O‘zbekiston | 21:25 / 17.11.2022
5962
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi 2 ta bog‘chada 45 nafar bolaning zaharlanishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, Farg‘ona viloyatidagi 4 ta bog‘chada tarbiyalanuvchilarning zaharlanishini tergov qilgan prokuratura tergovchisi bu hodisada biror bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan deb topgan va jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilgan. Biroq qo‘shimcha o‘rganishlar bu qaror barvaqt qabul qilinganini ko‘rsatgan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil shu yilning sentabr oyi o‘rtalarida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 22, 39-sonli va Marg‘ilon shahridagi 16, 24 sonli bog‘chalarda tarbiyalanuvchilarning ovqatdan zaharlangani holatini joyiga chiqib o‘rgangan.

O‘rganish natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumot tayyorlanib, kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida tavsiyalar ishlab chiqilgan va u tegishli davlat idoralariga, xususan, Bosh prokuraturaga yuborilgan.

“Farg‘ona viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida Marg‘ilon shahri va Oltiariq tuman prokuraturasi tomonidan tergov oldi tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Xususan, Marg‘ilon shahridagi 16 va 24-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 18 nafar tarbiyalanuvchining oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanganlik holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar o‘rganilib, mazkur holatda biror bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan degan sabab bilan 18.10.22 yilda shahar prokuraturasi tergovchisi tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Biroq mazkur qaror ishi hujjatlari bo‘yicha to‘liq tekshiruv harakatlari olib borilmasdan, barvaqt qabul qilingani aniqlanib, 26.10.22 yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshirish harakatlarini olib borish uchun tuman IIB TBga yuborildi”, deyiladi rasmiy axborotda. 

Ta’kidlanishicha, Oltiariq tumanidagi 22 hamda 39-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida to‘plangan hujjatlar asosida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi xulosalariga ko‘ra, 45 nafar tarbiyalanuvchi oziq-ovqat va sut mahsulotidan yengil darajali o‘tkir zaharlanishi, bu belgi yengil shikastlar toifasiga kirishi aniqlangan.

Ushbu bog‘chalarda sanitariyaga oid qonunchilik buzilishi odamlarning ommaviy kasallanishi va zaharlanishiga olib kelgani sababli 14 oktabr kuni Oltiariq tuman prokuraturasi tomonidan JKning 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Ayni paytda mazkur jinoyat ishi yuzasidan Oltiariq tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Qayd etish lozimki, yuqoridagi MTMdagi holatlar Bolalar Ombudsmanining qat’iy nazoratida turibdi”, deyiladi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili axborot xizmati tomonidan tarqatilgan bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onadagi bog‘chada bolalarning ommaviy zaharlanishi qayd etilgani haqida xabarlar tarqalgan, buning ortidan prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotgani, ekcpertiza tekshiruvi uchun tegishli namunalar olinib, sud-tibbiy ekspertizalari tayinlangani aytilgandi.

Kun.uz muxbiri surishtiruvi davomida shu yilning 14 sentabr kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 39-bog‘cha tarbiyalanuvchilarida holsizlik, ich ketishi, qayt qilish va tana harorati ko‘tarilishi kuzatilgani, buning ortidan 42 nafar bola tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgani ma’lum bo‘lgandi. Ota-onalarga ko‘ra, mas’ullar farzandlarining holatini ular havodan zaharlangani bilan izohlashgan.

Mavzuga oid

E`lonlar