Jahon | 20:27 / 20.03.2025
3429
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Razvedka Trampga Kursk oblastidagi ukrainalik harbiylar qurshovda emasligini ma’lum qilgan

Shunga qaramay, AQSh prezidenti Kursk oblastidagi UQK askarlari rossiyalik harbiylar tomonidan qurshovga olinganini ta’kidlab kelmoqda.

Foto: Reuters

Amerikaning razvedka agentliklari, jumladan, Markaziy razvedka boshqarmasi Oq uyga Ukraina harbiylari so‘nggi kunlarda Kursk oblastida orqaga chekingani, biroq qurshovga olinmagani haqida ma’lumot bergan. Ammo AQSh prezidenti Donald Tramp bu borada o‘z fikrida qat’iy turib olgan, deb xabar beradi Reuters.

Qayd etilishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi holatiga oid razvedka ma’lumotlari Oq uyga o‘tgan hafta yuborilgan.

14 mart kuni Tramp «minglab ukrain askarlari» Rossiya harbiylari qurshovida va juda yomon holatda ekanini ma’lum qilgandi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «ularga rahm qilish»ga chaqirdi. O‘z navbatida Putin Trampning iltimosini bajarishga tayyorligini ma’lum qildi.

Oradan ko‘p o‘tmay Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Kursk oblastidagi ukrainalik harbiylar «qurshovda ekani» to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Ammo 19 mart kuni Tramp Fox News’ga bergan intervyusida Kursk oblastidagi UQK Rossiya qo‘shinlari tomonidan qurshab olinganini takrorladi. «Rossiyada ustunlik bor. Bilasizki, ular 2,5 mingga yaqin ukrainalik askarni qurshovga oldi. Ular jiddiy qurshab olingan va bu yaxshi emas», — dedi Tramp.

Mavzuga oid