O‘zbekiston | 17:33 / 18.02.2023
18458
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent jamoat transportida 1 apreldan boshlab moslashuvchan tariflar joriy etiladi

Agar yo‘lovchi 1 soat ichida bir nechta avtobusga chiqsa, birinchisidan keyingi safarlar uchun kamroq yo‘lkira to‘laydi yoki umuman to‘lamaydi. Jamoat transporti turidan (avtobus, metro) qat’i nazar amal qiladigan kunlik, oylik, uch oylik, olti oylik va yillik chiptalar sotuvga chiqadi. Yo‘lovchilar yo‘lkirani naqdsiz to‘lashga rag‘batlantiriladi.

Foto: Kun.uz

1 apreldan Toshkent jamoat transportida moslashuvchan tariflar joriy etiladi. Bu – 16 fevral kuni imzolangan “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra:

  • 1 soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tariflar qo‘llanadi;
  • yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan foydalanishda, uning turidan qat’i nazar, kunlik, bir oylik, uch oylik, olti oylik va yillik cheklangan va cheklanmagan tarif rejalari joriy etiladi;
  • yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflar belgilanadi.

Toshkent shahar hokimligiga yangi tariflarni ishlab chiqib, shahar kengashidan va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazgan holda 2023 yil 1 apreldan boshlab amaliyotga joriy etish yuklatildi. Bu tizim keyinchalik boshqa hududlarda ham joriy etiladi.

Yo‘lkirani elektron tarzda to‘lashga rag‘batlantirish uchun hududlarda naqd to‘lovlar bo‘yicha tariflarni 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Bu qarorga asosan, shaharlarda avtobus muntazam yo‘nalishlari bo‘yicha cheklangan tariflar asosida yo‘lovchi tashish faoliyati brutto-shartnoma tizimiga o‘tkaziladi va shunga ko‘ra moliyalashtiriladi.

Brutto-shartnoma modelida, tashuvchi korxonalarga yo‘nalishlarning daromadliligiga qarab yo‘lkira haqini yig‘ib topshirish bo‘yicha kunlik maqsadli reja (“plan”) qo‘yilmaydi. Yo‘lkiradan tushum qancha bo‘lishidan qat’i nazar, bu mablag‘ shahar budjetidagi maxsus hisobraqamga o‘tkaziladi. Shahar ma’muriyati tashuvchi korxonalar bilan bosib o‘tilgan yo‘l va sifat mezonlariga asoslanib hisob-kitob qiladi.

Bunda sifat ko‘rsatkichi – jadval va intervallarga rioya qilinishi hamda sanitariya sharoitlari asosida o‘lchanadi.

Tashuvchilarning yo‘nalish ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmi va sifatini aniqlash va baholash, shuningdek, yo‘lkira to‘lanishini nazorat qilish uchun hududiy transport boshqarmalari qoshida avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimi tashkil etiladi.

Har bir avtobus yo‘nalishi bo‘yicha tashuvchi korxona elektron tender asosida tanlanadi.

Tashuvchilarga cheklangan tariflarda xizmat ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlar davlat budjetidan qoplab berilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyigacha Toshkentga mingta yangi avtobus olib kelinishi kutilmoqda. Ulardan 200 tasi 18 metrli bo‘ladi. Shuningdek, yil oxirigacha Nukus shahri va viloyatlar markazlari uchun jami mingta avtobus xarid qilinishi ham ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid