Jahon | 16:36 / 04.12.2020
11900
4 daqiqa o‘qiladi

Namibiyadagi mahalliy saylovlarda Adolf Hitler g‘alaba qozondi

Namibiyadagi mahalliy saylovlarda Adolf Hitler ism-sharifli siyosatchi g‘olib bo‘ldi. Uning to‘liq ismi Adolf Hitler Uumuna bo‘lib, fashistlar Germaniyasi yetakchisi Adolf Hitler sharafiga shunday nomlangan. Namibiya shimolida joylashgan Ompunja tumanidagi saylovlarda Hitler Uumuna 1196ta ovoz olgan va 213ta ovoz olgan raqibi ustidan g‘alaba qozongan. 

Adolf Hitler Uumuna saylovlarda Namibiya 1990 yilda JARdan mustaqil bo‘lib chiqqanidan buyon mamlakatda hukmronlik qilayotgan SWAPO (South-West Africa's Peoples Organization) partiyasi nomidan o‘z nomzodini ko‘rsatgan. Partiya 1994-2019 yillarda mamlakat parlamentida 60 foiz o‘ringa egalik qilgan va oxirgi yillarda odamlar orasida mavqeyini yo‘qotmoqda. So‘nggi hududiy saylovlarda partiya 57 foiz ovoz olgan. Taqqoslash uchun, SWAPO partiyasi 2015 yilda 83 foiz ovoz olgandi.

«Ismim Adolf Hitler ekani Ompunjani bosib olmoqchi ekanimni anglatmaydi. Men tinchlik tantanasi uchun intilaman», degan Uumuna o‘zining ismi haqida gapirar ekan. Nemis nashrlari saylovda g‘olib bo‘lgan Adolf Hitler ismli namibiyalik bilan qiziqib, undan intervyu olishdi. Uumunaning aytishicha, Adolf Hitler ismini unga otasi qo‘ygan: «Menimcha, otam Adolf Hitler kim bo‘lganini bilmagan. Yoshligimda bu ism odatiy bo‘lib tuyulardi, lekin aqlimni taniy boshlaganim sari bu odam butun dunyoni bosib olishga harakat qilganini bildim», deydi Uumuna. U xotini o‘zini Adolf deb chaqirishi va endi ismini o‘zgartirishga kech bo‘lganini aytib o‘tdi.

Germaniya koloniyasi bo‘lgan Namibiya

Namibiyada Adolf degan ismni ko‘p uchratish mumkin. Chunki bu mamlakat 1884 yildan boshlab Germaniya koloniyasi bo‘lgan va Germaniya Janubi-G‘arbiy Afrikasi deb atalgan. Birinchi jahon urushi yakunida esa Millatlar Ligasi taqsimotiga ko‘ra, mamlakat JAR boshqaruvidagi Janubiy Afrika Kengashi tasarrufiga o‘tgan. 1968 yildan bu mamlakat Namibiya deb atala boshlangan.

1904-08 yillarda mamlakatda sodir bo‘lgan qo‘zg‘olon vaqtida nemis askarlari 75 mingdan ortiq mahalliy aholi vakillarini o‘ldirgan. 2019 yil Namibiyada bo‘lgan Germaniya delegatsiyasi vakillari bu harakatlarni geneotsid deb tan olgandi. O‘z navbatida, nemis hukumati o‘tmishda sodir etilgan bu qotillik uchun aybdorlik his qilishini ma'lum qilgan.

Germaniya Namibiyaga o‘sha vaqtdagi qirg‘in uchun katta miqdorda kompensatsiya bermoqchi bo‘ladi, lekin Namibiya bu yordam pulini olishni rad etadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Namibiyada hamon nemischa chizgilar saqlanib qolgan: odamlarga hamon nemischa ismlar qo‘yiladi, nemischa nomdagi ko‘chalar saqlanib qolgan, nemislar vaqtidagi tarixiy binolar ham yo‘q bo‘lib ketmagan. Namibiyada hamon nemislar yashaydi va har yili 120 ming germaniyalik sayyoh sifatida Namibiyaga boradi.

Ma'lumot uchun, Namibiya aholisi 2,5 milliondan ko‘proq. Mamlakatning YaIM hajmi 14,5 milliard dollar atrofida. Namibiya dunyodagi eng ko‘p olmos eksport qiluvchi davlatlardan biri hisoblanadi. Atlantika sohilidagi bu davlat iqtisodiyotida hamon JAR kompaniyalarining ta'siri kattaligi aytiladi.

Mavzuga oid

E`lonlar