Jahon | 20:44 / 01.04.2025
2825
4 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Trampning «ikkilamchi bojlar» tahdididan so‘ng Rossiya neftiga muqobil izlashni boshladi

Hindistonlik neftni qayta ishlovchilar sanksiyalarga duchor bo‘lgan Rossiyaning «xufyona floti»ning tankerlarini o‘rnini bosuvchi topib, muntazam yetkazib berishlar tiklanishiga umid qilishga ulgurmasdan, yangi xavflar yuzaga keldi.

Foto: Bloomberg

Donald Tramp agar Moskva Ukrainadagi urushni tugatish uchun tinchlik kelishuviga rozi bo‘lmasa, Rossiya neftini xarid qiluvchilarga qarshi «ikkilamchi bojlar» joriy etish bilan tahdid qildi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, davlatga qarashli Bharat Petroleum va Hindustan Petroleum kompaniyalari may oyi uchun Yaqin Sharq, Shimoliy dengiz va O‘rta Yer dengizi kabi mintaqalardan neft xarid qilish uchun qo‘shimcha tenderlar uyushtirishni boshladi. Bu hafta o‘tkazilayotgan tenderlar odatdagi xarid sikllaridan tashqariga chiqadi. Treyderlarning ta’kidlashicha, shoshilinch auksionlar Hindistonning mart-aprel oylarida rossiyalik yetkazib beruvchilardan sotib olgan barcha barrellarini olish imkoni yo‘qligi yuzasidan xavotirini anglatishi mumkin.

Shu vaqtgacha Vladimir Putinga nisbatan iliq fikr bildirgan Tramp 30 mart kuni Rossiya prezidentidan juda g‘azabda ekanini aytdi. «Agar biz Rossiya bilan Ukrainadagi qon to‘kilishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olmasak va men bunda Rossiyaning aybi bor deb hisoblasam, Rossiya neftiga nisbatan ikkilamchi bojlar joriy qilaman», — dedi Tramp. O‘tgan hafta u Venesuela neftiga nisbatan shunday chora ko‘rdi, biroq mutaxassislar buni samarasi shubhali yangi vosita, deb baholamoqda.

Rossiya bo‘yicha Tramp boj miqdori 25 foizdan 50 foizgacha bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi hamda uni xarid qilishda davom etuvchi kompaniyalarga AQShda biznes yuritish taqiqlanishini bildirdi. Shundan so‘ng u Rossiyaga nisbatan «psixologik dedlayn» belgilaganini aytdi. «Agar ular vaqti cho‘zsa, men bundan xursand bo‘lmayman», — dedi Tramp.

Ertasi kuni u bu bayonotni bir oz yumshatib, shunday dedi: «Men Putin tinchlik kelishuvini amalga oshiradi, deb ishonaman va shunga ishonch hosil qilmoqchiman. Men ularning neftiga ikkilamchi bojlar joriy qilgim yo‘q, lekin, agar u harakat qilmapti deb hisoblasam, qandaydir chora ko‘rgan bo‘lardim».

Iqtisodchi va tahlilchilar Tramp tomonidan ilgari surilgan «ikkilamchi bojlar» samaradorligiga shubha bildirmoqda (uchinchi davlatlarga nisbatan qo‘llanilayotgan ikkilamchi sanksiyalardan farqli o‘laroq). Singapurdagi Vanda Insighs muassisasi Vandana Harining ta’kidlashicha: «Asosiy savol shundaki, yangidan yangi shoklar Hindistonning Rossiya neftiga bo‘lgan qiziqishini yo‘qqa chiqara oladimi?» Uning fikricha, Rossiya nefti imtiyozli narxlarda sotilayotgan bir vaqtda bu ehtimol kam. «Bu — Tramp tomonidan savdo uyushtirish uchun qilingan nayrang», — deydi Hari.

Biroq u neftni qayta ishlovchilar tayyor turishi shart, chunki yetkazib berish xavfi qay darajada bo‘lmasin, faqat hissiyotga tayana olmaydi, degan.

Aynan shu noaniqlik tufayli Hindiston NQZlari Tramp Venesuela neftini xarid qiluvchilarga qarshi ikkilamchi bojlar joriy qilaman, deya tahdid qilgach, bu mamlakatdan neft xaridini to‘xtatdi.

Jo Bayden ma’muriyati tomonidan 10 yanvarda joriy qilingan «xayrlashuv sanksiyalari» ortidan Rossiya neft yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli, hindistonliklar aprel oyidagi yuklamalar uchun yetarlicha Rossiya nefti sotib olish bo‘yicha kelishib olgandi va bu orqali boshqa mintaqalarning qimmatroq navlarini spot bozorda xarid qilishdan voz kechmoqchi edi. Yangi yuklarni sanksiyaga uchramagan kemalar tashiydi, ular yuqori fraxt to‘lovlari sabab hind yo‘nalishlariga jalb etilgan.

Mavzuga oid