Jamiyat | 21:51 / 13.03.2025
7944
7 daqiqa o‘qiladi

“Bolalarni qo‘rqoq qilib qo‘ymasligimiz kerak” - bog‘chadagi zo‘ravonliklar haqida suhbat

Bog‘cha bolalarining kaltaklanishi yoki muntazam tazyiqqa uchrashi ularda ruhiy jarohatlar qoldirib, keyinchalik shaxsiy va kasbiy hayotiga salbiy ta’sir qiladi. Maktabgacha ta’limda zo‘ravonlik kamayishi uchun kadrlar tayyorlash tizimi o‘zgarishi, tarbiyachi bo‘lish oxirgi chora emas, jozibador kasbga aylanishi uchun mutanosib moddiy rag‘batlar bo‘lishi kerak, deydi ta’lim sohasi eksperti Shokir Tursun.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tarbiyachining qo‘pol munosabati sabab bog‘cha bolasining oyog‘i sindi, stulga skotchlab qo‘yildi, kamera yo‘q joyda yoki kamera bo‘lib, shippak bilan kaltaklandi. So‘nggi 2 oyda bog‘chalarda, ayniqsa nodavlat bog‘chalarda bolalarning zo‘ravonlikka uchrashi tez-tez ko‘zga tashlanmoqda.

Xo‘sh, bunga sabablar nimada? Ota-onalar farzandi uchun bog‘chani qanday tanlashi kerak? Kun.uz muxbiri bu mavzuda ta’lim eksperti Shokir Tursun bilan suhbatlashdi.

Bog‘chalarda bolalarga zo‘ravonlik qilingani haqidagi xabarlarni o‘qiganingizda nimalarni o‘ylaysiz, dastlab bu kabi holatlarga o‘z munosabatingizni aytib o‘tsangiz.

– Men bunday xabarlarga birinchi navbatda ota-ona sifatida qarayman. Garchi hali farzandimiz bo‘lmasa-da, turmush o‘rtog‘im bilan hozirdan bog‘chalarni tanlab, ularni kuzatib yuramiz. Shunday xabarlar ko‘paygani sari bizning yuragimizni vahima bosadi. “Ertaga biz nima qilamiz? Bolamizni bog‘chaga bermaymizmi yoki? Uni bog‘chaga bermasak, nima bo‘ladi? Bermoqchi bo‘lsak, bunday bog‘chalarga, tarbiyachilarning, mudiralarning qo‘liga qanday beramiz?” degan o‘ylar paydo bo‘ladi.

Menimcha, bunaqa o‘y bizga o‘xshagan hammani bossa kerak. Hattoki, farzandi bog‘chaga borayotganlar ko‘proq xavotir oladi. “Mening bolam bilan shunday bo‘lmayotganmikan, yolg‘on gapirishmasmikan?” degan o‘y bosadi. Bu qandaydir ortiqcha bosimni paydo qiladi. O‘zi jamiyatimiz har tomondan bosimlarga to‘la, bunday holatlarning ko‘payishi yosh bolasi bor ota-onalarga yanada bosim bo‘ladi.

Biz hurmatli deb bilgan bog‘chalarimizda ham shunday holatlar uchrayapti. “Yo‘q, ishonsa bo‘ladi bu bog‘chaga” degan bog‘chalarimizdan ham shunday xabarlar chiqib kelyapti.

Shunday holatlarning tez-tez uchrab turishi sababi nimada deb o‘ylaysiz?

– Sabablar kompleks bo‘ladi, lekin eng birinchi sabab – tarbiyachilarda professional malaka yetmasligi. Masalan, emotsiyalarini boshqarishni bilmaydi, bunga o‘rgatilmagandir balki, yoki bu ko‘nikmani o‘zlashtirmagandir. Bola xohlaymizmi yoki yo‘q, sho‘x va to‘polonchi bo‘ladi, bitta gapga tushunmaydi. Bog‘cha tarbiyachilarida maktab o‘qituvchilaridan ko‘ra shunga ruhiy tayyorgarlik yuqori darajada bo‘lishi kerak. Menimcha, eng katta sababi shu: tarbiyachilarning aynan shu jihatdan professional tayyor emasligi.

Kadrlarni nafaqat tayyorlash, balki o‘ziyam berilgan bilimni o‘zlashtirishi yoki amaliyotda qo‘llashi, umuman, shaxs sifatida ham tayyorligi masalasi ham bor. Bitta guruhda 15 nafar tarbiyalanuvchi bo‘lsa, ularning hammasi har xil dunyo. Hammasining xarxashasini ko‘tarish kerak, buning uchun odamdan juda katta asab talab qilinadi. Menimcha, bog‘chalarimizda shunday zarbalarga tayyor tarbiyachilar kam.

Men bunday voqealarni bog‘chalarga kameralar qo‘yilmasidan oldin ham, 2000-, 1995-yillarda bo‘lganiga ham ishonaman. Ya’ni rad qilmayman, bundan keyin ham bo‘ladi. Faqat bizdagi masala – ularni kamaytirish. Hozir aysbergning uchini ko‘rayotgandirmiz, buni bilmaymiz. Qanchasini ko‘rib, sezib qolyapmiz. Bu borada taliflar, shaxsiy fikr va yondashuvlar bor, o‘rni-o‘rni bilan aytib ketaveramiz. Bu kompleks muammo va uning birinchisi tarbiyachilarda kompetent yetishmasligi.

Ikkinchidan, ijtimoiy yoki intizomiy nazoratning pastligi. Bolaga zo‘ravonlik qilgan tarbiyachiga jarima qo‘llash yoki ishdan bo‘shatish jazo emas aslida. Ya’ni siz bir zo‘ravonni ishdan bo‘shatyapsiz, xolos. Uni jazolash boshqacharoq mexanizm bilan bo‘lishi kerak. Bu yerda aynan bolalar ombudsmani har bitta zo‘ravonlikka uchragan bolaning nomidan tarbiyachilarga qo‘shimcha bosim qilishi, jamoatchilik, jurnalistlar nazoratni kuchaytirishi natijasida jazoning ham og‘irlashishiga, bu esa tarbiyachilarning o‘zini bosishi, qo‘liga, tiliga erk bermasligiga olib kelishi kerak. Bu bitta nuqta, har doim shunday qilish kerak demoqchi emasman.

Hozir, masalan, tarbiyachi 2 mln atrofida jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi yoki ishdan bo‘shatiladi. Kimdir kimnidir haqorat qiladigan bo‘lsa, 100 mln so‘mgacha jarimaga tortishga harakat qilyapti, 15 sutkagacha qamoqni so‘rayapti, lekin butun bir bolaning hayoti, sog‘ligi, kelajakdagi dunyoqarashiga ta’sir qiladigan bog‘cha opaning harakatlariga yengil jazo beryapmiz deb hisoblayman. Bu gapim uchun bog‘cha tarbiyachilaridan uzr so‘rayman, lekin bunday holatlar bolani sindirib qo‘yish ehtimoli yuqori. Ertaga u bola qo‘rqoq bo‘ladi, gapirolmaydi, jamiyatimiz bundaylardan iborat bo‘lib qolmasligi kerak.

Aytganimdek, jamiyatimizda o‘zi bosimlar, stresslar ko‘p. Kambag‘al davlatmiz va bizda iqtisodiy muammolar talaygina. Mana shu iqtisodiy muammolar ichida yashaydigan qatlamning eng ko‘pi – o‘qituvchilar va tarbiyachilar. Ularning ish haqi mamlakatimizdagi o‘rtacha ish haqidan ham kam, bu yanayam stressga soladi. Bog‘chalarda asosan ayollar ishlaydi, bizda oilaviy mojarolar, qaynona-kelin munosabatlari, farzandi bilan bog‘liq muammolar – bitta tarbiyachi boshida shuncha masalani ko‘tarib yuradi. Kirganda 15 nafar bola shovqin qiladigan bo‘lsa, o‘zining maishiy muammolari ko‘p bo‘lgan tarbiyachi, tabiiyki, vaziyatni boshqarolmaydi.

Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid