O‘zbekiston | 11:39 / 25.03.2025
1768
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hindistonlik sayyohlar sonini uch baravar oshirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi delegatsiya mintaqa sayyohlik hayotidagi eng yirik voqea – Janubiy Osiyo sayohat va turizm ko‘rgazmasida (South Asia’s Travel & Tourism Exchange - SATTE) faol ishtirok etdi.

Foto: kalpak-travel.com

Mamlakat milliy paviloni uchrashuv va muzokaralar uchun eng gavjum maydonchalardan biriga aylangani Hindiston ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortdi. Ular O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va bu boradagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida turkum materiallar chop etdi.

Ommabop The Print nashrida chop etilgan "O‘zbekiston Hindistonni vizasiz tartibga ega davlatlar qatoriga qo‘shishni rejalashtirmoqda, 2030 yilga borib hindistonlik sayyohlar sonini uch baravar oshirishni rejalashtirmoqda" sarlavhali maqolada Hindiston O‘zbekiston uchun ustuvor bozorga aylangani haqida so‘z yuritilgan.

Nashr Umid Shodiyevning "Maqsadimiz 2030 yilga borib O‘zbekistonga kelayotgan hindistonlik sayyohlar sonini uch baravar oshirishdan iborat. Hindiston pasporti egalari allaqachon elektron viza olish huquqiga ega. Hindistonni yaqin kelajakda O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga qo‘shish masalani o‘rganmoqdamiz", degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Maqola muallifi The Print o‘quvchilari e’tiborini bugungi kunda mamlakatimizda "O‘zbekiston 2030" strategiyasi samarali amalga oshirilayotganiga qaratgan.

"Maqsadimiz – 2030 yilga borib mamlakatga yiliga 15 million xalqaro sayyohni jalb etishdir", - degan Umid Shodiyev nashrga.

Xalqaro sayohatchilar soni 2017 yildagi 2,7 million nafardan 2024 yil rekord darajadagi 10 millionga yetdi, xalqaro o‘sish birgina o‘tgan yilning o‘zida 24 foizga oshdi, deya urg‘ulagan The Print nashri.

Mavzuga oid