Namibiya 700 dan ortiq yovvoyi hayvonlarni, jumladan, fillar, zebralar va begemotlarni o‘ldirishni hamda ularning go‘shtini oziq-ovqat taqchilligidan aziyat chekayotgan odamlarga tarqatishni rejalashtirmoqda, chunki mamlakat oxirgi 100 yillikdagi eng kuchli qurg‘oqchilik bilan kurashmoqda, deb xabar beradi CNN.
Namibiya Atrof-muhit, qishloq xo‘jaligi va turizm vazirligining ma’lum qilishicha, o‘ldirilishi kutilayotgan hayvonlar orasida 83 ta fil, 30 ta begemot, 60 ta buyvol, 50 ta antilopa, 100 ko‘k gnu (Janubiy Afrika kiyigi) va 300 ta zebra bor.
Vazirlikka ko‘ra, «yovvoyi hayvonlar soni barqaror» bo‘lgan milliy bog‘lar va jamoat joylaridan olib kelinadigan mazkur jonzotlar professional ovchilar tomonidan otiladi. Bundan maqsad janubi-g‘arbiy Afrikadagi ushbu davlat aholisiga qurg‘oqchilik oqibatlarini yumshatishda yordam berishdan iborat.
Namibiyada qurg‘oqchilik tufayli may oyida favqulodda holat e’lon qilingan edi. Mamlakat aholisining qariyb yarmi — 1,4 million fuqaro oziq-ovqat yetishmovchiligini boshdan o‘tkazmoqda.
Atrof-muhit vazirligining qayd etilishicha, hayvonlarni ovlash dasturi yovvoyi hayvonlar ko‘p bo‘lgan hududlardagi suv resurslari yuklamasini kamaytirishga ham xizmat qiladi. Shuningdek, bu qurg‘oqchilik vaqtida odamlar va fillar o‘rtasida yuzaga keladigan to‘qnashuvlar ehtimolini kamaytiradi.
Ta’kidlanishicha, hozirga qadar 150 dan ortiq hayvon o‘ldirilgan bo‘lib, ulardan 125 ming funt go‘sht olingan. «Biz mamlakatga juda og‘ir vaqtda yordam berayotganimizdan xursandmiz», — deyiladi vazirlik bayonotida.