Qobil Do‘sov yana bir jinoyat ishida aybdor deb topildi
Arnasoy sudi Qobil Do‘sovni Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimi mas’ullarini haqorat va ularga tuhmat qilishga oid jinoyat ishida aybli deb topdi. Sud hukmi bilan unga 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Oldinroq uning shartli jazosi qamoq jazosiga o‘zgartirilgan edi.

Bugun, 24 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudida Bo‘stonliq tumani bloger Qobil Do‘sovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, sud sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatmalari, sudga oid lingvistik ekspertiza xulosasi, yozuvlar skrinshoti hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtayi nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlangan deb hisobladi.
Sud hukmiga muvofiq, Qobil Do‘sov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «a», «g» bandlari va 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi bilan fuqaro M. Eshimqulovga, Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «a», «g» bandlari bilan fuqarolar O. Kamolova va Sh. Hasanovaga oid ayblov epizodlari bo‘yicha ifodalangan jinoiy hodisa yuz bermagani sababli aybsiz deb topilib, Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan oqlangan.
Qobil Do‘sov to‘rt nafar jabrlanuvchiga (Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimi mas’ullari N. Yalgasheva, O. Kamolova, Sh. Hasanova va S. Suyarova) Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «a» bandi va 140-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi, 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirilgan.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan Qobil Do‘sov Jinoyat kodeksining 140-moddasida (haqorat qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 24 yanvardagi ajrimiga muvofiq esa Do‘sovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan edi. Yashnobod tuman IIO FMB probatsiya bo‘limi tomonidan sudga kiritilgan taqdimnomada Qobil Do‘sov axloqan tuzalish yo‘liga o‘tmagani, uning cheklov va taqiqlarga rioya etmasdan jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgani, bir necha marotaba u bilan olib borilgan profilaktik suhbatlardan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarmayotgani ko‘rsatilgan.
Mavzuga oid

20:44 / 27.02.2025
Prezident sud binolarini ko‘paytirish, odamlar uchun sharoit yaratishni buyurdi

18:31 / 04.02.2025
2024 yilda hokimlarning mingga yaqin qarori haqiqiy emas deb topildi

18:20 / 25.01.2025
Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi

18:17 / 25.01.2025