Jahon | 22:09 / 19.03.2025
2919
11 daqiqa o‘qiladi

Trampning Putin bilan kelishuviga qaramay, Rossiya va Ukraina energetika obektlarini o‘qqa tutishda davom etdi

Tomonlar bunda bir-birini ayblamoqda.

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya dronlarining tungi hujumiga izoh berarkan, Rossiya rahbari Vladimir Putinning so‘zlari «reallikdan juda farq qilishi»ni aytdi. Rossiya harbiylari Putinning Tramp bilan muloqoti va Ukrainadagi energetika obektlariga zarba bermaslik bo‘yicha kelishuv ortidan o‘z dronlarini urib tushirganini da’vo qilmoqda. Rossiyada esa Ukraina dronlari hujumidan so‘ng neft bazasi yonib ketdi.

Voqealar rivoji qanday kechdi?

18 mart kuni Tramp prezidentlikka saylanganidan beri ikkinchi marta Putin bilan suhbatlashdi. Asosiy yangiliklardan biri Amerika yetakchisining Ukraina va Rossiyadagi energetika obektlariga zarba berishga moratoriy e’lon qilish taklifi bo‘ldi.

Bu haqda Kreml bayonotida shunday deyilgan: «Suhbat chog‘ida Donald Tramp mojaro tomonlari energetika infratuzilmasi obektlariga 30 kun davomida zarba berishdan o‘zaro tiyilish taklifini ilgari surdi. Vladimir Putin bu tashabbusga ijobiy munosabat bildirdi va darhol rus harbiylariga tegishli buyruq berdi».

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ham o‘z bayonotida energetika masalasini tilga oldi, ammo moratoriy haqida gapirmadi: «Yetakchilar tinchlik sari harakat energetika va infratuzilmaga zarbalarni to‘xtatish, shuningdek, Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish, o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va doimiy tinchlikni amalga oshirish bo‘yicha texnik muzokaralardan boshlanishiga kelishib oldi».

Shu bilan birga, Ukraina rasmiylari Putindan farqli o‘laroq, energetik obektlariga hujumlar to‘xtatilishini e’lon qilmadi – prezident Volodimir Zelenskiy faqat Kiyev bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi, biroq kelishuv tafsilotlari bo‘yicha ko‘proq ma’lumot olishi kerakligini aytdi. «Rossiya va Ukraina AQSh vositachiligida energetika infratuzilmasiga zarba bermaslikka kelishib olishi mumkin. Biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo Rossiya bizning energetikamizga zarba bersa, biz jim tura olmaymiz. Javob qaytaramiz», – dedi u.

19 mart kuni ertalab Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari tunda Rossiya Ukrainaga 145 ta zarbdor dron va oltita raketa bilan hujum qilgani haqida xabar berdi, ularning aksariyati urib tushirilgan yoki nishonga yetib bormagan. Rossiya mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, Ukrainaning 57 ta droni tutib qolinganini ma’lum qildi.

Krasnodar o‘lkasidagi Kavkaz stanitsasida dronlar hujumidan so‘ng neftni temiryo‘l sisternalaridan «Kaspiy quvurlari konsorsiumi» (KTK) xalqaro kompaniyasining quvur tizimiga o‘tkazishni ta’minlaydigan neft bazasida kuchli yong‘in boshlandi.

Ukraina muntazam ravishda Rossiyadagi neftni qayta ishlash obektlariga hujum qiladi va buni ushbu obektlar Rossiya armiyasiga yoqilg‘i yetkazib berishi bilan asoslaydi. Bir oy oldin dronlar «Kaspiy quvurlari konsorsiumi»ning qo‘shni stanitsadagi obektiga hujum qilgan, natijada «Kropotkinskaya» neft haydash stansiyasi ishdan chiqqan edi.

Rossiya kechasi Tramp va Putin o‘rtasidagi muloqotdan so‘ng Ukrainaning 12 ta hududiga dronlar bilan zarba berdi, deb xabar berdi Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari. Hujumlardan Sumi, Odessa, Poltava, Dnipropetrovsk, Kiyev va Chernihiv oblastlari jabrlangan.

Ukrainadagilarga ko‘ra, nishonlar orasida energetika obektlari ham bo‘lgan. «Ukrzalіznitsya» operatoriga ko‘ra, Dnipropetrovsk oblastida temiryo‘ldagi energiya tizimiga zarba berilgan, uning bir necha uchastkalari elektrsiz qolgan. Hujum oqibatlari bartaraf etilayotganida takroriy zarba ham bo‘lgan.

Sumida dron oblast klinik shifoxonasi tomiga qulagan (jabrlanganlar yo‘q). Kiyev oblastida dron parchalari qulashi oqibatida 20 ta taunhaus, 15 ta xususiy uy va 19 ta avtomobil shikastlangan, ikki kishi jabrlangan, deb xabar berdi hudud harbiy ma’muriyati.

Kiyev oblastida 19 martga o‘tar kechasi dronlar hujumi natijasida taunhauslar, xususiy uylar va avtomobillarga zarar yetdi.

Kiyev va Moskva nima dedi?

Moskva ham, Kiyev ham tungi hujumlarda Rossiya va AQSh prezidentlari o‘rtasidagi dastlabki kelishuvlarning buzilishini ko‘rdi.

«Hatto shu kecha, Putinning AQSh prezidenti Donald Tramp bilan suhbatidan so‘ng, Putin go‘yoki Ukraina energetikasiga zarba berishni to‘xtatishga buyruq berganini aytganidan keyin ham, bir kechada 150 ta dron, jumladan, energetika obektlariga ham uchib kelgan», – dedi Zelenskiy Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan Helsinkidagi matbuot anjumanida.

«Ya’ni Putinning so‘zlari reallikdan juda uzoq. Aynan shuning uchun mudofaa yordami, havo hujumidan mudofaamizga yordam kerak», – deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari.

Rossiya mudofaa vazirligi hujum bo‘yicha hisobotida zarbalar energetika tizimlariga emas, faqat harbiy infratuzilmalarga yo‘llangani — ularning nishonlari harbiy aerodromlar, dronlar saqlanuvchi joylar hamda o‘q-dori omborlari bo‘lganini ta’kidlagan.

Vazirlik shuningdek, Putinning energetika infratuzilmalariga zarba berishni to‘xtatish to‘g‘risidagi buyrug‘idan keyin Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning Mikolayiv oblastidagi energetika infratuzilmasi obektlariga hujum qilishi kerak bo‘lgan yettita zarbdor dronini urib tushirganini ma’lum qildi. Bayonotda aytilishicha, «Putinning buyrug‘i kelgan vaqtda» ular allaqachon havoga ko‘tarilib bo‘lgandi.

Rossiya mudofaa vazirligi boshqa hududlardagi obektlarga hujumlarni e’tiborsiz qoldirdi va o‘sha press-relizda Krasnodar o‘lkasidagi neft bazasiga berilgan zarba tufayli Kiyevni tanqid ostiga oldi. «Rossiya-AQSh muzokaralari yakunlanganidan bir necha soat o‘tib, Ukraina KTK quvur tizimiga neftni o‘tkazishni ta’minlaydigan obektga qasddan hujum uyushtirdi», – deyiladi bayonotda.

Mudofaa vazirligi zarbani «AQSh prezidentining tinchlik tashabbuslarini barbod qilishga qaratilgan» provokatsiya deb atagan. Kreml vakili Dmitriy Peskov ham xuddi shu ruhda fikr bildirdi.

«Albatta, bu hujumlar boshlangan paytda Rossiya prezidenti, Rossiya oliy bosh qo‘mondoni buyrug‘i haqida ma’lumotlar allaqachon keng tarqalgan edi. Kiyev rejimi hujumlarni bekor qilish uchun hech narsa qilmadi. Bunday harakatlar umumiy sa’y-harakatlarga ziddir», – deydi Peskov.

«Prezidentdan boshqa buyruq bo‘lmadi», – degan u jurnalistlarning Rossiya Ukraina energetika infratuzilmasiga zarbalarni vaqtincha to‘xtatish rejimiga amal qilishda davom etyaptimi, deb berilgan savoliga javoban.

Zelenskiy Helsinkidagi matbuot anjumanida Ukraina Rossiya zarba berishni to‘xtatishi kerak bo‘lgan energetika, infratuzilma va fuqarolik obektlari ro‘yxatini tayyorlab, ittifoqchilarga topshirishini aytgan.

«Putinning energetika tizimlariga zarba bermaslik haqida buyruq berayotgani haqidagi va’dalari va faqat so‘zlari yetarli emas. Nima uchun? Chunki bu urush bizni juda amaliy odamlarga aylantirdi, – dedi Zelenskiy. – Masalan, Putinning energetika va fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar bo‘lmasligi haqidagi so‘zlaridan keyingi tungi hujum. U buyruq berganini aytdi. Shundan so‘ng 145 ta zarbdor dron, to‘rtta S-300 raketasi, ikkita «Iskander» ballistik raketasi uchirilgan. Zarbalar temiryo‘lga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari korxonalariga, shuningdek, 21 ta fuqarolik uyiga zarar yetkazgan. Quruq so‘zlarning o‘zi yetarli emas».

«Va agar bizda shunday kelishuv bo‘lsa, obektlar ro‘yxati bo‘ladi – u bizda bor – fuqarolik, energetika, infratuzilma obektlari ro‘yxati (bu ro‘yxatni ham albatta tayyorlaymiz va hamkorlarimizga beramiz) va agar ruslar bizning obektlarimizga zarba bermasa, biz ham ularning obektlariga zarba bermaymiz», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Zelenskiy, shuningdek, chorshanba kuni AQSh prezidenti bilan gaplashishini aytdi. «Bugun men prezident Tramp bilan aloqaga chiqaman. Biz bugun keyingi qadamlar tafsilotlarini muhokama qilamiz. O‘ylaymanki, undan Putin bilan suhbati tafsilotlarini eshitaman», – dedi Ukraina prezidenti jurnalistlarga.

Keyinroq Oq uy apparati rahbari o‘rinbosari Den Skavino Donald Tramp Ukraina prezidenti bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida xabar berdi.

Biroz o‘tib Trampning o‘zi ham bir soatcha davom etgan suhbat «juda yaxshi» yakunlagani haqida xabar berdi.

«Muhokamalarning aksariyati Rossiya va Ukrainaning so‘rov va ehtiyojlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha prezident Putin bilan kechagi suhbatga asoslangan edi. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz va men Davlat kotibi Marko Rubio va Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolsdan muhokama qilinayotgan mavzularning aniq tavsifini berishni so‘rayman. Bu bayonot tez orada e’lon qilinadi», – deb yozdi Tramp.

Tramp Zelenskiyga bosim o‘tkazib, Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini boshlashni talab qilmoqda. Ukraina prezidentining Vashingtonga tashrifi Oq uydagi tortishuvdan keyin barbod bo‘lgandi. Shundan so‘ng Saudiya Arabistonida AQSh-Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Ularda Ukraina AQShning 30 kunlik sulh bo‘yicha taklifiga rozi bo‘ldi, biroq Rossiya tomonidan bu talabni qabul qilish va bir vaqtning o‘zida bajarish sharti bilan. Putin sulhni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi va o‘z shartlarini ilgari surdi.

Kremlning ta’kidlashicha, Putin Tramp bilan telefon orqali muloqotda tinchlik muzokaralarining asosiy sharti sifatida «Kiyevga harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini taqdim etishni to‘liq to‘xtatish»ni aytgan.

Biroq Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Putin Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatish talabini qo‘ymaganini aytdi: «Biz umuman yordam haqida gaplashmadik. Biz ko‘p narsalar haqida gaplashdik, lekin hech qachon yordam haqida gapirilmadi».

AQSh va Rossiya delegatsiyalari 23 mart, yakshanba kuni Saudiya Arabistonida uchrashadi, deb xabar bergan ushbu telekanalga AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff. Amerika tomonidan AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols va davlat kotibi Marko Rubio ishtirok etadi. Rossiya delegatsiyasi tarkibi hozircha e’lon qilinmagan.

Mavzuga oid