Jahon | 10:25 / 18.03.2025
12664
24 daqiqa o‘qiladi

Kurskdagi qurbonlar - komendantlik soatini buzganlar, vayronalar ostida qolganlar va yuragi dosh bermaganlar

2024 yil avgust oyida Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk oblasti hududiga kirib, o‘nlab aholi punktlarini nazorat ostiga oldi. Janglar yetti oy davom etdi. 2025 yil mart oyiga kelib, Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z qo‘shinlari oldinga siljigani, hududning katta qismi, shu jumladan Sudja shahri ozod etilganini e’lon qildi.

Aleksandr Xarchenko / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina armiyasi hujumi tufayli Kursk oblastining kamida 112 ming fuqarosi qochqinga aylandi. Yana minglab odamlar turli sabablarga ko‘ra evakuatsiya qilinmadi. Aniq soni noma’lum bo‘lgan fuqarolar janglar, tibbiy yordam yetishmovchiligi va og‘ir hayot sharoiti sababli halok bo‘lgan.

«7×7» nashri jurnalistlari Ukraina hujumi boshlanganidan keyin Kursk oblastida halok bo‘lgan kamida 30 nafar tinch fuqaroning ismlarini aniqladi.

Ilk qurbonlardan biri: homilador Nina Kuznetsova

Artyom Kuznetsov o‘z rafiqasi Nina Kuznetsovani so‘nggi marta 2024 yil 6 avgust kuni ko‘rgan. U Sudja markaziy rayon kasalxonasining ginekologiya bo‘limidagi jarrohlik stolida, jonsiz yotardi. Kasalxona joylashgan Goncharovka qishlog‘iga esa ukrain askarlari tobora yaqinlashib kelayotgandi.

Nina va Artyom Kuznetsov qariyb ikki yoshli o‘g‘li Matvey bilan Kurilovka qishlog‘ida, Ninaning onasi bilan birga yashardi. Bu qishloq Sudjadan 7 km janubda joylashgan. 28 yoshli Nina homiladorlikning ikkinchi oyida edi. Avgust oyi boshidagi otishmalarga qaramay, u asabiylashmaslikka harakat qilardi. Vrachlar unga to‘satdan homila tushib qolish xavfi borligini aytgan, shuning uchun u o‘zini ehtiyot qilardi.

Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga hujum qilgan kuni Kuznetsovlar Kurilovkadan chiqib ketishga qaror qildi. Ular ikkita mashinada yo‘lga chiqishga kelishib oldi: Artyom birinchi mashinani boshqardi, Nina onasi va o‘g‘li bilan ikkinchisini.

Qishloqdan chiqishlari bilan yo‘l chetida harbiy kiyimdagi bir shaxs paydo bo‘ladi. Artyomning aytishicha, uning kaskasida ko‘k izolenta bor edi. «Bir-birimizning nigohlarimiz to‘qnashdi. Shunda u bizga qarata o‘q uza boshladi. Bir o‘q ensamning yonidan o‘tib ketdi», — deydi Artyom.

Yana bir o‘q Ninaning ko‘kragiga tegadi. U mashina boshqaruvini yo‘qotadi va erining avtomobiliga uriladi. Artyom va qaynonasi og‘ir jarohatlangan Ninani o‘z avtomobiliga olib o‘tadi. Artyomning so‘zlariga ko‘ra, harbiy ularni ta’qib qilishga urinmagan.

Artyom Ninani Sudja markaziy kasalxonasiga olib ketayotganida ayol hali tirik bo‘lgan, nafas olgani eshitilardi. Otishmalarga qaramay, kasalxonada hali ham vrachlar bor edi. Ular Ninani jarrohlik stoliga yotqizishadi, lekin u o‘sha yerda jon beradi.

Otishmalar kuchayib ketadi va Artyom rafiqasi bilan vidolashishga ulgurmaydi. Shifoxona xodimlari va Artyom hech narsani ololmay, kasalxonani tashlab qochishga majbur bo‘ladi.

Qancha odam halok bo‘ldi va ularni kim hisoblaydi?

Ukraina qurolli kuchlari hujumidan keyin Sudja shahridagi cherkov ruhoniysi Yevgeniy Shestopalov Kurskka evakuatsiya qilingan. U o‘z cherkovidan voz kechishni istamaydi. Uning sevimli ibodatxonasi janglar paytida deyarli vayron bo‘lgan — qubbalari qulab tushgan, ikona qo‘ygich yonib ketgan.

Yevgeniy qurbonlar ro‘yxatini tuzishga kirishadi. 2024 yil dekabrida u 16 nafar qurbonning ismini aniqladi, martga kelib, bu raqam ikki barobardan oshadi. Uning aytishicha, Ukraina tomoni 22 noyabr va 3 mart kunlari Belarus orqali Rossiyaga qaytargan sudjaliklar va ularning qarindoshlari qurbonlar haqida ma’lumot bergan.

Ukrainadan qaytgan sudjaliklar bilan bog‘lanishning imkoni yo‘q, chunki Rossiya hukumati ularni maxsus himoya ostida saqlayapti.

«Kimdir komendantlik soatini buzgani uchun otib tashlangan, kimdir vayrona parchalari bosib qolib halok bo‘lgan, kimningdir esa yuragi dosh bermagan», — deydi Yevgeniy. U maktab-internatda yashagan va tibbiy xizmatlar yetishmovchiligi sababli vafot etgan bir necha kishi haqida ham ma’lumotga ega.

Kursklik faol Vladimir Sinelnikov ham qurbonlar ro‘yxatini tuzmoqda, lekin uning aytishicha, bu ma’lumotlar maxfiy saqlanmoqda. 30 yanvarda hukumat undan bu ma’lumotlarni oshkor qilmaslikni so‘ragan.

«Biz hozircha faqat o‘nlab qurbonlar haqida aniq bilishimiz mumkin», — deydi u.

Ularning aksariyati tibbiy yordam yo‘qligi va dorilar yetishmovchiligi sababli halok bo‘lgan. Yana bir qismi otishmalar yoki havo hujumlari oqibatida halok bo‘lgan. Masalan, olti kishi Sudjadagi internatga tashlangan aviabomba natijasida vafot etgan (Ukraina komendaturasi to‘rt kishi deb xabar bergan). Bitta holatda odam o‘z joniga qasd qilgan, yana biri avtohalokat qurboni bo‘lgan.

Urush davom etayotgani sababli qurbonlar soni va ularning aniq sabablarini tasdiqlash qiyin. Hozircha faollar qurbonlar ro‘yxatini tuzish va ularni qayta dafn etish uchun ma’lumotlarni yig‘ishda davom etmoqda.

Xaritada qizil nuqtalar bilan tinch aholi vakillari jasadlari topilgan aholi yashash manzillari ko‘rsatilgan

Ukraina QK hujumi davrida halok bo‘lganlar

Rossiya va Ukraina tomoni qurbonlar soni bo‘yicha turli raqamlarni keltirgan, biroq bu raqamlar qanday hisoblangani haqida aniq ma’lumot berilmagan. Shu sababli, 2024 yil avgust oyida boshlangan Ukraina armiyasining hujumidan maqola e’lon qilingan kungacha Kursk oblastida aniq necha kishi halok bo‘lganini baholash qiyin.

Yetti oy davom etgan okkupatsiya mobaynida Rossiya rasmiylari halok bo‘lganlar soni haqida ikki marta rasmiy bayonot bergan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Rodion Miroshnik 23 sentabrda Ukrain qo‘shinlari hujumi boshlangan ilk haftalarda tinch fuqarolardan 56 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ikki hafta o‘tib, u «Rossiya-24» telekanaliga bergan intervyusida qurbonlar soni 70 kishiga yetganini aytgan.

Ukraina tomonidan birinchi rasmiy bayonot 11 yanvarda berilgan. Ukraina harbiy komendaturasi matbuot kotibi Aleksey Dmitrashkovskiy Rossiya hujumi paytida Sudjadagi internatda yashagan bir ayol og‘ir jarohat olgani va ertasi kuni vafot etganini ma’lum qilgan.

Dmitrashkovskiyning 16 yanvardagi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina armiyasi tomonidan Sudja rayoni ishg‘ol etilgan davrda 112 kishi halok bo‘lgan. Ularning 36 nafari Rossiya armiyasi zarbalari qurboni bo‘lgan, yana 40 kishi «yurak xuruji»ga uchragan. Qolgan qurbonlarning o‘lim sabablari aniqlanmagan.

«Tabiiy sabablar» tufayli yuz bergan o‘limlar

88 yoshli Kaleriya Momotkova 2024 yil 1 noyabrda vafot etdi. Uning kelini Marina Zaytseva bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabar bergan, biroq o‘lim sababini ko‘rsatmagan. Momotkova Sudja shahri ishg‘ol qilinganda o‘zini mustaqil evakuatsiya qila olmagan, chunki u harakatlana olmaydigan ahvolda edi. Uning yaqinlari Moskva oblastida yashagani sababli, uni olib chiqish imkoniyati bo‘lmagan.

Sudja shahridan evakuatsiya qilingan qo‘shnisi Lyudmila uni yaxshi tanigani va juda faol inson bo‘lganini eslaydi. U ketishidan oldin Momotkova uchun suv va oziq-ovqat qoldirganini aytib o‘tdi. Biroq, shaharda yashovchi boshqalar u hamda 93 yoshli Nina Xomenko o‘z holiga tashlab qo‘yilganini aytishgan. Xomenko hassakash yordamida harakatlangan va bir necha oy ko‘chada ko‘rinmagan. U 2024 yil sentabr oyida vafot etgan.

Ukraina va Rossiyadagi faollar qurbonlarning aksari tibbiy yordam yetishmasligi va parvarishsiz qolgani uchun vafot etganini bildirishgan. Bu asosan qariyalar bo‘lib, ular ijtimoiy xizmatlar parvarishida bo‘lgan. «7×7» nashri kamida beshta shunday holatni aniqlagan.

Sudja muzeyi qo‘riqchisi Mixail Yefimov, 1941 yilda Polshadagi konslagerni boshdan kechirgan va bir necha infarktni o‘tkazgan. Uning vafoti haqida muzey xodimlari dekabr oyida Ukrainaning Sudja shahridagi fuqarolarni Rossiyaga qaytarish jarayonida xabardor bo‘ldi.

Evakuatsiya qilinganlar orasida Ukraina hududidagi harbiy kanallar tomonidan efirga uzatilgan «Putinga keraksizlar» dasturini ko‘rganlar ham bor edi. Ushbu dasturda Ukraina armiyasining mahalliy aholiga munosabatiga oid lavhalar ko‘rsatilgan. Masalan, Aleksandr Naydenko o‘z qarindoshi Annaga murojaat qilib, onasi Tamara okkupatsiyaga dosh bera olmaganini ma’lum qilgan.

Sudja shahrida Nikolay Gorlachev to‘shakka mixlangan ahvolda bo‘lib, insult va suyak sinishi sabab harakatlana olmasdi. Uning qizi Lyudmila Gorlacheva «7×7» nashriga Ukrainaning harbiy kadrlaridan foydalanib, otasi «o‘n kun davomida yolg‘iz yotgani va keyin topilgani»ni bildirgan. Qo‘shnilari 25 kun davomida uni parvarishlab, oziqlantirgan, biroq u baribir vafot etgan. U yaqinlari tomonidan ko‘milganmi yoki rasmiy tartibda dafn etilganmi, bu haqda aniq ma’lumot yo‘q.

Bu va shunga o‘xshash holatlar okkupatsiya davrida qariyalar va o‘zini mustaqil boqa olmaydigan kishilar uchun eng katta xavf tibbiy yordam yetishmasligi va parvarishsiz qolish bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Odamlar o‘z kuchlari bilan o‘liklarni dafn etishgan

Ukraina nazoratidagi hududlarda halok bo‘lganlarning qarindoshlari «Putinga keraksizlar» dasturidan ular qayerda va kim tomonidan dafn etilganini bilib olishgan. Anna Kapustina nomli ayol, o‘z so‘zlariga ko‘ra, Leonidovo qishlog‘i butunlay vayron bo‘lgandan keyin Sudjaga kelgan. U ketishidan avval ikki qarindoshini bog‘ida dafn qilgan, biroq qabrlar ustiga xoch o‘rnatmagan.

Ukraina tomonidan e’lon qilingan videoda sudjalik Andrey Karpenko mahalliy aholi va Xamidovlar oilasi yordamida nogiron ayol Valentina dafn etilganini aytgan.

Ruhoniy Yevgeniy Shestopalovning so‘zlariga ko‘ra, sudjaliklar halok bo‘lganlarni imkon qadar o‘z kuchlari bilan ko‘mishgan. Uning do‘sti Yuriy Kravchenko yo‘l yoqasida ikki kun yotgan. U hech qanday qurolsiz volontyor bo‘lgan va evakuatsiya ishlari bilan shug‘ullangan.

Kurilovka qishlog‘ida 28 yoshli Aleksey Trubitsin dafn etilgan. U homilador Nina Kuznetsova o‘q yegan joyda 6 avgust kuni halok bo‘lgan. Ukraina askarlari uning onasiga o‘g‘lining jasadini olib, uyining hovlisida dafn etishga ruxsat berishgan.

Faol Vladimir Sinelnikovning aytishicha, odamlarni asosan bog‘lar, hovli, issiqxonalar va qishloq atroflarida ko‘mishgan. Fuqarolar dafn ishlarini o‘z kuchlari bilan amalga oshirishgan, nogiron yoki qariyalarning jasadlarini esa Ukraina harbiylari ko‘mishda yordam berishgan.

Goncharovka qabristoni ham halok bo‘lganlar dafn etilishi uchun ishlatilgan. Faollar bu jarayon 2022 yilda Ukrainadagi janglar paytida Xarkivda kuzatilgan holatga o‘xshaganini ta’kidlashdi. Biroq hozircha hovlilarda yoki bog‘larda dafn etilganlarga oid fotosurat yoki videolar topilmagan.

«Qizil Xoch» nima bilan mashg‘ul bo‘ldi?

Rossiya hukumati Ukraina nazoratida bo‘lgan hududlardan halok bo‘lgan fuqarolar jasadlarini olib chiqqani haqida ochiq ma’lumotlar mavjud emas. Ruhoniy Yevgeniy Shestopalovning fikricha, tomonlar o‘zaro kelishib olishda qiyinchiliklarga duch kelgan, shuning uchun jasadlarni olib chiqishning yagona yo‘li – ularni neytral davlat orqali tashish bo‘lgan. Ukraina va Rossiya shu maqsadda 22 noyabr va 3 mart kunlari Sudja rayoni aholisini evakuatsiya qilish uchun «yashil yo‘lak» tashkil qilgan, unda jami 79 kishi Rossiyaga qaytarilgan.

«Qizil Xoch» xalqaro tashkiloti ushbu «yashil yo‘lak»ni tashkil etishda vositachilik qilgan, biroq u ikki davlat o‘rtasida halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirish bo‘yicha muzokaralar yuritilgani haqida ma’lumot bermagan.

Kursk «Qizil Xoch» tashkiloti raisi Aleksey Gaponovning aytishicha, tashkilot joylardagi aholidan halok bo‘lganlar haqida ma’lumot yig‘ib, uni Rossiya IIVga topshiradi. Biroq jasad topilmaguncha, fuqaro rasman halok bo‘lgan deb e’tirof etilmaydi.

Gaponov halok bo‘lganlar bo‘yicha «Qizil Xoch»ga ma’lum bo‘lgan miqdorni ochiqlashdan bosh tortdi, bunga hukumat tomonidan o‘rnatilgan taqiq sabab qilib ko‘rsatilgan.

Rossiya «Qizil Xoch» tashkiloti va ko‘ngillilar Kursk oblastida norasmiy qabrlar ro‘yxatini yuritmoqda, lekin bu ro‘yxatni qo‘lga kiritish cheklangan. Ko‘ngillilar va evakuatsiya qilingan mahalliy aholi tashkilot veb-sayti orqali dafn etilganlar haqida ma’lumot beradi, keyin esa bu ma’lumotlar politsiyaga o‘tkaziladi.

Jasadlarga nisbatan qanday muomala qilinishi kerak edi?

Kursk hududiy hukumatida «kulrang zona» deb atalgan hududlarda halok bo‘lgan fuqarolar jasadlarini olib chiqish bo‘yicha rasmiy tartib belgilangan. Bu hududlar Ukrainaning to‘liq nazorati ostida bo‘lmagan, ammo doimiy tarzda o‘qqa tutilgan. Ular orasida Bolshesoldatskoye, Korenevo va Glushkovo rayonlari ham bor edi.

«7×7» nashri hudud rahbarlarining buyruqlarini ko‘rib chiqqan, unga ko‘ra, halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar Kursk oblasti favqulodda vaziyatlar bo‘limi huzuridagi idoralararo guruh tomonidan qayta ishlanishi kerak edi. Jasadlarni jang maydonlaridan olib chiqish — Rossiya Mudofaa vazirligi vazifasi. Ularni saralash, ro‘yxatga olish va saqlash esa Sud-tibbiy ekspertizasi byurosi va harbiy tergov idorasi zimmasiga yuklatilgan.

Hujjatlarga ko‘ra, ekspertlar favqulodda vaziyat hududiga borib, jasadlarni o‘rganishi mumkin edi, ammo 2025 yil yanvar oyigacha bunday holat sodir bo‘lmagan. Barcha hududlar rasman favqulodda vaziyat hududi deb e’lon qilingan, ammo amaliyotda ko‘p hollarda jasadlar olib chiqilishi qurolli kuchlar yoki fuqarolar tashabbusiga bog‘liq bo‘lgan.

Rayon ma’muriyatlari marhumlarni tashish uchun dafn marosimi kompaniyalari bilan shartnomalar imzolagan, ammo bu ishlar xavfsizlik ta’minlangandagina amalga oshirilgan. Masalan, Korenevo rayoni rahbari aytishicha, Mudofaa vazirligi ruxsatisiz jasadlarni olib chiqish mumkin bo‘lmagan.

Hukumatning rasmiy tartib-qoidalariga qaramay, Kursk aholisi ko‘p hollarda jasadlarni olib chiqish uchun hokimiyat va huquq-tartibot organlariga shaxsan murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Masalan, 22 yoshli Yana Grebennikova va uning ota-onasi 29 avgust kuni Glushkovo rayonida halok bo‘lgan. Rossiya harbiy manbalariga ko‘ra, Ukraina armiyasi Seym daryosi ustidagi ko‘prikni yo‘q qilgan, bu esa Grebennikovlar oilasining qochish imkonini cheklagan. Oila Rossiya tomoni qurgan ponton ko‘prigi orqali o‘tishga uringan paytda, Ukraina tomonidan aviabomba tashlangan.

Grebennikova oilasining yaqinlari hukumatga ko‘p marta murojaat qilganidan keyin, politsiya faqat 3 sentabr kuni Yana Grebennikovaning jasadini Kursk shahriga yetkazgan. Oila Belgorodda dafn etilgan.

Cherksskoye Porechnoye qishlog‘ida Ivan Baxtir dron hujumi natijasida halok bo‘lgan, uning tanasi bir necha kun ochiqda qolib ketgan. Qishloq Ukraina nazoratida bo‘lgani uchun oila uning jasadini olib chiqolmagan.

Faqat 2025 yil 9 mart kuni Rossiya mudofaa vazirligi qishloqni qayta nazoratga olgani haqida xabar bergan, ammo Ivan Baxtirning jasadi hamon topilmagan. Uning yaqinlari DNK ekspertizasi o‘tkazilmaguncha jasadni berishmasligidan xavotirda.

Shuningdek, 17 yanvar kuni Rossiya kuchlari Russkoye Porechnoye qishlog‘ini qaytarganidan keyin, yerto‘lalardan 22 ta jasad topilgan. Rossiya manbalari ular tinch aholiga tegishli ekani va ularning tanasida o‘q izlari borligini aytgan. Ammo Ukraina tomoni buni rad etib, ma’lumotlarni soxtalashtirish, deb baholagan.

Kursk oblasti hukumati halok bo‘lganlarning oilalariga ko‘mak berishini aytgan, ammo hujjatlarda halok bo‘lganlarning aniq ism-shariflari ko‘rsatilmagan.

Shu sababli, jasadlarni olib chiqish va dafn etish jarayoni ko‘p hollarda oilalarning o‘z tashabbusiga bog‘liq bo‘lgan va bu hali ham hukumat tomonidan to‘liq hal qilinmagan muammo bo‘lib qolmoqda.

Chegara hududlaridan jasadlarni olib chiqishda kim yordam berdi?

Mariya Skrob ko‘p yillar Korenevo rayonida yashagan, keyinchalik Kurskka ko‘chib o‘tgan. Ukraina qurolli kuchlari hujumi boshlanganidan so‘ng u «Korenevoliklarga yordam» nomi bilan yopiq chat tashkil qildi, u yerda mahalliy aholini evakuatsiya qilish ishlari muvofiqlashtirilgan. 

«Drug dlya druga» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, u 3 oy ichida chegara hududlarida qolgan 655 nafar fuqaroni evakuatsiya qilishga yordam bergan. Ular orasida Ikkinchi jahon urushi faxriysi 98 yoshli Klavdiya Tursina-Voytova ham bor bo‘lib, u mahalliy hukumat e’tiboridan chetda qolgan.

Mariya Skrob va uning ko‘ngillilari har kuni Korenevo posyolkasiga borish xavfli ekanidan ogohlantirib turgan. Minalar, granata tuzoqlari, jangovar dronlar hujumlari va raketalardan tashlanuvchi portlovchi moddalar sababli hudud xavfli edi, ammo shu bilan birga, u yerga qaytganlar halok bo‘lishda davom etgan.

«7×7» jurnalistlari Skrob chatida 17 kishi jasadlari haqida xabar topdi, ular 2024 yil 24 sentabrdan 7 dekabrgacha Korenevo rayonidan Kursk o‘likxonalariga olib kelingan. Aholini evakuatsiya qilish ishlarida harbiy politsiya ham qatnashgan. 2025 yil 13 yanvarda Skrob shunday yozgan: Snagost, Kremyanoye, Korenevo va Lyubimovka hududlaridan tinch aholi jasadlari olib chiqildi, boshqa qishloqlarda ishlar davom etmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi ko‘ngillilar mashinalarini maxsus radioelektron himoya tizimlari va «Bulat» dron detektorlari bilan jihozlagan, bu esa ularga hududda xavfsizroq harakatlanish imkonini bergan. Shuningdek, «Polk Margo» deb nomlangan tashkilot ko‘ngillilarga ikki yuzta jasad solinadigan plastik qop taqdim etgan.

Ko‘ngillilar ko‘p hollarda chirib ketgan jasadlarni olib chiqishga majbur bo‘lishgan. Ular razvedka dronlari tomonidan 2024 yil avgust oyida olingan videolar orqali tanib olingan. Masalan, Platon Mamatov nomli rossiyalik harbiy tomonidan yuborilgan videolar asosida jasadlarni identifikatsiya qilish ishlari amalga oshirilgan.

Mariya Skrob evakuatsiya ishlari davomida shaxsiy fojiani ham boshdan kechirdi. Uning onasi, 96 yoshli buvisi va o‘gay otasi Korenevo rayonidagi Krasnooktyabrskoye qishlog‘ida halok bo‘ldi. Sentyabr oyi o‘rtasida Mariya qishloqqa qaytib borganida uyi vayron bo‘lgani ustidan chiqqan. U har kuni vayronalarni tozalash bilan shug‘ullandi va ikki haftadan keyin onasining titan plastinkasi bo‘lgan suyagini, keyin esa qolgan jasad qismlarini topdi. Ota va buvi jasadlari ham shu yerdan topildi.

«Men o‘z qo‘llarim bilan ularning jasadlarini chiqardim», — dedi Skrob Kursk gubernatori Aleksey Smirnov bilan uchrashuvda. U o‘z yaqinlarining o‘limida Korenevo tumani rahbari Marina Degtyaryovani aybladi, chunki u evakuatsiyani o‘z vaqtida tashkil qilmagan. U shuningdek, Ukraina QK ham uning yaqinlari o‘limiga sababchi ekanini aytdi.

Mariya Skrob 18 noyabr kuni oila a’zolarini dafn etdi, ammo dafn joyi haqida ma’lumot taqdim etmagan. U jurnalistlar bilan muloqot qilishdan bosh tortgan.

Tinch aholi qurbonlari: Ukraina pozitsiyasi

Ukraina harbiylari 2024 yil oktyabr oyida The New York Times nashriga Kursk oblastida Jyeneva konvensiyalari buzilmagani va tinch aholiga qarshi hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilmaganini ma’lum qildi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Georgiy Tixiy Reuters agentligiga Rossiyaning harbiy mojaroda foydalanayotgan raqamlari soxta ekani va bu raqamlarni mustaqil tekshirish imkoni yo‘qligini ta’kidladi. «Agar Rossiya haqiqatan ham reallikni ko‘rsatishni xohlasa, BMT va Qizil Xoch tashkilotiga hududlarga kirish imkonini berishi kerak», – dedi Tixiy.

2024 yil avgust oyi o‘rtalarida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi Rossiyadan Kursk, Belgorod va Bryansk oblastlariga kirish uchun ruxsat so‘radi. Ularning maqsadi mojaro oqibatlarini baholash edi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganini bildirdi, biroq shundan keyin xalqaro kuzatuvchilarga kirish imkoniyati berilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lmadi.

2024 yil dekabr oyida BMT Bosh kotibi matbuot kotibi Farhan Haq «Izvestiya» nashriga tashkilot har ikki tomonni tinch aholi orasida qurbonlar sonini kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirganini bildirdi.

«7×7» nashri Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Mixaylo Podolyak bilan bog‘lanib, Rossiya bilan tinch aholi jasadlarini qaytarish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan-o‘tkazilmagani, shuningdek, kurskliklar Ukraina harbiylaridan dafn ishlarida yordam so‘ragan-so‘ramaganini aniqlashga urindi. Biroq Podolyak bu savollarga javob bermagan.

Mavzuga oid