O‘zbekiston | 16:04 / 03.02.2025
2043
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaning Primorsk o‘lkasiga ishga jalb qilinadi

Mamlakat Bosh konsulxonasi ko‘magida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Migratsiya agentligi vakillari va Primorsk o‘lkasi hukumati mutasaddilari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.

Foto: "Dunyo" AA

Tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy asosda Rossiyaning Primorsk o‘lkasiga ishga jalb qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, shu yil fevral oyida Primorsk o‘lkasi delegatsiyasining O‘zbekistonga navbatdagi tashrifini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Safar davomida Buxoro, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridan malakali ishchilarni Primorsk o‘lkasiga ishga jalb etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Primorsk o‘lkasidagi salohiyatli ish beruvchilar tomonidan ishga qabul qilishga tanlab olingan O‘zbekiston fuqarolari uchun barcha sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, ishga jalb qilinadigan mamlakat fuqarolarining Rossiya hududida mehnat faoliyatini olib borishi uchun ruxsatnoma (patent)ni rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish maqsadida, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va yuqumli kasalliklar mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomalarni rasmiylashtirish O‘zbekiston hududida amalga oshirishini ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Mavzuga oid