Rossiyada Signal messenjerini bloklash boshlandi

Jahon 19:51 / 09.08.2024 1390

Rossiyada Signal messenjeri foydalanuvchilari servis ishida uzilishlar kuzatilayotganidan shikoyat qildi. «Sirena» o‘quvchilarining aytishicha, Signal’ga kirishdagi muammolar 9 avgust tongidan boshlangan.

Messenjerga VPN’siz yoki bloklashni aylanib o‘tish rejimini yoqmasdan turib kirib bo‘lmayapti. «Vajniye istorii» internet nashrining yozishicha, Rossiyada servisni bloklash boshlangan.

Internet himoyasi jamiyati direktori va Telegram’dagi «ZaTelekom» kanali muallifi Mixail Klimaryov Rossiya Federatsiyasi hukumati Signal’ni bloklashni boshlagan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, bloklash ishlari 8 avgustdayoq boshlangan.

Rossiyada messenjer bloklangani haqida rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

Signal — eng xavfsiz messenjerlardan biri hisoblanadi. Servis qo‘ng‘iroqlar, xabar va ma’lumotlar almashinuvida ishonchli shifrlashdan foydalanadi, bu esa ularning uyali aloqa operatorlari va maxsus xizmatlar tomonidan tutib qolinishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bundan tashqari, messenjer boshqa servislardan farqli ravishda foydalanuvchilar haqida minimum ma’lumotlarni oladi va o‘zida saqlaydi.

Oxirgi hafta Rossiyada YouTube’ga kirishda muammolar kuzatilmoqda. Ushbu uzilishlar sabab Rossiyada bir sutka ichida «VK Video» ilovasini yuklab olish 250 ming martagacha oshgan.

Avvalroq Rossiyada YouTube videoxostingi muqobili sifatida ishlab chiqilgan «Platforma» mamlakatda Google servislari bloklanishi boshlangach ishlamay qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: