmadi. Edegor jarima maydoni ichida zarba berishga chog‘langanida, ortdan uning oyog‘iga kontakt bo‘ldi va norvegiyalik futbolchining zarbasi o‘xshamadi. VAR esa epizodga aralashmadi.
PSV 16-daqiqadayoq hisobni ochishi mumkin edi, ammo Saybari yetti metr masofadan turib bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etolmadi, uning kuchli zarbasidan keyin to‘p ustun va to‘sin tutashgan nuqtaga bordi. «Arsenal» darhol javob qaytardi. 13 daqiqada uchta gol bilan. Avvaliga eyndhovenliklarning ashaddiy raqibi «Ayaks»ning sobiq futbolchisi hisoblangan niderlandiyalik Timber olis ustun oldida barchadan baland sakrab, qanotdan oshirilgan uzatmani golga aylantirdi. Uch daqiqa o‘tib 18 yoshli Lyuis-Skellining uzatmasidan keyin 17 yoshli Nvaneri hisobdagi farqni oshirdi, u YeChL pley-offida gol urgan eng yosh futbolchilar uchligiga kirdi (faqat Boyan Krkich va Jud Bellinghem undan ertaroq gol urgan).
Yana 10 daqiqa o‘tib Merino ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Ispaniyalik yarimhimoyachi bu o‘yinda ham majburan markaziy hujumchi pozitsiyasida chiqqandi. Va unga raqib jarima maydoni ichidagi sarosima va tartibsizlik qo‘l keldi, himoyachi Flamingo to‘pni uzoqlashtirishga urinib, uni tepa olmadi va o‘zi yiqilib tushdi, ispaniyalik esa to‘pga ega chiqib, uni darvozaning narigi burchagiga yo‘naltirdi. 30-daqiqadayoq tabloda mehmonlar foydasiga 3:0 hisobi porlay boshladi. Shu daqiqalardayoq nafaqat uchrashuv, balki 1/4 final yo‘llanmasi taqdiri hal bo‘lgandek tuyulayotgandi. Ammo bo‘lim oxirida londonliklar ham muxlislarini asabiylashishga majbur qilishdi.
Bosh hakam «Arsenal» himoyachisi Lyuis-Skellini ochiqchasiga ayadi, oldinroq sariq kartochka olgan ushbu yosh himoyachi qanotda navbatdagi foldan keyin maydondan chetlatilishi ham mumkin edi. Shundan keyin Arteta uni 35-daqiqadayoq almashtirib yubordi.
Birinchi bo‘lim oxirida PSV bitta gol bilan javob qaytardi. Burchak zarbasi ijro etilganida Parti jarima maydoni ichida fol ishlatdi, Lang esa penaltini shu qadar ishonch bilan ijro etdiki, Rayya sakrab ham o‘tirmadi. Shundan keyin ham mezbonlarda bir qator yaxshi vaziyatlar bo‘ldi va agar hisob tanaffusgacha qisqartirilganida, voqealar rivoji qanday kechishini taxmin qilish qiyin edi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshidayoq intrigaga barham berildi. «Arsenal» uch daqiqa ichida yana ikki gol urib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
47-daqiqada Edegor jarima maydoniga yorib kirib, amalda bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi.
99 soniya o‘tib esa Trossar yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashladi. Shundan keyin PSV o‘ziga kela olmadi. Qolgan vaqt davomida «Arsenal» maydondagi barchasini nazorat qildi va ortiqcha kuch sarflamay to‘pni olib yurdi. Va shunday holatda ham mehmonlar navbatdagi golga raqibdan ko‘ra yaqinroq edi. Amalda ham «Arsenal» oltinchi golni urdi. Edegorning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi darvoza markaziga qarab yo‘naldi va rikoshetga ham uchramadi, ammo PSV darvozaboni o‘ziga kelgan to‘pni to‘sa olmadi. Hisob 1:6 ko‘rinishiga kelgach, muxlislar stadionni yoppasiga tark etishga kirishdi.
85-daqiqada esa «Arsenal» yettinchi golni ham urdi. Edegor o‘z uslubida jarima maydoni ichiga pas berdi – va himoyachi Rikkardo Kalafiori hujumchilardek harakatlanib, to‘pni olis burchakka to‘g‘ri yo‘naltirdi. Endi 12 mart kuni Arteta ikkinchi tarkibni tushirishi va chorakfinal uchun kuch tejashi (bu bosqichda «Real» yoki «Atletiko» raqib bo‘ladi) ham mumkin. Safardagi 7:1 hisobi esa tarixiy – bungacha hali hech bir jamoa Chempionlar ligasi pley-offida safar uchrashuvida yettita gol urmagan.
«Lill»ning tarixiy goli
Borussiya D - Lill – 1:1
Gollar: Adayyemi 22 – Haraldsson 68.
Borussiya D: Kobel – Rerson (Koutu, 83), Djan, Shlotterbek, Svensson (Bensebaini, 83) – Zabitser, Gross – Adeyemi, Brandt (Reyna, 83), Bayno-Gittens (Bayyer, 66) – Girassi.
Lill: Shevale – Mene, Diakite, Aleksandro, Ismaili (Bakker, 77) – Mukau (Gomesh, 77), Andre, Buaddi – Garaldsson, Mbappe (Fernandes-Pardo, 71) – Devid.
«Borussiya» o‘yinni o‘zining eng yaxshi to‘purari Girassining qulay vaziyatdan xato zarba berishi bilan boshladi. Dortmundliklar faqat burchak zarbasi ijro etilganida maksimal samaradorlik namoyish etishdi. Navbatdagi kornerdan keyin to‘pga ega chiqqan Adeyyemi hisobni ochdi. Bundesligadagi so‘nggi tur qahramoni shu qadar kuchli va aniq zarba berdiki, raqib darvozaboni o‘rnidan jilishga ham ulgurmadi. Grossning tanaffus arafasidagi goli esa hisobga olinmadi, u to‘p uzatib berilayotgan vaqtda kichik ofsaydda qolgani ma’lum bo‘ldi.
Ikkinchi gol o‘yin taqdirini hal etishi mumkin edi, ikkinchi bo‘limda esa «Lill» chinakamiga o‘z kuchini namoyish etdi. Fransuzlar — turnirning asosiy bosqichida «Liverpul»ga «Enfild»da gol urgan yagona jamoa bo‘lgandi. Bryuno Jyenezio «Real» va «Atletiko»ga qarshi o‘yinlarda aralash tarkib bilan ham g‘alabaga erishdi. Dortmundda esa uning shogirdlari to‘p autdan tashlanishi bilan boshlangan kombinatsiyani gol bilan yakunlashdi. Ikki vertikal pas va Haraldsson avvaliga nam gazonda toyib ketgandek ko‘ringan bo‘lsa-da, to‘pni darvoza burchagiga aniq yo‘naltirdi. Islandiyalik hujumchi klub tarixiga kirdi, chunki bungacha «Lill» hech qachon YeChL pley-offida safar o‘yinlarida gol urmagandi. Safarda ochko olishga erishgan jamoa endi ushbu juftlikda favoritga aylandi.
Omadsiz belgiyaliklar
Bryugge - Aston Villa – 1:3
Gollar: De Keyper, 12 – Beyli, 3, Mexele, 83 (avt), Asensio, 88 (pen)
Bryugge: Minole - Sabbe (Vetlesen, 90), Mexele, Ordones, De Keyper - Yashari, Onedika (Skurash, 90) - Talbi (Sike, 86), Vanaken, Tsolis - Jutgla (Merup Nilsen, 86)
Aston Villa: Martines - Konsa, Disasi (Kesh, 64), Mings, Din - Makginn (Kamara, 64), Tilemans - Beyli (Remzi, 64), Rodjyers, Reshford (Asensio, 64) - Uotkins (Bogard, 90)
Seshanba oqshomi dasturining «Bryugge» va «Aston Villa» o‘rtasidagi kechgan ilk o‘yini kutilganidan qiziqarliroq kechdi. Uchinchi daqiqadayoq Beyli jarima maydonida qaytgan to‘pni to‘xtatmasdan darvoza burchagiga yo‘naltirdi.
Ko‘p o‘tmay Reshford birminghemliklarning ustunligini oshirishi mumkin edi, ammo Minole yaqin burchagini yopdi va jamoadoshlarini javob goli uchun ilhomlantirdi — 12-daqiqadayoq muxlislar yana bir chiroyli golga guvoh bo‘lishdi. Chap qanotga diagonal uzatma, Tsolisning jarima maydoni markaziga uzatmasi va de Kayper to‘pga bir teginishda darvoza to‘rini ishg‘ol etdi.
Belgiyaliklarning tizimli o‘yini mehmonlarga katta qiyinchiliklar tug‘dirdi va ular tanaffusga g‘olib holda yo‘l olishi ham mumkin edi. Ammo Emiliano Martines «Atalanta»ga qarshi o‘yin qahramoni Talbining jarima maydoni markazidan yo‘llagan zarbasini to‘sdi.
Ikkinchi bo‘limni ikki tomon ham qulay vaziyatlardan foydalana olmaslik bilan boshladi. Bir necha daqiqa ichida avvaliga «Aston Villa» raqibni kechirdi, keyin esa Vanakenning boshda yo‘llagan zarbasi mo‘jiza tufayli darvozaga kirmay qoldi. Biroz o‘tib mezbonlar sardori assistent rolini bajardi, ammo uning chiroyli pasidan keyin Tsolis o‘ta qulay vaziyatdan turib noto‘g‘ri zarba berdi. O‘yin oxirida esa «Bryugge» muxlislari shok holatiga tushishdi. Avvaliga jamoaning eng tajribali himoyachisi Mehele Rodjyersning qanotdan uzatmasidan keyin o‘z jamoasi darvozasiga gol urib qo‘yib, boshini changallab qoldi.
Keyin esa Tsolis antiqahramonga aylandi. Ushbu gretsiyalik o‘z jarima maydonida keraksiz vaziyatda to‘pni to‘xtatishda chiroyli harakat qilishga urinib, o‘zi istamagan holda fol ishlatdi. Belgilangan penaltini Asensio aniq ijro etib, amalda Unai Emeri shogirdlari uchun chorakfinalga yo‘llanmani kafolatladi.
«Bryugge» hali taslim bo‘lmadi, ammo so‘nggi daqiqalarda Vetlessen yana bir qulay vaziyatni yo‘qqa chiqarmaganida, javob o‘yinida Belgiya chempionlariga osonroq bo‘lgan bo‘lardi.
Tavsiya etamiz
Osiyo kubogi g‘oliblari tantanali kutib olindi - foto
Sport | 23:22 / 21.04.2025
“Gentra – qorong‘ilik timsoli” – Mirshakar Fayzulloyev
O‘zbekiston | 19:25 / 20.04.2025
AQShda bir oy ichida minglab talabalarning vizalari bekor qilindi
Jahon | 23:47 / 18.04.2025
Toshkent viloyatidagi ba’zi yo‘llarda ruxsat etilgan tezlik 80 km/soatgacha cheklandi
O‘zbekiston | 23:28 / 18.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Putin Ukrainadagi jangovar harakatlarni hozirgi front chizig‘i bo‘ylab to‘xtatishni taklif qildi - FT
Jahon | 01:32
-
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqandga keldi
O‘zbekiston | 23:20 / 22.04.2025
-
Qozog‘istonda ota-onasi qaramog‘isiz qolgan bola O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat | 23:14 / 22.04.2025
-
NASA zondi noodatiy shaklga ega asteroid suratlarini uzatdi
Jahon | 23:01 / 22.04.2025
Mavzuga oid

12:04 / 21.04.2025
«Real» chempionlik poygasida qoldi, «Liverpul»ga chempionlik uchun bir g‘alaba qoldi. Kun o‘yinlari

09:50 / 20.04.2025
Shomurodov «Roma»ga g‘alaba keltirdi, «Barsa»da chempioncha kambek. Kun o‘yinlari

17:54 / 18.04.2025
Anchelotti «Real»dan ketishi kutilmoqda. Uning o‘rniga da’vogarlar ma’lum

11:41 / 18.04.2025