Jahon | 21:40 / 11.03.2025
10969
10 daqiqa o‘qiladi

Suriya hukumati alaviylar isyonini bostirdi

Mamlakatda ommaviy qatllar ro‘y berdi. Dunyodagilar bunda kim aybdorligi haqida gapirmaslikka harakat qilmoqda.

Karam al-Masri / Reuters / Scanpix / LETA

Suriya mudofaa vazirligi 10 mart kuni «Suriyaning sohil hududida ag‘darilgan rejim qoldiqlariga qarshi harbiy amaliyot» yakunlanganini e’lon qildi.

Qurbonlar soni haqida hali to‘liq ma’lumotlar yo‘q va ular yaqin orada paydo bo‘lishi dargumon. Suriya inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 6-9 mart kunlari hukumat ta’siridagi kuchlar 39 ta ommaviy va ko‘plab individual qatllarni amalga oshirib, jami kamida 973 kishini o‘ldirgan. Ikkala tomondan ham jangovar yo‘qotishlarni hisobga olgan holda, hujjatlashtirilgan qurbonlarning umumiy soni 1454 nafarni tashkil etadi – ammo bu faqat dastlabki ma’lumotlar bo‘lib, qurbonlar soni yana ortishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar, Telegram va Whatsapp’dagi guruhlarda tarqalishda davom etayotgan ko‘plab videolarga ko‘ra, halok bo‘lganlar va yaralanganlar asosan yosh va o‘rta yoshdagi erkaklardir.

Ommaviy qotilliklar Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad mansub bo‘lgan alaviylar ko‘targan qo‘zg‘oloniga javoban boshlandi. G‘arbdagi ko‘plab siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari ularni «Asadlar tarafdorlari» deb atamoqda va ularning qatl qilinishi qandaydir «mavhum kuchlar»ga bog‘lanmoqda. Unisi ham, bunisi ham qisman tushunarli. Asadlar hukmronligi davrida alaviylar jamoasi, uning ayrim vakillari tuzumga qanday munosabatda bo‘lishidan qat’i nazar, imtiyozli holatda edi. Asadlar hokimiyatdan ag‘darilgach, ular kamsitilgan ozchilikka aylandilar – bu ham alohida alaviylarning yangi hokimiyatga bo‘lgan shaxsiy munosabatidan qat’i nazar.

Ommaviy qatllarni uyushtirgani aytilayotgan «mavhum kuchlar»ga kelsak, Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi o‘tish davri hukumatining o‘ziga xos alibisi bor. Eski xavfsizlik kuchlari tarqatib yuborildi, yangilari shakllanish jarayonida. Suriyada ko‘plab qurolli guruhlar mavjud. Ularning ba’zilari allaqachon yangi xavfsizlik kuchlariga qo‘shilgan; boshqalari yo‘q, garchi ular ash-Shar’a hukumatiga sodiq bo‘lsa-da; uchinchi toifa esa umuman bu hukumatga qarshi.

6 mart kuni alaviy jangarilar Lataqiya va Tartus viloyatlarida yangi rejim kuchlariga hujumlar uyushtirgani ma’lum bo‘lgach, ko‘plab guruhlar ularga qarshi kurashga otlandi. Ular orasida o‘tish davri hukumati vakillari va «ko‘ngilli yordamchilar»ni farqlash deyarli imkonsiz: ikkalasi ham asosan sunniy jangarilar, fuqarolar urushi faxriylari bo‘lib, ularda yagona farqlovchi belgilar yo‘q.

Ash-Shar’a 7 mart kuni millatga murojaatida «bu jangga qo‘shilgan barcha kuchlarni qo‘mondonlikka bo‘ysunish»ga chaqirdi – bu bilan alaviylar qo‘zg‘olonini bostirishda ishtirok etganlarning barchasi ham uning nazorati ostida emasligini bilvosita tan oldi. 9 mart kuni u tinch aholiga qarshi qirg‘inlarni tekshirish bo‘yicha komissiya tuzdi. Ushbu komissiya tinch aholini qirg‘in qilish faktini tan olgan holatlarda, u har doim buni hokimiyat vakillari emas, balki qandaydir begona jangarilar sodir etganini aytishi mumkin.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk Suriyada «butun oilalar, jumladan, ayollar, bolalar va jangovar qobiliyatsiz jangchilarning o‘ldirilishi», shuningdek, «noma’lum jinoyatchilar, o‘tish davri hukumati xavfsizlik kuchlari vakillari va sobiq hukumatga aloqador elementlar tomonidan konfessional asosda sudsiz qatllar» sodir etilgani haqida bayonot berdi. U Suriya rasmiylarini zudlik bilan tergov o‘tkazishga va «tinch aholini terror qilayotgan guruhlar»ni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Idlibdagi hukumatga moyil kuchlar Lataqiyaga yo‘l olishga hozirlanmoqda, 2025 yil 8 mart
Omar Haj Kadour / AFP / Scanpix / LETA

AQSh davlat kotibi Marko Rubio o‘z bayonotida «Suriya g‘arbida odamlarni o‘ldirgan radikal terrorchilar, jumladan, xorijiy jihodchilar»ni qoraladi. U AQSh Suriyadagi diniy va etnik ozchiliklarni, jumladan, nasroniylar, druzlar, alaviylar va kurdlarni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi va o‘tish hukumatini ozchilik vakillarini qirg‘in qilganlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Rubio, Turkdan farqli o‘laroq, o‘tish davri hukumatining xavfsizlik kuchlarini ayblashdan tiyildi.

Yevropa Ittifoqining Tashqi aloqalar xizmati esa «Asad tarafdorlari tomonidan o‘tish davri hukumati kuchlariga qarshi amalga oshirilgan so‘nggi hujumlarni, shuningdek, tinch aholiga nisbatan har qanday zo‘ravonlik»ni butunlay qoralab chiqdi. Bundan tashqari, Yevroittifoq «barcha tashqi o‘yinchilar»ni Suriya suverenitetini hurmat qilishga chaqirdi va mamlakatdagi «barqarorlikka putur yetkazishga bo‘lgan har qanday urinishlar»ni tanqid ostiga oldi. Bu ta’rif, birinchi navbatda, Suriyadagi vaziyatga ochiq aralashayotgan va jamoalardan biri – druzlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlayotgan Isroilga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Suriyaga qo‘shni davlatlar – Turkiya, Iroq, Iordaniya va Livanning qo‘shma bayonotida ham Suriya hukumatini qo‘llab-quvvatlash va Isroilni qoralash bildirilgan.

Rossiya rasmiylarining Suriyadagi voqealar bo‘yicha yagona oshkora bayonoti Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 7 mart kuni e’lon qilingandi. Unda «keng ko‘lamli to‘qnashuvlar» va «har ikki tomondan ko‘plab qurbonlar va yaradorlar» haqida so‘z boradi. 10 mart kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning savollariga javob berarkan, «chuqur xavotir» ifodasi bilan cheklandi.

Rossiya vakillari nafaqat ochiq bayonotlardan tiyildi, balki zo‘ravonlik uchun kim javobgarligini namoyishkorona muhokama ham qilmadi. Qirg‘in ro‘y bergan kunlarda yuzlab alaviylar, asosan ayollar va bolalar Rossiyaning Lataqiya viloyatidagi Xmeymim aviabazasidan boshpana topdi. Ular Rossiyani o‘z ittifoqchisi sifatida ko‘rishadi, chunki ushbu mamlakat Asadlar rejimi ittifoqchisi edi. Shu bilan birga, Rossiya Suriyaning yangi rasmiylari bilan Xmeymim bazasi va Tartusdagi harbiy-dengiz bazasini saqlab qolish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bunday sharoitda u yoki bu tomonga ochiqchasiga o‘tishga jur’at eta olmaydi.

Rossiyaning BMTdagi vakili birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiyning ma’lum qilishicha, Rossiya va AQSh BMT Xavfsizlik kengashidan Suriyadagi vaziyat yuzasidan shoshilinch yopiq maslahatlashuvlar o‘tkazishni so‘ragan. Bu yerda Polyanskiy tanlagan formulirovkaning o‘zi e’tiborga loyiq: Rossiya va AQSh hamkorlar sifatida birgalikda so‘rashdi. Ehtimol, ularning pozitsiyasi ham bir xil bo‘ladi: radikal kuchlarni qoralash, ularga tinch aholiga qarshi zo‘ravonlik uchun javobgarlik yuklash, o‘tish davri hukumatini tartib o‘rnatishga chaqirish. Satrlar orasida esa prezident ash-Shar’aga u ham aslida radikal dindor («Al-Qoida»dan chiqqan) ekani va har ehtimolga qarshi buni eslatish mumkinligiga ishora bor.

Tinch aholining o‘ldirilishi uchun javobgarlikni to‘g‘ridan to‘g‘ri Suriya rasmiylariga yuklagan yagona davlat Isroil bo‘ldi. Ushbu mamlakat mudofaa vaziri Israel Kats shunday dedi: «Jo‘laniy [Shar’a hokimiyatga kelishidan oldin qo‘llagan harbiy taxallusi] [jihodchi] kiyimini [dunyoviy] kostyumga o‘zgartirdi [...]. Endi esa u niqobini yechib, o‘zining haqiqiy yuzini - tinch aholiga qarshi dahshatli harakatlarni amalga oshirayotgan «Al-Qoida» terrorchi jihodchisining yuzini ko‘rsatdi».

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Bild uchun bergan izohida Katsning so‘zlarini takrorladi: «Jo‘laniyning odamlari o‘z xalqini – „yangi Suriya“ deb ataladigan mamlakat fuqarolarni shafqatsizlarcha qirib tashlamoqda».

Damashqda Ahmad ash-Shar’a hukumatini qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan miting, 2025 yil 9 mart
Khalil Ashawi / Reuters / Scanpix / LETA

Alaviylardan tashqari, mahalliy nasroniylar ham jangarilarning nishoniga aylandi. Amerika ijtimoiy tarmoqlarida «Suriyada musulmonlar nasroniylarni o‘ldirmoqda» degan umumiy mazmundagi maqolalar ko‘payib bormoqda. Bu masalani konservativ publitsist Taker Karlson ko‘tardi. U shunday deb yozgan: «Asad nasroniylarni himoya qildi. Asad zaiflashgani sari nasroniylar halok bo‘la boshladi. [...] Endi Asad taxtdan ag‘darilgach, qolgan ko‘plab nasroniylar shafqatsizlarcha o‘ldirilmoqda va ularning ziyoratgohlari tahqirlanmoqda».

Shara’a Suriyaning iqtisodiy tiklanishini boshlash uchun G‘arb yetakchilarining qo‘llab-quvvatlashiga, ayniqsa, sanksiyalar bekor qilinishiga juda muhtoj. U eng ekstremistik kuchlardan ochiqchasiga uzoqlashdi. G‘arb yetakchilari unga ishonishni juda xohlashadi: ularning hech biri Suriyadagi fuqarolar urushining yangi bosqichidan ham, uning jihodchilar davlatiga aylanishidan ham manfaatdor emas. Boshqa tomondan, Shar’a mahalliy kuchlar  yordamiga muhtoj: uning o‘zi ular orasidan chiqqan va uning hokimiyati aynan shu kuchlarga tayanadi. Biri ikkinchisiga mos keladimi yoki yo‘qmi, aniq emas.

Mavzuga oid