Jamiyat | 18:17 / 25.01.2025
33850
4 daqiqa o‘qiladi

Sobiq deputat Qobul Do‘sov ozodlikni cheklash shartlarini buzgani uchun koloniyaga o‘tkazildi

Noyabr oxirlarida Do‘sov maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosarini haqorat qilganlikda aybdor deb topilib, 1 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingandi. U jazoni o‘tash qonun-qoidalari bilan tanishtirilgan, ammo IIO FMB taqdimnomasida keltirilishicha, mahkum axloqan tuzalish yo‘liga o‘tmagan, u cheklov taqiqlariga rioya etmasdan jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.

Foto: Kun.uz

Sud ajrimi bilan Bo‘stonliq tumani sobiq deputati, bloger Qobil Do‘sovga tayinlangan ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Kun.uz’ga ma’lum qildi.

2024 yil noyabr oxirlarida Do‘sov maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyevni haqorat qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan edi. Do‘sovga 1 yil davomida soat 21:00–07:00 oralig‘ida yashash joyidan chiqish cheklanib, bunga qo‘shimcha ravishda internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marta yashash joyi bo‘yicha probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish va mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklangandi.

Yashnobod tuman IIO FMB probatsiya bo‘limi tomonidan sudga kiritilgan taqdimnomada Qobil Do‘sov ahloqan tuzalish yo‘liga o‘tmaganligi, uning cheklov va taqiqlarga rioya etmasdan jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotganligi, bir necha marotaba u bilan olib borilgan profilaktik suhbatlardan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarmayotganligi hamda uni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash imkoniyati yo‘qligini inobatga olib hamda sud hukmi ijrosiz qolayotganligi sababli Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-bandi va Jinoyat-ijroiya kodeksining 44-4-moddasi (ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganlik uchun javobgarlik) 3-qismi «a» bandiga asosan Do‘sovning o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikdan cheklash jazosini shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish so‘ralgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra Do‘sovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi ro‘yxatga olinib, ijroga qaratilib, unga jazo o‘tash qonun-qoidalari bilan tanishtirilgan va Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismi bilan ogohlantirilib, bu haqida tilxatlar olingan.

Sud hukmida Do‘sovga belgilangan cheklov va taqiqlarga rioya etmagan taqdirda Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 5 va 6-qismi talablari tushuntirilgan bo‘lishiga, shuningdek, unga internetdan foydalanmaslik qo‘shimcha taqiq yuklatilgan bo‘lishiga qaramasdan 2025 yil 4 yanvar kunidan 11 yanvar kuniga qadar uni nomiga ochilgan “Kobul Dusov/RASMIY KANAL” Telegram-kanaliga har xil mazmundagi materiallar joylashtirib kelganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan Qobil Do‘sov Yashnobod tumani IIO FMB probatsiya bo‘limiga chaqirtirilib, unga Jinoyat-ijroiya kodeksning 44-4-moddasi 1-qismiga asosan 2025 yil 11 yanvar kuni ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazosi qo‘llangan.

Joriy yilning 24 yanvar kuni IIV TQD Kiberxavfsizlik tomonidan Qobil Do‘sovga ogohlantirish intizomiy jazosi e’lon qilingan vaqtida ham, undan keyingi kunlarda ham internetdan faol foydalanib kelganligi aniqlangan.

Sud taqdimnomani muhokama qilib hamda ish hujjatlarini tekshirib, taqdimnomani qanoatlantirishni lozim topgan.

Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismiga asosan agar shaxs ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin.

Shu tariqa jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining joriy yilning 24 yanvardagi ajrimiga muvofiq Yashnobod tumani IIO FMB probatsiya bo‘limining taqdimnomasi qanoatlantirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan mahkum Qobil Do‘sovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Mavzuga oid