Suriyada alaviylar qirg‘ini: ash-Shar’a aybdorlarni jazolashga va’da bermoqda
Suriya yetakchisi Ahmad ash-Shar’a tinch aholiga zarar yetkazganlarni jazolashga va’da berdi. Uning bu bayonoti Suriya xavfsizlik kuchlari etnik ozchilikni tashkil etuvchi alaviylarga mansub yuzlab kishilarni o‘ldirishda ayblanganidan keyin yangradi.

EPA
Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlarini monitoring qilish markazi (SOHR) juma va shanba kunlari mamlakat g‘arbida, O‘rta Yer dengizi sohilida joylashgan shaharlarda alaviylarga qarshi 30 ga yaqin hujumlar oqibatida tinch aholi vakillaridan 973 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Kuzatuvchilar qurolli tuzilmalar a’zolari ham qo‘shib hisoblanganda, qurbonlarning umumiy sonini 1,3 ming kishiga baholagan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlardan 231 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari, 250 nafari ag‘darilgan prezident Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlagan jangarilar bo‘lgan.
Suriya davlat televideniyesida chiqish qilgan Ash-Shar’a Asadga sodiq bo‘lgan kuchlarni topish va zararsizlantirishga ham va’da berdi.
«Bugun biz bu og‘ir lahzalarni boshdan kechirayotganimizda, oldimizda yangi xavf paydo bo‘ldi - sobiq tuzumdan qolgan odamlar va ularning chet ellik tarafdorlari yangi nizoni qo‘zg‘atishga va mamlakatimizni fuqarolar urushiga tortishga urinmoqda, – dedi ash-Shar’a. – Ularning maqsadi – bizni parchalab, birligimiz va barqarorligimizni yo‘q qilishdir».
«Biz tinch aholi o‘rtasida qon to‘kilishiga yoki xalqimizga zarar yetkazishga aloqador bo‘lganlarning barchasini qat’iyat bilan va hech qanday rahm qilmasdan javobgarlikka tortishimizni tasdiqlaymiz. Ular davlat bergan vakolatidan chetga chiqqan yoki hokimiyatdan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalangan kishilar», – dedi Suriya rahbari.
Avvalroq ash-Shar’a «tinch aholiga qarshi qonunbuzarliklarni tekshirish va ular uchun javobgarlarni topish» bilan shug‘ullanadigan «mustaqil qo‘mita» tashkil etilishini e’lon qilgandi.
Alaviylar yashovchi hududlarda nimalar bo‘lmoqda?
Xabarlarga ko‘ra, alaviylar yashovchi tumanlarda yuzlab kishilar o‘z uylarini tark etgan.
Shia mazhabi tarmog‘i hisoblangan alaviylar diniy oqimi vakillari Suriya aholisining taxminan 10 foizini tashkil etadi. Suriya aholisining aksariyati sunniy musulmonlardir.
O‘tgan hafta payshanba kuni Suriyaning yangi hukumati bilan aloqador bo‘lgan Syria TV telekanali mamlakat xavfsizlik kuchlarining kamida 13 nafar xodimi ag‘darilgan Bashar Asad rejimiga aloqador qurolli shaxslar bilan to‘qnashuvlarda halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.
To‘qnashuvlar Lataqiya yaqinidagi Jabla shahri hududida, Asadlar oilasi mansub bo‘lgan alaviy jamoasining yuragi hisoblangan sohil zonasida boshlandi.
SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kun ichida mingdan ortiq odam o‘ldirilgan, bu 2024 yil dekabr oyida isyonchilar Asad rejimini ag‘darganidan beri Suriyadagi eng ommaviy va shafqatsiz zo‘ravonlik ko‘rsatilishi bo‘ldi.
Qurbonlar orasida yangi hukumat qo‘shinlarining o‘nlab jangchilari va Asadga sodiq bo‘lgan qurollangan odamlar ham bor, ular payshanba kunidan beri sohildagi Lataqiya va Tartus viloyatlaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etmoqda.
SOHR hisobotiga ko‘ra, zo‘ravonlik to‘lqini natijasida yangi hukumat xavfsizlik kuchlarining 125 ga yaqin a’zosi va Asad rejimiga sodiq 148 jangchi halok bo‘lgan.
Bir kun avval Suriyada 340 nafar tinch aholi xavfsizlik kuchlari qo‘lida halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Suriya mudofaa vazirligi SANA agentligiga ma’lum qilishicha, hukumat xavfsizlik xizmati xodimlariga «makkorona hujumlar»dan keyin nazoratni tiklagan.
Zo‘ravonlik alaviylar jamoasini «dahshatli holat»ga solib qo‘ydi, dedi BBC muxbiriga mahalliy faollardan biri. Ma’lum qilinishicha, yuzlab odamlar zo‘ravonlik avj olgan hududlarni tark etgan.
Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, odamlar Rossiyaning Lataqiya oblastidagi Hmeymim harbiy bazasiga boshpana izlab borgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda o‘nlab odamlar baza atrofida «Odamlar Rossiya himoyasini istaydi» deya hayqirayotgani aks etgan. Bundan tashqari, mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nlab oilalar qo‘shni Livanga qochib ketgan.
BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Geyr Pedersen Suriyaning qirg‘oqbo‘yi hududlarida «tinch aholi orasidagi qurbonlar haqidagi xavotirli xabarlar»dan «chuqur tashvishda» ekanini aytdi. U barcha tomonlarni mamlakatni «beqarorlashtirishi» va «ishonchli va inklyuziv siyosiy o‘tish»ni xavf ostiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
Suriya prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ahmad ash-Shar’a so‘nggi voqealar «kutilgan muammolar» doirasida ekanini aytdi, deb xabar bermoqda Reuters arab nashrlariga tayanib. U Al-Arabiya telekanali namoyish etgan videoda suriyaliklarni milliy birdamlikka chaqirgan. Ash-Shar’a masjidda nutq so‘zlagan.
SOHR rahbari Rami Abdulrahmon Suriyaning asosan alaviylar yashaydigan sohilidagi Jabla, Baniyas va ularga tutash hududlardagi qotilliklar mamlakatdagi 13 yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushi davridagi eng shafqatsiz zo‘ravonlik bo‘ldi, deb hisoblaydi. Umonning ta’kidlashicha, qurbonlar orasida alaviy ozchilikka mansub bo‘lgan ayollar va bolalar ham bor.
Yangi hukumat «Asad lashkari qoldiqlari» deb atagan kuchlarga qarshi amaliyot chog‘idagi qoidabuzarliklarni tan oldi. Hukumatdagilar zo‘ravonlikda tartibsiz harbiy harakatlarda rasmiy xavfsizlik kuchlariga yordam berishga uringan fuqarolar va jangchilarning uyushmagan guruhlarini ayblagan.
Suriya mudofaa vazirligidagi manba shanba kuni davlat ommaviy axborot vositalariga zo‘ravonlikni to‘xtatish va tinchlikni tiklashga yordam berish uchun sohil hududiga olib boruvchi barcha yo‘llar yopilgani, xavfsizlik kuchlari esa sohilbo‘yi shaharlari ko‘chalariga joylashtirilganini ma’lum qildi.
Manba, shuningdek, qoidabuzarliklarni kuzatish uchun tuzilgan favqulodda qo‘mita harbiy qo‘mondonlik buyruqlariga bo‘ysunmagan deb topilgan har qanday shaxsni harbiy sudga yuborishini aytdi.
Bir qishloqda o‘nlab alaviy erkaklar o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni o‘z ichiga olgan zo‘ravonlikning taxminiy ko‘lami yangi hukumatning Suriyani inklyuziv tarzda boshqarish qobiliyatini shubha ostiga qo‘yadi, deb yozadi Reuters.
Shanba kuni feysbukning Suriyadagi segmenti sohilbo‘yi hududidan bo‘lgan odamlarning fotosuratlari va nekrologlari bilan to‘lib ketdi, ularning oilalari va do‘stlari bu odamlar o‘ldirilganini aytib aza tutishmoqda.
Bashar Asad o‘tgan yilning dekabrida hokimiyatdan ag‘darilgan edi.
Mavzuga oid

00:07 / 16.04.2025
AQSh ikki oy ichida Suriyadagi qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqishni boshlaydi

22:02 / 14.04.2025
Suriyaning Moskvadagi elchisi Rossiyadan boshpana so‘radi

21:18 / 14.04.2025
Saudiya Arabistoni Suriyaning Jahon banki oldidagi qarzini to‘lab bermoqchi

16:53 / 08.04.2025