Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
May ham o‘tdi, qonundan esa darak yo‘q: davlat xizmatchilari daromadi qachondan deklaratsiyalanadi?
Prezident farmoni bilan shu yil may oyigacha “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilishi kerak edi. Ijrochi – Akmal Burhonov boshliq Antikorrupsiya agentligi. Iyulning o‘rtasiga ham keldikki, loyihadan darak yo‘q. Kun.uz qabul qilinishi 8 yildan buyon ortga surib kelinayotgan qonunning ahamiyati, qolaversa, yana boshqa muhim masalalar haqida faollar bilan suhbatlashdi.

2017 yildan beri “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi kutiladi. Shu yil 5 mart kuni prezident boshchiligida korrupsiya masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yilib, hujjat may oyida tayyor qilinishi yuzasidan topshiriq berilgandi. Bu davlat rahbarining tegishli farmoni bilan ham mustahkamlandi.
Ammo iyul oyi keldiyamki, qonundan darak yo‘q. Xo‘sh, nima sabab bu kechiktirilyapti, o‘zi bu qonun bizga nega kerak edi, bundan tashqari, shu yil yanvardan kuchga kirgan “Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi qonun qanday ishlayapti? Kun.uz shu kabi savollar bilan siyosatshunos Hamid Sodiq hamda huquqshunos Javonsher Rustamovga yuzlandi. Quyida suhbatdan qisqa sharh keltiriladi.
“Davlat hokimiyati organlari xodimlarining pullari nazorat qilib turilishi kerak”
Hamid Sodiq suhbat avvalida nima sabab hokimiyat boshqaruvchilarining mol-mulki deklaratsiya qilinishi lozimligini tushuntirishga urindi.
Uning aytishicha, davlatchilik bosqichlaridan kelib chiqilsa, modern dunyoda hokimiyat insonga tegishli deb hisoblana boshlangan, shunga muvofiq undan keladigan resurs va pullar ham xalqnikidir.
“Jon Lokk degan olim boshqaruv haqida ikkita traktat yozadi va bu liberalizmning asosini tashkil qiladi. Oldin hokimiyat xonga, podshohga, imperatorga butunlay tegishli bo‘ladigan bo‘lsa, endi har birimizga tegishli degan konsepsiyani ilgari surdi. Har birimizga tegishli va umumiy olganimizda hokimiyat xalqqa tegishli, dedi.
Demak, pul faqat xalqniki bo‘lishi mumkin degan umumiy konsept paydo bo‘ldi va xalq o‘ziga xizmatkorlarni yollaydi. Bular davlat xizmatchilari. Shuning uchun ham davlat xizmatchilari deydi buni. O‘zi aslida davlat xizmatchilari emas, bular mohiyatan xalq xizmatchilari. Chunki xalqning puliga ishlaydi va mana shu konsept asosida ulardagi qilinayotgan har bir ishi shaffof bo‘lishi kerak, degan umumiy prinsiplar vujudga keldi.
Ya’ni ularda oylikdan tashqari pul bo‘lishi mumkin emas. Xonlarda oylikdan tashqari pul bo‘lishi majburiy edi. Chunki u deylik, xon yoki imperatorning fuqarosi yo‘q edi, unda tabaa bor edi. Fuqaro degani bu siyosiy tushuncha, davlatni boshqarishda ishtirok etadi, pul uniki, pullarini ham, hokimiyatni ham nazorat qiladi degan bir qoida bor edi. Va biz shunaqa davlatmiz.
Demak, hokimiyat hech kimga, ya’ni mansabdorlarning hech biriga tegishli emas, xalqqa tegishli. Demak, pul ham xalqqa tegishli va bular biz uni nazorat qilib turishimiz kerak degan qoida asosida vujudga kelayotgan talablar. Shuning uchun mana shunaqa zamonaviy, modern davlatlarida davlat hokimiyati organlari xodimlarining pullari, oilasining pullari nazorat qilib turilishi kerak deyiladi”, – deydi siyosatshunos.
U so‘zida davom etarkan, O‘zbekistonda “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinmayotganining nazariy sabablaridan biri sifatida hokimiyatning kamchilik qo‘lida to‘planib qolgani va hokimiyat vakolatlarini taqsimlashga majbur qiladigan siyosiy institutlarning yaxshi ishlamayotganini keltirdi.
“Qonundan maqsad – ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish”
Javonsher Rustamov esa qonun qabul qilinmayotganini 3 ta sabab: siyosiy iroda, qonunchilik bazasi va texnologik imkoniyatlar yetarli emasligi bilan bog‘ladi.
“Birinchisi, siyosiy institutlar, ya’ni bu demokratiya, davlatda siyosiy rejimlar tizimi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi, ya’ni bu uchala omil ham bir-biridan mustaqil harakat qila olmaydi.
Ikkinchi omil — qonunchilik bazasi dedik. Qonunchilik bazasi nimaga? E’tibor bersak, birinchi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun 2017 yilda qabul qilindi. Bizda bu paytgacha unaqa qonun yo‘q edi. Keyin “Davlat xizmatchisi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 2024 yilda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 2025 yil, adashmasam, may yoki aprel oyida farmon qabul qilindi, davlat xizmatchilarini kategoriyaga bo‘lishdi, kim nimaga mas’ul, qanaqa darajalar berilishi belgilandi.
Ya’ni Hamid aka aytganlaridek, ba’zi bir islohotlarni amalga oshirmasdan turib, bu qonunni qabul qilish hech qanaqa ahamiyatga ega emas va qabul qilish imkoniyatsiz. Bizda mana, endi qonunchilik bazasi shakllanyapti. Yuqorida aytib o‘tilgan qonunlar qabul qilindi. Bu qonunni qabul qilmasdan turib, biz 2017 yilda berilgan topshiriq bo‘yicha ikki oy ichida yoki 2020 yilda berilgan ikki oy ichida loyiha ishlab chiqsak, uni amalda tatbiq qila olmas edik”, – dedi Rustamov.
Huquqshunosning aytishicha, bu qonun ishlab chiqilishidan asosiy maqsad – ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish va kuchsizlarni kuchlilardan himoya qilishdir. "Ammo ayni qonun loyihasida bunday ruhiyat yo‘q", – deydi u.
“Bu qonunni qabul qilishdan qo‘rqish kerak emas”
Hamid Sodiqning aytishicha, qonundagi eng asosiy vazifa hokimiyatdagi balansni buzmaslik bo‘lishi kerak. Ya’ni siyosatshunos hokimiyat aslida eng katta kuch ekanini, bu kuch atrofida pul kabi turli resurslar yig‘ilishi tabiiy ekanini, yuqorodagi kabi hujjatlar esa buni tartibga solishi kerakligini bildirdi.
“Politologiyada oligarxlar bor, poligarxlar bor. Mana shu deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonun poligarxlarga qarshi kurashish uchun [yozilgan]. Bu nima degani? Oligarx degani — bu iqtisodiy, moliyaviy sohada turib, katta mablag‘larga ega bo‘lgan odamlar. Xo‘p, ularning muammosi yo‘q.
Poligarxlar esa o‘zi siyosatda turib, juda ham katta pul orttirganlar. Ya’ni, "poli" degani bu "politika" degani, "garx" degani o‘sha puli bor, katta sarmoyaga ega insonlar. Eng yomoni – mana shu poligarxlar. Chunki poligarxlar gibrid bo‘ladi. Ya’ni, ular bilan qanday kurashishni bilmaysan.
Ularda juda ham katta pul hosil bo‘lgandan keyin, qarasang, juda ham kuchli ommaviy axborot vositalari bor, juda ham kuchli jinoyat olami vakillaridan tanishlari bor va shu bilan birga milliardlab pullarni aylantirgandan keyin, ularning geosiyosiy balansni ta’minlaydigan sub’yektlari ham davlatdan tashqarida, demak, imkoniyatlari bo‘lgani uchun hokimiyatlar taqsimlash prinsipini butunlay buzib tashlaydi.
Men aytgan bo‘lardimki, bu qonunni qabul qilishdan qo‘rqish kerak emas. Tayyorgarlik cheksiz bo‘lishi kerak emas. Konfliktga kira olishni siyosiy iroda deydi. Agar sen raqobatbardosh bo‘lmasang, nima bor? Shaffof bo‘la olmaydigan bo‘lsang, nima bor? Shaffof bo‘la olish kerak”, – deya qayd etadi siyosiy tahlilchi.
Intervyu davomida suhbatdoshlarimiz bunga qarshi kurashishda siyosiy institutlar ishlashi kerakligini, qolaversa, mansabdorlar orasida manfaatlar to‘qnashuvi masalasi, O‘zbekistonda bu vaziyat qandayligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tishdi.
To‘liq videoni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Urush taqdiri Alyaskada hal bo‘ladi – hafta dayjesti
Jahon | 17:31 / 10.08.2025
Koreya: Gapirilmaydigan haqiqatlar (2-qism) | SUBYEKTIV
Jamiyat | 18:07 / 09.08.2025
Lazizbek Mullajonov birinchisi emas. Doping sabab diskvalifikatsiya qilingan mashhur o‘zbek sportchilari
Sport | 20:54 / 08.08.2025
«Oltin to‘p»ga da’vogarlar ro‘yxati e’lon qilindi
Sport | 16:40 / 08.08.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘zbekistonda birinchi marta tungi yorug‘lik asosida iqtisodiy faollik baholandi
Iqtisodiyot | 07:17
-
«Uch qahramon» bozorida yirik yong‘in sodir bo‘ldi (video)
Jamiyat | 05:42
-
Tramp uysizlarni Vashington tashqarisiga chiqarib yubormoqchi
Jahon | 01:25
-
AQShda Labubu qo‘g‘irchoqlari o‘g‘rilar nishoniga aylanmoqda
Jahon | 01:11
Mavzuga oid

09:34 / 09.08.2025
Moldovada saylovlardagi korrupsiya ishi bo‘yicha tintuvlar o‘tkazilmoqda

09:35 / 06.08.2025
Rossiyada yil boshidan buyon 99 nafar top-amaldor korrupsiyada ayblandi

07:04 / 06.08.2025
«Mediazona»: Rossiyada Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga donatlar bo‘yicha 76 ta ish ochildi

23:30 / 02.08.2025