Jahon | 21:37 / 31.03.2025
2388
3 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Trampning maslahatchisi Mayk Uols Signal messenjeri chatlarida Rossiya-Ukraina urushini muhokama qilgan

Mayk Uols AQSh hukumati a’zolari bilan Signal’da milliy xavfsizlik uchun muhim va maxfiy bo‘lgan bir nechta chatlarni yaratgan.

Foto: Global Look Press

AQShning prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols Signal messenjeridan Rossiya—Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal etish masalasini muhokama qilishda ham foydalangan. Bu haqda The Wall Street Journal ikki nafar amerikalik amaldorga tayanib xabar berdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Uols AQSh hukumati a’zolari bilan Signal’da milliy xavfsizlik uchun muhim va maxfiy bo‘lgan bir nechta chatlarni yaratgan hamda ularni boshqargan. Ushbu chatlarda, xususan, Vashingtonning Moskva va Kiyev o‘rtasidagi vositachilik sa’y-harakatlari hamda harbiy missiyalar muhokama qilingan. Biroq manbalar bu chatlarda maxfiy ma’lumotlar bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlik kiritmagan.

WSJ’ning yozishicha, husiylarga zarbalar berish masalasi muhokama qilingan Signal’dagi chatga tasodifan The Atlantic bosh muharriri Jyeffri Goldberg qo‘shib qo‘yilganiga bog‘liq mojarodan keyin Uols AQSh prezidenti Donald Trampga nisbatan ta’sirini yo‘qota boshlagan.

Gazeta suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Tramp nazarida maslahatchining eng katta xatosi chatni yaratishi yoki maxfiy ma’lumotlarni muhokama qilgani emas, balki Uolsda Jyeffri Goldbergning telefon raqami bo‘lganida.

Goldberg 24 mart kuni tasodifan AQShning husiylarga qarshi operatsiyaga oid rejalari muhokama qilingan chatga qo‘shilib qolganini ma’lum qilgandi. Chatda 18 kishi bo‘lgan, ular orasida Uols, Xegset, davlat kotibi Marko Rubio, vitse-prezident Jyey Di Vens va Oq uyning boshqa vakillari ham bor. Pentagon rahbari ushbu chat orqali harbiy rejalar yuborilganini rad etdi. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi, biroq Goldbergni tanimasligini va uning raqami ham o‘zida bo‘lmaganini ta’kidladi. AQSh prezidenti Donald Tramp Uols bundan xulosa chiqarganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid