«Kursk oblastidagi amaliyot». Zelenskiy va Putin bu haqda nimalar demoqda?

Jahon 12:05 / 13.08.2024 27589

12 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin chegaradosh oblastlardagi vaziyat muhokama etilgan yig‘ilish o‘tkazdi.

Uchrashuvda RF xavfsizlik kengashi a’zolari, hukumat vakillari, kuchishlatar idoralar rahbarlari, shuningdek Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlari gubernatorlari qatnashdi.

Yig‘ilish avvalida Putin Kursk oblastidagi vaziyat bo‘yicha qisqacha izoh berib, buni yana bir bor ukrainlar provokatsiyasi deb atadi hamda rossiyalik harbiylardan «raqibni mamlakat hududlaridan siqib chiqarish va chegara xizmati bilan birgalikda davlat chegarasining ishonchli muhofazasini ta’minlash»ni talab qildi.

Bu Rossiya prezidentining ushbu mavzu bo‘yicha ilk bayonoti emasdi. O‘tgan haftaning chorshanba kunida u Rossiya hududidagi harbiy harakatlarni «keng ko‘lamli provokatsiya» deb atagandi, payshanba kuni — harbiy harakatlar hududidan evakuatsiya qilinganlar uchun bir martalik 10 ming rubl miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishni va’da qildi.

Shundan keyin Putin so‘zni chegaradosh oblastlar rahbarlariga bergan. Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov o‘z chiqishida regiondagi vaziyatni «murakkab» deb atagan.

«Bugungi kunda 28 ta aholi yashash punkti raqib nazorati ostida. Kursk oblastiga kirib kelish chuqurligi 12 kilometrni, front kengligi — 40 kilometrni tashkil etadi», — degan Smirnov.

Bu iboradan keyin Vladimir Putin uning so‘zini bo‘lgan va bunday ma’lumotlar Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilishini aytgan, u region rahbariga buning o‘rniga ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimi to‘g‘risida so‘zlashni taklif etgan.

Shunga qaramay, Smirnov raqib qo‘liga o‘tgan 28 ta aholi yashash manzili haqida yana to‘xtalgan va rasmiylar bu hududlarda qolgan 2 ming kishining taqdiridan bexabarligini aytgan. U hozirda Kursk oblasti aholisi evakuatsiyasi bo‘yicha raqamlarni keltirgan: to‘rtta rayonning 10 kilometrlik hududida, shuningdek Sudjanskiy va Korenevskiy rayonlari to‘liq. Gubernator Kursk oblastiga bosqin boshlanganidan buyon tinch aholi vakillari orasida 12 kishi halok bo‘lgani, 121 kishi yaralangani, shundan 10 nafari bolalar ekanini qo‘shimcha qilgan.

Bugungi kunga qadar Rossiya hukumati ham, Ukraina hukumati ham Kursk oblastida egallangan aholi yashash manzillari to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlarn e’lon qilmadi. Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlarining shaxsiy tarkib va texnikalar bo‘yicha yo‘qotishlari to‘g‘risida hisobot berish bilan cheklanmoqda, RF QK bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov 7 avgust kungi yig‘ilishda «raqibning Kursk yo‘nalishida oldinga yurishi to‘xtatilgani» haqida ma’lum qilgandi.

O‘z navbatida, Kiyev hozirga qadar Kursk oblastidagi harbiy harakatlar bo‘yicha rasmiy izoh bermayotgandi.

Novo-Ogaryovodagi yig‘ilishda vazirlar va kuchishlatar tuzilmalar rahbarlari qatnashdi. Foto: kremlin.ru

Ammo 12 avgust kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bosh shtab yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida ma’lum qildi. «Eng asosiy gaplar — bosh qo‘mondon Oleksandr Sirskiyning frontdagi mudofaa harakatlarimiz va Kursk oblastidagi amaliyotimiz borasidagi hisoboti bo‘ldi», — deya yozgan Zelenskiy. 

Yig‘ilishda videoaloqa orqali qatnashgan Sirskiy ukrain harbiylari «Kursk oblasti hududida yurish harakatlarini davom ettirayotgani»ni aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Rossiya regionlarining 1000 kvadrat kilometrga yaqin hududi Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida.

Keyinroq Volodimir Zelenskiy har kuni kechqurun yo‘llaydigan videomurojaatida Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida egallagan hududlar — Rossiya Ukrainaning Sumi oblastiga zarbalar yo‘llab kelgan hududlar ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyot Ukrainaning chegara hududlari xavfsizligini ta’minlaydi va uning asosiy maqsadi — «chegara hududini rossiyalik harbiylardan tozalash» hisoblanadi. Zelenskiy shuningdek «almashuv fondini to‘ldirayotgan» ukrain harbiylariga minnatdorchilik bildirgan.

U Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukmronligining «boshlanishi va yakunlanishi»ni 24 yil oldin yuz bergan «Kursk» atom suvosti kemasi halokati va hozir yuz berayotgan Kursk oblastidagi harbiy harakatlar bilan bog‘ladi.

«Biz haqiqatan ham Rossiya Putin davrida qanday harakat qilayotganini ko‘ryapmiz: 24 yil oldin «Kursk» falokati yuz berdi — bu uning hukmronligining ramziy boshlanishi edi. Endi uning uchun final nima ekani aniq. Bu ham Kursk. U boshlagan urushning falokati. Bu holat odamlarni va har qanday qoidalarni mensimaydiganlar bilan doim sodir bo‘ladi. Rossiya boshqalarga urush olib keldi, endi urush uning uyiga qaytadi. Ukraina har doim faqat tinchlikni xohlaydi va biz tinchlikni albatta ta’minlaymiz», dedi Zelenskiy.

Bundan tashqari, Zelenskiy mudofaa vazirligi va diplomatlarga hamkorlardan Ukraina hududini himoya qilishda uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollardan foydalanishga ruxsat olish uchun zarur harakatlar ro‘yxatini taqdim etish bo‘yicha topshiriq berganini aytgan.

Dushanba kuni Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov fransuz hamkasbi bilan suhbatda Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga chaqirgani haqida aytgandi.

«Fransiya qurolli kuchlari vaziri Sebastiyen Lekornyu bilan samarali suhbat qurdik, — deya yozgan Umerov X ijtimoiy tarmog‘ida. — Men dushman hududidagi harbiy nishonlarga zarbalar berishga taqiqni bekor qilish zarurligini ta’kidladim».

Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi maqsadlari qanday bo‘lishi mumkin?

G‘arb nashrlari Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga hujumidan ehtimoliy maqsad va vazifalarini tahlil qilmoqda.

Xususan, Wall Street Journal gazetasi yozishicha, Ukraina Kursk oblastiga kutilmaganda hujum qilishi va tezda hududlarni egallab olishi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni noqulay holatga tushirib, so‘nggi bir yilni qonli mudofaa janglarida o‘tkazgan ukrainlarning ruhiyatini ko‘targan.

Ammo bu amaliyotning davom ettirilishi — Rossiya qat’iyat bilan oldinga intilayotgan sharqiy frontda jonli kuch va harbiy texnikalar yetishmayotgani hisobga olinsa, xavfli tavakkalchilik bo‘ladi.

Rossiya frontning boshqa uchastkalaridagi qo‘shinlarini [Kursk frontiga] ko‘chirib olib o‘tmoqda, garchi bu Ukraina qo‘mondonligi istagan sur’atlarda bo‘lmasa ham, deya yozgan Economist jurnali.

«Ularning (Rossiya qo‘shinlari) qo‘mondonlari ahmoq emas. Ular harakatlanuvchi kuchlar, lekin biz xohlaganchalik tez emas. Ular bilishadiki, biz logistika yo‘lini 80 yoki 100 kilometrga kengaytira olmaymiz», — degan Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi vakili nashrga.

«Minimum maqsad — bu, aftidan, Rossiya qo‘shinlari bu urushdagi asosiy uchastkalar bo‘lib turgan Xarkiv va Donbassdan olib chiqilishiga erishishdir. Hozircha, ko‘rayotganlarimizga qarasak, natijalar yaqqol emas. Rossiya Xarkiv frontidan qo‘shinlarni olib ketmoqda, ammo Donbass frontidan ko‘chirilgan qo‘shinlar soni ancha kam», — deya yozgan nashr.

BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev Ukrainaning ehtimoliy maqsadlari qatorida Kiyevning ehtimoliy muzokaralardagi pozitsiyasini yaxshilash rejasini ham keltirgan. Uning so‘zariga ko‘ra, Rossiya-Ukraina urushi realligi shuni ko‘rsatadiki, agar dushman mustahkam o‘rnashib olgan bo‘lsa, undan egallab olgan hududini qaytarib olish juda qiyin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: