O‘zbekiston | 17:07
5030
6 daqiqa o‘qiladi

“Prezident ishonch bildirgan talaba” - transport vazirining 24 yoshli yordamchisi Kamola Irisqulova hikoyasi

Toshkent davlat transport universiteti magistraturasida tahsil olayotgan Kamola Irisqulova joriy yil 18 fevralda transport vaziri yordamchisi sifatida ish boshladi. Kamola Zulfiya nomidagi davlat mukofoti, Prezident hamda Beruniy nomli davlat stipendiyalari sohibasi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda amaldorlik faoliyati va ilmiy izlanishlari haqida gapirib berdi.

Kamola Irisqulova Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tug‘ilgan. 24 yoshda. Jizzax politexnika institutida o‘qishni tamomlab, Toshkent davlat transport universiteti magistraturasiga davlat granti asosida qabul qilingan.

“Hovlimizda har doim turli texnika yoki mashina detallari turardi. Mashina tuzatayotganda dadamga yordamlashib, “klyuch”larni olib berardim. "Motor qayerda, bu nima, u nima?" deb so‘raganimda, erinmasdan tushuntirib, savollarimga javob berardilar. Bolaligimdagi atmosfera bu sohaga kirib kelishimga sabab bo‘lgan”, – deydi u.

Kamolaning aytishicha, u 2-kurs paytidanoq transport va yo‘l sohasida ilmiy izlanishlarini boshlagan. Uning tadqiqotlari beton sifatini oshirish, unga mineral kukun qo‘shib, asfalt-beton tayyorlashda samaradorlikka erishish mavzusida bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, hozirgacha 47 dan ilmiy maqolasi AQSh, Fransiya, Germaniya, MDH va O‘zbekiston ilmiy jurnallarida chop etilgan. Ayni damda esa magistratura bosqichida avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ularning ekspluatatsiya muddatini uzaytirish bo‘yicha izlanish olib boryapti. 

"Yo‘l sohasida o‘qiganim uchun ko‘chalardagi yama, yorilishlar yoki shikastlangan joylarni ko‘rsam, noqulay ahvolga tushaman. Taksiga chiqqanda haydovchilarning yo‘llardan noroziligini eshitaman. Qachongacha bu kabi muammolar davom etadi, ularga ilmiy yechim topish kerak, ham arzon, ham sifatli, uzoq muddat xizmat qiladigan texnologiyani ishlab chiqish zarur degan o‘ylar hayolimdan o‘tadi. Shu kabi kuzatishlarim asosida ilm va ishlab chiqarish yo‘nalishlarini bog‘lagan holda faoliyatimni davom ettirishga qaror qildim", – deydi Kamola Irisqulova.

Kamola prezident Shavkat Mirziyoyevning 14 fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida ishtirok etib, yo‘l-transport sohasini rivojlantirish, bu yo‘nalishda ayollar sonini ko‘paytirish borasidagi takliflarini bildirdi:

“Bugun sizning qarshingizda oddiy qiz emas, mamlakatning arteriyasi, uning asosiy qon-tomiri bo‘lgan avtomobil yo‘llari sohasini rivojlantirishga bel bog‘lagan yo‘lchi qiz sifatida gapirmoqchiman. Asosiy maqsadim nafaqat transport, balki muhandislik va qurilish sohalarida ham ayollar sonini kengaytirish va yo‘l xo‘jaligi tizimiga insonlarning munosabatini o‘zgartirishdan iborat. Yo‘llardagi masalalarga yechim topib, ularni dunyo miqyosida raqobat qila oladigan darajaga olib chiqishga harakat qilaman va buning uchun va’da beraman”, – degan u uchrashuvda.

Muloqotda davlat rahbari Ilhom Mahkamovga Kamola Irisqulovani vazir yordamchisi qilib ishga olish topshirig‘ini berdi. Transport vazirining tegishli buyrug‘i bilan 2025 yil 18 fevraldan Irisqulova Kamola Normat qizi vazirning yo‘l xo‘jaligi sohasida ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha yordamchisi lavozimiga tayinlandi.

“Prezidentimiz yo‘l qurilayotganda, loyihalanayotganda yoki ekspluatatsiya qilinayotganda barcha jarayonlar ilmga asoslangan bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, yo‘lsozlik sohasida ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha menga topshiriqlar berdi. Hozirda yo‘l ilmini mustahkamlash ustida ishlayapman. Avval, asosan, o‘z mavzum bo‘yicha tadqiqotlar olib borishga e’tibor qaratgan bo‘lsam, endigi faoliyatimda butun respublikadagi holatni tahlil qilyapman. Menga har 6 oyda tizimdagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan aniq takliflar taqdim etish topshirig‘i berilgan”, – deydi Kamola.

Kamola yangi lavozimga kirishganidan keyin unga ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘plab murojaatlar, yo‘llarning holati haqida foto va video ma’lumotlar yuborilayotganini ma’lum qildi. U murojaatlarni o‘rganib, hal qilishni tegishli bo‘limlarga yo‘naltirayotganini ta’kidladi. Vazir yordamchisining aytishicha, bugungi kunda shahar ko‘chalarida suv qochirish tizimlari va muhandislik kommunikatsiyalari bilan bog‘liq masalalar, yo‘llarning belgilangan muddatigacha xizmat qilmayotgani, qurilish materiallarining sifati pastligi va sohaga kerakli mutaxassis kadrlar yetishmayotgani kabi muammolar ko‘zga tashlanmoqda.

Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevning Instagram sahifasida e’lon qilingan videoparchadan keyin yosh amaldor qiz ko‘pchilik e’tiboriga tushdi. Yo‘l sohasida talaygina muammolar mavjudligi sabab Kamola lavozimga yangi kelganiga qaramay tanqidlar yomg‘iri ostida qoldi.

Izohlar bo‘limida yozilgan kommentlarni o‘qib chiqdim, har kim erkin fikr bildirishga haqli. Tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilaman, ammo ularning menga tegishli bo‘lgan va bo‘lmagan tomonlari bor. Tizimga yaqinda keldim, avval qurilgan, mavjud yo‘llarning sifatiga men javob bermayman, chunki u jarayonda bo‘lmaganman”, – deydi u.

Intervyuning to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilish mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Ziyaddin Mamatjonov
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov

Mavzuga oid