O‘zbekiston | 03:35 / 10.01.2018
9036
2 daqiqa o‘qiladi

Sud organlarini bir joyga jamlagan «​Adolat saroyi»​ majmuasi barpo etiladi

Foto: Fotolia

Sudyalik lavozimiga ilk bor tayinlanayotgan nomzod bo‘yicha tuman va shahar jamoatchiligi fikrini o‘rganish tartibi joriy qilinadi. Bu haqda 9 yanvardan umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi loyihasida ma'lum qilingan. 

Dastur loyihasida ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasida sudyalar mustaqilligini ta'minlash maqsadida sudyalar maqomining huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan aynan shunday taklif ilgari surilmoqda.​ Mazkur tadbirni amalga oshirishga Sudyalar oliy Kengashi, Oliy sud, O‘zbekiston sudyalar assotsiatsiyasi hamda Adliya vazirligi mas'ul etib belgilangan bo‘lib, joriy yilning 1 apreliga qadar amaliyotga kiritilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, 30 iyunga qadar, umumiy qiymati 100 mlrd. so‘mga teng Markaziy sud organlari va muassasalarini o‘zida birlashtiradigan «​Adolat saroyi»​ majmuasini qurish yuzasidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanadi.

Markaziy sud organlari va muassasalari faoliyati uyg‘unligini ta'minlash maqsadida ularni joylashtirish bo‘yicha yagona kompleks ​sifatida qurilishi rejalashtirilayotgan «​Adolat saroyi»​ majmuasiga mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan ajratiladi.​

Bundan tashqari, davlat dasturi loyihasida surishtiruv, tergov yoki sud faoliyatiga har qanday ko‘rinishda, turlicha vositalar bilan aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta'minlash hamda mavjud jazo choralarini yanada kuchaytirish nazarda tutiladi.​

Mavzuga oid