Jahon | 17:58 / 03.04.2025
5505
2 daqiqa o‘qiladi

Ruminiyada 30 yil davomida oddiy buyum sifatida qarab kelingan tosh 1 mln dollarlik qahrabo bo‘lib chiqdi

1960 yillarda uni daryodan topib olgan ayol toshdan uy xo‘jaligi buyumi sifatida foydalanib kelgan.

Ruminiyada o‘nlab yillar davomida oddiy tosh sifatida ishlatib kelingan tosh endi dunyodagi eng qimmat qahrabolaridan biri hisoblanmoqda. Euronewsʼning yozishicha, uning qiymati 1 million dollardan oshishi mumkin.

Foto: Buzău County Museum

Og‘irligi 3,5 kilogrammga yetadigan tosh 1960 yillarda keksa ayol tomonidan Ruminiya janubi-sharqidagi daryodan topilgan. Yillar davomida undan uy xo‘jaligi buyumi sifatida foydalanib kelishgan va hech kim uning asl qiymatini anglamagan.

1991 yilda ayol vafotidan keyin uyni meros sifatida olgan uning qarindoshi toshning noodatiy ko‘rinishiga e’tibor qaratgan. U toshni mahalliy hukumatga sotgan. Polshadagi Krakov tarix muzeyi tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza ushbu tosh «rumenit» nomli shu vaqtgacha aniqlangan eng katta shikastlanmagan qahrabo bo‘lagi ekanini aniqlagan.

Rumenit — Ruminiyada uchraydigan qahraboning noyob turi bo‘lib, qimmatbaho toshlar bozorida talabgir. Ekspertlarning baholashicha, u qadimgi daraxtlar qatronining qotishidan hosil bo‘ladi. 2022 yildan beri ushbu topilma Buzeu muzeyida saqlanmoqda.

Mavzuga oid