Putin Ukraina energetika obektlariga 30 kun zarba bermaslikni qo‘llab-quvvatladi va «harbiylarga tegishli buyruq berdi»
Rossiya prezidenti 19 mart kuni Ukraina tomoni bilan «175=175» formatida asirlar almashinuvi o‘tkazilishi, shuningdek, og‘ir yaralangan 23 nafar harbiy Ukrainaga topshirilishini ma’lum qildi.

Foto: AP
AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Kremlning ma’lum qilishicha, ikki davlat yetakchilari Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha batafsil va ochiq fikr almashgan.
Ta’kidlanishicha, Rossiya prezidenti mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qat’iy sodiqligini tasdiqlagan holda, amerikalik sheriklari bilan birgalikda muammoni har tomonlama, barqaror va uzoq muddatli hal qilish yo‘llarini batafsil ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirgan. Shuningdek, u mojaroning asosiy sabablarini bartaraf etish va Rossiyaning xavfsizlik borasidagi qonuniy manfaatlarini inobatga olish zarurligini alohida qayd etgan.
AQSh prezidentining 30 kunlik sulh joriy etish tashabbusi doirasida Rossiya tomoni bir qator muhim masalalarni ko‘targan — ular orasida butun front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish ustidan samarali nazoratni ta’minlash, Ukrainadagi majburiy safarbarlikni to‘xtatish va Qurolli kuchlarning qayta qurollanish jarayoniga chek qo‘yish zarurati bor. Shuningdek, Kiyev rejimining kelishuvlarga rioya qilishga qodir emasligi bilan bog‘liq jiddiy xavflarga e’tibor qaratilgan. U ilgari ham bir necha bor erishilgan kelishuvlarni sabotaj qilgan va buzgani ta’kidlangan. Bundan tashqari, Kursk oblastida tinch aholiga qarshi «ukrainaliklar tomonidan sodir etilgan terrorchilik xususiyatiga ega vahshiyona jinoyatlarga» alohida urg‘u berilgan.
Shuningdek, mojaro yanada avj olmasligi va uni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish yo‘nalishida ishlash uchun asosiy shart — Ukrainaga chet el harbiy yordami ham razvedka ma’lumotlarini taqdim etishni to‘liq to‘xtatish bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.
Donald Trampning Kursk oblastida qurshovda qolgan ukrainalik harbiylarning hayotini saqlab qolish bo‘yicha yaqinda qilgan murojaati munosabati bilan, Vladimir Putin Rossiya tomoni gumanitar tamoyillarga amal qilishga tayyor ekanini tasdiqlagan. U, shuningdek, agar Ukraina Qurolli kuchlari askarlari taslim bo‘lsa, ularga munosib muomala kafolatlanishini, bu Rossiya qonunlari hamda xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq amalga oshirilishini bildirgan.
«Suhbat davomida Donald Tramp mojaro tomonlariga 30 kun davomida energetika infratuzilmasi obektlariga zarba bermaslik bo‘yicha o‘zaro kelishuv taklifini ilgari surdi, Vladimir Putin esa bu tashabbusni ijobiy qabul qilib, darhol Rossiya harbiylariga tegishli buyruq berdi», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Rossiya prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan Qora dengiz akvatoriyasida kemalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashabbusni amalga oshirish g‘oyasiga konstruktiv yondashgan. Buning aniq tafsilotlarini qo‘shimcha ishlab chiqish maqsadida muzokaralarni boshlashga kelishib olingan.
Vladimir Putin 19 mart kuni Rossiya va Ukraina tomonlari «175=175» formatida asirlar almashinuvi o‘tkazishi to‘g‘risida ma’lumot bergan. Bundan tashqari, insonparvarlik ishorasi sifatida, Rossiya tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 23 og‘ir yarador ukrainalik harbiyni Ukraina tomoniga topshiriladi.
Yetakchilar Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha ikki tomonlama formatda ish olib borishni davom ettirish niyatlarini tasdiqlagan. Bu jarayonda, xususan, AQSh prezidentining yuqorida tilga olingan takliflari ham inobatga olinadi. Shu maqsadda Rossiya va AQSh ekspert guruhlari tashkil etiladi.
Vladimir Putin va Donald Tramp xalqaro kun tartibidagi boshqa masalalar, jumladan, Yaqin Sharq hamda Qizil dengiz mintaqasidagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Mojaroli hududlardagi vaziyatni barqarorlashtirish, yadro qurolining tarqalishiga qarshi kurash va global xavfsizlik masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlar amalga oshiriladi. Bu esa o‘z navbatida, Rossiya-AQSh munosabatlarining umumiy muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. Ijobiy misollardan biri sifatida Ukraina mojarosiga oid BMT rezolyutsiyasi bo‘yicha hamjihatlikda ovoz berish ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, prezidentlar davlatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘lgan turli yo‘nalishlarni muhokama qilgan. Xususan, iqtisodiyot va energetika sohalarida uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator g‘oyalar ilgari surilgan.
Bundan tashqari, Vladimir Putinning AQSh va Rossiyada rossiyalik hamda amerikalik xokkeychilar ishtirokida NHL va KHL doirasida o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etish tashabbusi Donald Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Tramp va Putin muloqotining yakunlari bo‘yicha Oq uy e’lon qilgan bayonotda ta’kidlanishicha, AQSh va Rossiya yetakchilari Ukraina mojarosi mustahkam tinchlik bilan yakunlanishi haqidagi fikrga qo‘shilgan.
Tavsiya etamiz
Tramp: «Ukrainaga bosim o‘tkazishga majbur bo‘lgandik»
Jahon | 20:53 / 18.03.2025
«Begonalar zulm qilgani yo‘q, ammo o‘zimiznikilardan yordam kutmay qo‘ygandik» - sudjaliklar
Jahon | 12:32 / 18.03.2025
Kurskdagi qurbonlar - komendantlik soatini buzganlar, vayronalar ostida qolganlar va yuragi dosh bermaganlar
Jahon | 10:25 / 18.03.2025
Magic City'ning egasi yana o‘zgaradi
O‘zbekiston | 21:22 / 17.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Isroil Mudofaa armiyasi G‘azo sektorida yangi yer usti operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi
Jahon | 23:22
-
Italiyada to‘liq sun’iy intellekt tomonidan yozilgan birinchi gazeta chop etildi
Fan-texnika | 22:39
-
Putin va Tramp suhbati: dunyo tinchlikka yaqinlashmadi
Jahon | 22:33
-
Tramp AQShning Yevropadagi NATO kuchlari qo‘mondonligidan voz kechishi mumkin
Jahon | 22:32
Mavzuga oid

23:34
Tramp va Putin muloqoti: bayonotlarga qarab, qanday xulosalar qilish mumkin?

22:33
Putin va Tramp suhbati: dunyo tinchlikka yaqinlashmadi

22:09
Trampning Putin bilan kelishuviga qaramay, Rossiya va Ukraina energetika obektlarini o‘qqa tutishda davom etdi

21:16