Jahon | 20:31 / 30.01.2019
6345
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada ilk bor ayol deputat qamaldi

Buyuk Britaniyada Leyboristlar partiyasining sobiq deputati Fiona Onasanya mashinada tezlikni oshirgani uchun jarimani to‘lashdan qochish maqsadida politsiyaga yolg‘on so‘zlagani uchun 3 oylik qamoq jazosi oldi. Bu haqda The Times nashri xabar berdi.   

Onasanya qamoq jazosi olgan ilk britaniyalik ayol deputat, shuningdek, oxirgi 28 yil ichida qamaladigan ilk deputat bo‘ldi.

Sud qaroriga ko‘ra, 35 yoshli ayol mashinasi soatiga 30 mildan ko‘p yurib bo‘lmaydigan hududda 41 mil tezlik bilan harakatlangani qayd qilingandan keyin mashinasi rulida kim bo‘lgani borasida politsiyaga yolg‘on ko‘rsatma bergan.

Voqea 2017 yil iyulda yuz bergan. Mashina tezlikni oshirgani qayd qilingandan 9 kun o‘tib deputat sudlanishi mumkinligi haqida ogohlantirish olgan va o‘z ukasiga tegishli shaklni to‘ldirishga ruxsat bergan. 

Ayolning ukasi shaklda mashina egasi sifatida sobiq ijarachini ko‘rsatgan va opasining imzosiga o‘xshatib imzo qo‘ygan. Ayol 2 noyabrda shakl bo‘yicha so‘roq qilinganda politsiyaga yolg‘on so‘zlagan. 

Shundan keyin Onasanya partiyadan chetlatilgan, biroq mustaqil deputat bo‘lib qolmoqda. U qamoq jazosini o‘tayotgan vaqtda ham 77 ming funt sterlinglik maoshini olaveradi.

Britaniyada deputatlar 12 oydan ko‘proqqa qamalsalar, o‘z lavozimlaridan avtomatik tarzda mahrum bo‘ladilar.

Onasanya esa jazo muddatining yarminigina qamoqda o‘tkazishi mumkin, chunki u uy qamog‘i huquqiga ega bo‘ladi. Bu sxema 3 oydan 4 oygacha jazo muddatini o‘tovchilarga elektron braslet taqish va komendantlik soatiga amal qilish sharti bilan ertaroq ozodlikka chiqish imkonini beradi.

Mavzuga oid