O‘zbekiston | 11:35 / 01.04.2025
1052
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi

“Davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari quyidagilar etib belgilandi:

▪️2030 yilga qadar Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida (LPI) bojxona rasmiylashtiruvi samaradorligi ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston o‘rnini 55-pog‘onadan past bo‘lmagan darajaga ko‘tarish;
▪️2026 yilga qadar bojxona deklaratsiyalarini inson omilisiz rasmiylashtiruv ulushini 2 barobarga oshirish;
▪️2028 yilga qadar bojxona ko‘rigini 21 foizdan 15 foizga tushirish;
▪️2030 yilga qadar sun’iy intellekt elementlaridan foydalangan holda xavfni boshqarish tizimi samaradorligini 2 barobarga oshirish.

Tashqi iqtisodiy faoliyatda qator qulayliklar yaratiladi. 2025 yil 1 iyuldan veterinariya va fitosanitariya sohasida tashqi savdo yuklariga tegishli har qanday hujjatlarga muhr va shtamp bosish hamda ularni yozma tarzda ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi, barcha tartibotlar ushbu hujjatlarni elektron shaklda tasdiqlash orqali amalga oshiriladi (tovarlar eksportida xalqaro shartnomalarda qat’iy belgilangan holatlar bundan mustasno).

2025 yil 1 sentabrdan tadbirkorlik sub’yektlariga bojxona to‘lovlari va bojxona rasmiylashtiruvi uchun boshqa turdagi to‘lovlarni respublikaning istalgan hududidan amalga oshirish imkoniyati yaratiladi, buning uchun yagona g‘azna hisobvarag‘i ochiladi.

2025 yil 1 dekabrdan bojxona hududida yoki hududidan tashqarida qayta ishlash rejimlarida bojxona yuk deklaratsiyalarini soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkonini beruvchi “Tolling operatsiyalari” moduli amaliyotga joriy etiladi.

2025 yil 1 noyabrdan o‘tkazish punktlari orqali harakatlanayotgan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining mobil ilovasi amaliyotga joriy etiladi.

Mavzuga oid