Jahon | 23:34 / 19.03.2025
2954
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Putin muloqoti: bayonotlarga qarab, qanday xulosalar qilish mumkin?

18 mart kuni butun dunyo kutayotgan telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lib o‘tdi: Ukrainadagi urushni tugatishni va’da qilayotgan AQSh prezidenti rossiyalik hamkasbiga qo‘ng‘iroq qildi. Xo‘sh, ular nimalarni muhokama qilishdi? Dastlabki xulosalar qanaqa? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar Oybek Sirojov va Kamoliddin Rabbimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Tramp va Putin muloqoti real haqiqatda samarali o‘tdi deyish mumkinmi?

Oybek Sirojov: Ikki tomon ham 2 soatdan ortiq davom etgan muloqotni ijobiy baholadi. Ayniqsa, Tramp jamoasi matbuot anjumanida Putin bilan bo‘lgan suhbatni yuqori baholadi. Muzokarada ko‘tarilgan barcha mavzular ham ommaga ochiqlanmaydi. Odatda voqealarning keyingi rivojiga qarab muzokaralar mazmuni va ruhini tahlil qilish mumkin.

Umumiy olib aytganda, bu muloqotni tinchlikka erishish tomon konstruktiv baholayman.

— Tramp va Putin biror aniq shartlarda va’dalashdimi?

Kamoliddin Rabbimov: Suhbat vaqti va tomonlarning bayonotlariga e’tibor bersak, muloqot anchagina og‘ir o‘tgan. O‘zaro iliq mulozamatlar bo‘lgandir, lekin Putin tomonidan qo‘yilgan shartlar to‘liq qabul qilinmagani aniq.

Suhbatdan keyingi bayonotlarga qarasak, 175-175 formatida asirlarni almashtirish haqida kelishuv bor, lekin asosiy strategik nuqtalarda, jumladan urushni to‘laqonli to‘xtatish masalasida ahdlashuv bo‘lmadi. Chunki Rossiya tomoni Ukrainani qurollantirish, razvedka ma’lumotlari uzatish kabilarni to‘xtatish shartini qo‘yyapti. Lekin bunday talablar Rossiya tomoniga ham aytilgani haqida AQShning bayonotida hech qanday band yo‘q. Ikki tomon ham o‘z shartlarini aytib, vaziyatni ohista paypaslab ko‘ryapti.

Menimcha, muloqotdagi eng muhim nuqta – AQSh-Rossiya birgalikda doimiy ishchi guruh tuzishi bo‘ldi. Bu ishchi guruhning ishi ham juda chigal bo‘ladi, chunki Putin qo‘ygan eng og‘ir talab – Ukrainaning NATOga qo‘shilmasligi bo‘yicha kafolat berilishi, Ukrainaning harbiy kontingenti cheklanishi kerakligi, umuman olganda, Ukraina Rossiya orbitasida bo‘lishi. O‘ylaymanki, bu shartlarga Yevropa ham, Tramp ma’muriyati ham rozi bo‘lmasa kerak.

Suhbat davomida siyosatshunoslar 30 kunlik energetik tuzilmalarga hujum qilmaslik kelishuvi, Rossiya talablarining munozarali nuqtalari, RFning Qora dengizdagi kemalar xavfsizligiga intilishi, shuningdek, tinchlikka erishish jarayonlarida Ukrainaning o‘zi va Yevropaning ishtirokini ham muhokama qilishdi.

Suhbatni to‘liq shaklda video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid