Hindistonlik milliarder Mukesh Ambani oilasi Bloomberg agentligi tomonidan tuzilgan Osiyoning eng badavlat 20 ta oilasi reytingida birinchi o‘rinni egalladi.
Ro‘yxatdan shuningdek, Hindiston, Tailand, Xitoy, Indoneziya, Malayziya va boshqa davlatlarning badavlat oilalari o‘rin olgan. Hindistondagi Reliance Industries konglomeratiga egalik qiluvchi Ambani oilasi 90,5 milliard dollarlik moliyaviy aktivlari sabab ro‘yxatda birinchi o‘rinni egalladi
Reytingda ikkinchi o‘rin 42,6 milliard dollar boylikka ega Tailanddagi Cheravanont oilasiga nasib etdi — ular oziq-ovqat mahsulotlari va Osiyodagi yetakchi telekommunikatsiya biznesi bilan shug‘ullanuvchi Charoen Pokphand kompaniyalar guruhiga egalik qiladi. Indoneziyalik bankir Xartono esa 42,2 milliard dollarlik kapital bilan uchinchi o‘rinni band etdi. Bloomberg Ambanidan tashqari ro‘yxatga yana oltita hind milliarderlari oilasi ham kiritgan.
Hindistondagi milliarderlarning jami boyligi oxirgi 10 yil uch barobarga oshgan va hozirda 905,6 milliard dollarni tashkil etmoqda. Shveytsariyaning UBS Group moliyaviy holdingi ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqt ichida hind milliarderlari soni ikki barobardan ziyodga oshgan va 300 ga yaqinlashgan. Mamlakatda ayni vaqtda kapitali 1 milliard dollardan oshadigan 108 ta oilaviy korxona ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich orqali Hindiston dunyodagi top-3 likka kiritilgan. Oilaviy biznes Hindistonning iqtisodiy o‘sishida muhim rol o‘ynagan va mamlakatning iqtisodiy o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Urbanizatsiya, sanoat salohiyatining o‘sishi va Hindistonning yashil energiyaga o‘tishi kabi omillar hind milliarderlari sonining sezilarli darajada oshishiga olib kelgan.
Prognozlarga ko‘ra, yaqin o‘n yilda Hindistondagi milliarderlar soni Xitoyda 2020 yilgacha kuzatilgan holat kabi o‘sishda davom etadi.