O‘zbekistonning investorlar bilan sudlashuvlari: Nizodan saqlanish uchun nimalarga e'tibor berish kerak?

Iqtisodiyot 11:11 / 25.10.2019 70623

2019 yil 4 oktabr kuni Investitsion nizolarni hal qilish xalqaro markazi ICSID (bundan keyingi o‘rinlarda – xalqaro markaz)da «GUNESH TEKSTIL» korxonasi va O‘zbekiston hukumati  o‘rtasidagi nizoga yakun yasaldi. Xalqaro markaz qaroriga muvofiq, mulkiy huquqlar buzilgani sababli (Turkuaz ishi) O‘zbekistonda 2004-2011 yillarda savdo faoliyati bilan shug‘ullangan bir guruh turkiyalik investorlarga 40 million AQSh dollari miqdorida kompensatsiya to‘lanadigan bo‘ldi.

Investorlar o‘z da'volarida keltirgan faktlariga e'tibor qaratsak, «GUNESH TEKSTIL» va uning hamkorlari Toshkentdagi savdo markaziga, shuningdek, O‘zbekistondagi «Turkuaz» savdo belgisi ostida faoliyat ko‘rsatgan bir qator savdo markazlariga egalik qilishgan. Da'vogarlarning ta'kidlashicha, ularning mulklari ustida mahalliy ma'murlar tomonidan o‘tkazilgan reydlar davomida kompaniya xodimlariga jismoniy tazyiq o‘tkazilgan, korxonalarga bojxona, import va soliq qonunlariga xilof ravishda faoliyat olib borish ayblari qo‘yilgan. Korxonaning asosiy xodimlari keyinchalik afv etilib, deportatsiya qilingan. Ammo investorlar bu ishlar ularning mulklarini tortib olish uchun oldindan puxta o‘ylangan harakatlar, deb iddao qilishgan.

Bir necha yuz million dollarlik mazkur investitsiya nizosida O‘zbekistonni dunyoga mashhur White and Case yuridik firmasi himoya qilgan bo‘lsa, turk tadbirkorlari Istanbuldagi Akinci Law Office xizmatidan foydalanishgan. Tortishuvga belgiyalik Hans Van Hut, fransiyalik Erik Shvars va britaniyalik Filipp Sandsdan iborat uch kishilik hakamlar hay'ati hakamlik qildi. 2013 yil avgust oyida boshlangan ish roppa-rosa 6 yil o‘tib, 2019 yil oktabr oyining 4-kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu ish Vashington konvensiyasiga muvofiq tashkil etilgan xalqaro markaz tomonidan hal etilgan. Xorijiy investor o‘z da'vosini 1992 yildagi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi «Kapital mablag‘larni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilishga doir» bitim (bundan keyingi o‘rinlarda Turkiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi Investitsiya bitimi) va O‘zbekistonning 1998 yildagi «Investitsiya faoliyatiga oid» qonuniga asosan qo‘zg‘atgan.

Hakamlarning xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni turkiyalik investorlarning mol-mulkini Turkiya-O‘zbekiston o‘rtasidagi Investitsiya bitimini buzgan holda tortib olgan. Shu bilan birga, xalqaro markaz tadbirkorlarning O‘zbekistonga qaratilgan kuch ishlatish orqali yetkazilgan ma'naviy zararni qoplashga oid da'vosini rad etgan.

Shunday qilib uch kishilik hakamlar guruhi O‘zbekiston tomoniga naqd 40 million AQSh dollari miqdorida jarima yukladi (xabarlarga ko‘ra, investorlar 200 million dollardan ortiq kompensatsiya talab qilishgandi). Bu mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ikki tomonlama investitsiya bitimlariga doir hal etilgan eng katta (e'lon qilingan xabarlarga suyanadigan bo‘lsak) jarima hisoblanib, 2013 yilda Britaniyaning Oxus Gold shirkatiga qo‘yilgan 10,3 million dollarlik kompensatsiyadan oshib tushdi.

40 mln AQSh dollari - milliy pul birligimizda 378 200 000 000 (uch yuz yetmish sakkiz milliard ikki yuz million) so‘m deganidir. Jaydari qilib aytadigan bo‘lsak, bu pulga 4976 dona NEXIA 3 LT (2 pozitsiya) mashinasi sotib olish mumkin.

Shu yerda o‘rinli savollar tug‘iladi:

 ① Qanday qilib bir xorijiy investor katta bir davlatni xalqaro arbitraj sudiga torta oladi?

② Nega davlat sifatida biz buncha katta summani xorijiy investorga to‘lashga majbur bo‘lyapmiz?

③ Yurtimiz imijini buzadigan va soliq to‘lovchilar cho‘ntagiga ta'sir etuvchi bunday holatlar yuz bermasligi uchun hukumatimiz bundan keyin nimalarga e'tibor berishi lozim?

Mazkur maqola – shu uch savolga javob berish yo‘lidagi urinish.

1. Qanday qilib bir xorijiy investor katta bir davlatni xalqaro arbitraj sudiga torta oladi?

Avvalambor, xorijlik tadbirkorlar bilan bo‘ladigan nizolarda ikki holatni ajratib olish lozim:

1. Davlat (davlat organi) va xorijiy investor o‘rtasidagi nizo.

2. Xorijiy investor va mahalliy tadbirkor o‘rtasidagi nizo.

Ushbu maqolada 1-guruh nizolarga e'tibor qarataman.

1991 yildan boshlab O‘zbekiston 50ga yaqin ikki tomonlama va ko‘p tomonlama investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoyalash bitimlarini tuzgan. Mazkur bitimlarda kuchli va sirli, 1990 yillar boshida mahoratli yuristlar kashf qilgan mexanizm o‘rin olgan. Bu mexanizm – davlatlar ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri neytral xalqaro arbitraj sudlariga da'vo qilish huquqi. Odatda xalqaro huquqda davlatlar yakka shaxs yoki yuridik shaxslarga ustilaridan xalqaro sudlarga davo qilishga imkon berishmaydi. Faqat 1960-yillardan boshlab ba'zi mamlakatlar xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida chet ellik investorlarga shunday alohida huquq berishga rozi bo‘lishdi. Natijada investitsiya bitimlariga bu qoida kiritila boshlandi. Hozirda bunday bitimlarning butun dunyodagi soni 3000dan oshib ketgan.

Aynan shu xalqaro huquqiy mexanizmini ishlatgan holda yuridik yoki yakka shaxs bo‘lgan xorijiy investor katta bir davlatga nisbatan xalqaro arbitraj sudlarida da'vo bilan chiqishi mumkin. Shunday bo‘lyapti ham. Ma'lumotlarga ko‘ra, davlatlar va xorijiy investorlar o‘rtasida mingga yaqin shunday nizolar ko‘rib chiqilgan.

Ikki tomonlama investitsiya bitimlari xorijiy investor mol-mulkining to‘liq himoyasi va xavfsizligini (full protection and security) ta'minlaydi, mahalliy yoki uchinchi davlat investorlariga nisbatan kamsitilishini (milliy va eng ko‘p qulaylik tug‘diruvchi rejim), mol-mulkning omma manfaatiga zid ravishda va kerakli kompensatsiyalar to‘lanmagan holda, qonunlarga zid ravishda tortib olinishini taqiqlaydi.

Qozog‘iston Markaziy Osiyoda xorijiy investorlar tomonidan eng ko‘p marta xalqaro arbitrajga da'vo qilingan davlat hisoblanadi. Ushbu davlat ba'zi qarorlarga ko‘ra 500 million dollarlik jarima to‘lashga majbur bo‘lgan.  

Matbuotimizda kam yoritilgan bo‘lsada, O‘zbekiston ham bu jarayondan chetda qolmagan. Shu paytgacha davlatimizga nisbatan xorijiy investorlar tomonidan xalqaro arbitraj sudlarida ikki tomonlama investitsiyalarni himoyalashga doir bitimlarga asoslanib quyidagi da'volar qo‘zg‘atilgan:

                      

Yuqoridagi nizolar  davlatimiz tuzgan ikki tomonlama bitimlarga asoslanib qo‘zg‘atilgan ishlardir. Ammo ichki qonunchiligimiz yoki davlat organining investor bilan tuzgan shartnomasiga ko‘ra qo‘zg‘atilgan ishlar ham kam emas. Investitsiya himoyasiga doir qonunchilikka asoslanib qo‘zg‘atilgan va keyinchalik katta miqdordagi summa to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishilgan eng mashhur ish Zarafshan-Newmont - O‘zbekiston investitsiya nizosi hisoblanadi. 2006 yilda bir qator g‘arblik investorlarga nisbatan soliq imtiyozlari tugatilishi natijasida Newmont’ga berilgan soliq imtiyozi ham oldindan tugatilgan. Natijada amerikalik investor O‘zbekistonni xalqaro arbitraj sudiga bergan. Garchi bu ishda arbitraj sudi qarori chiqarilmagan bo‘lsada, ayrim tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston investor bilan kelishib, unga 78 million AQSh dollariga yaqin kompensatsiya to‘lagan.

Ikkinchi ish 2012 yilda rossiyalik va amerikalik investorlar tomonidan tashkil etilgan telekommunikatsiya shirkati – MTSning litsenziyasi olib qo‘yilishi bilan bog‘liq holat. Mish-mishlarga sabab bo‘lib kelayotgan mazkur ish O‘zbekiston hukumati tomonidan eng katta abonent soniga ega bo‘lgan telekommunikatsiya shirkati litsenziyasining to‘satdan bekor qilinishi oqibatida kelib chiqqan edi. Bu ishda ham yakuniy qaror chiqqani yo‘q va taraflar kelishgan holda ishni hal etishdi. Lekin bu ish mamlakatimizda mol-mulk himoyasiga doir holat naqadar yomonligini dunyoga oshkor qilib qo‘ygandi.

2. Nega davlat sifatida biz xorijiy investorga katta jarima to‘lashga majbur bo‘lyapmiz?

Chunki bunday majburiyat davlatlararo yoki hukumatlararo bitimlardan kelib chiqmoqda.

O‘zbekiston shu paytgacha quyidagi davlatlar bilan ikki yoki ko‘p tomonlama bitimlar tuzgan va tuzishda davom etmoqda.

O‘zbekiston bilan Investitsiyani himoyalashga doir bitim tuzgan davlatlar ro‘yxati:

Bundan tashqari, O‘zbekiston 1994 yilda Investitsiya nizolarini hal qilish xalqaro markazi Vashington Konvensiyasini ham imzolagan. Unga ko‘ra, ikki tomonlama (davlatlararo yoki hukumatlararo) bitimlar yoki investor bilan tuzilgan shartnomaviy munosabatlar bo‘yicha xalqaro markazning hakamlik sudlarida ko‘rilgan ishlar taraf bo‘lgan davlat tomonidan albatta ijro etilishi lozim. Bunday qarorlarga ichki sudlar yoki adliya vazirliklari tomonidan chet el sudlari qarorlarining tan olish va ijro etishga doir protsedurasi tatbiq etilmaydi. Xullas, investitsiya bitimlari va Vashington Konvensiyasi xorijiy investorga xalqaro huquqiy himoya qalqoni vazifasini o‘tab beradi.

Agar O‘zbekiston bunday bitimni ijro etishdan, ya'ni o‘zi yutqizgan qaror ijrosidan bo‘yin tovlasa, unda investor uning chet ellardagi mulklariga ijroni qaratishi mumkin. Agar buning ham iloji bo‘lmasa subrogatsiya tizimi orqali investor mansub bo‘lgan xorijiy davlat mamlakatimizga nisbatan investitsiya bitimiga asoslanib qayta ishni boshlaydi (masalan, Davlatlararo bitimni ijro etmagani uchun O‘zbekiston «Gunesh Tekstil» masalasida Turkiya tomonidan bir tomonlama sanksiyalarga uchrashi mumkin). Kamida xalqaro investorlar jamiyatining «ishonarsiz davlat» degan tamg‘asi ostida qolib, chet el investitsiyalaridan quruq qoladi. Shu va boshqa sabablarga ko‘ra, davlatlar hozirgacha deyarli barcha arbitraj qarorlarini bajarib kelishmoqda.

Shu sababli, O‘zbekiston ham yuqorida tilga olingan qarorga muvofiq, 40 million dollarlik kompensatsiyani to‘lash majburiyatida turibdi. Bunga xalqaro arbitraj sudi xarajati va davlatimizni arbitraj sudida himoya qilgan White and Case shirkatiga to‘langan millionlab dollar yoki o‘zbek mulozimlarining shu ish uchun Vashington yoki Parijga qatnagani xarajatlari kirmaydi. Tushungan bo‘lsangiz kerak, xalqaro arbitraj odatda katta xarajatlarni talab etadigan qimmat jarayon hisoblanadi.  

3. Yurtimiz imijini buzadigan va soliq to‘lovchilarning cho‘ntagiga ta'sir etuvchi bunday holatlar yuz bermasligi uchun hukumatimiz bundan keyin nimalarga e'tibor berishi lozim?

Yaqin tarixdagi achchiq saboqlarni unutmaslik kerak, zero investorlar jamiyatida bu kabi holatlar osongina unutilmaydi.

Birinchidan, xorijiy investorning mulkiy daxlsizligiga e'tibor bermaslik davlatimiz uchun multimillion va ba'zida hatto multimilliard dollarlik xalqaro-huquqiy javobgarlikni yuzaga keltiradi. Agar biz xalqaro investorlar hamjamiyatining ishonchini qozonmoqchi bo‘lsak, mulk huquqi daxlsizligini birinchi o‘ringa qo‘yishimiz, avvalo, o‘zimiz qabul qilgan qonunlarga o‘zimiz amal qilishni boshlashimiz darkor.  

Biz xususiy mulkka nisbatan qarashimizni mutlaqo o‘zgartirishimiz kerak: uni asosiy huquq sifatida qabul qilishimiz va uning himoyasiga milliy nomus o‘laroq qarashimiz shart.

Kuni kecha Turkiyadagi elchimiz o‘z intervyusida aytganidek, afsuski, bizda mulkiy huquqlar emas, balki qudrat va pul rol o‘ynayapti. Axir, mansabdor o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilib, menga yer bersa, unda ertaga mendan kattaroq investor kelsa, mening ham haq-huquqim yer bilan yakson qilinar ekanda?!

Ikkinchidan, yangiliklarda chiqayotgan xabarlarga e'tibor beradigan bo‘lsak, keyinchalik ham davlatimizga nisbatan bunday nizolar qo‘zg‘atilishi ehtimoli yo‘q emas. Investitsion muhit yaxshilangani sayin investorlar soni ham, ular bilan bog‘liq nizolar ham ortadi. Nizo chiqishi-ku biznesdagi odatiy hol, ammo investorning huquqiy himoyasi ta'minlanmagani noodatiy hol.

So‘nggi ikki yil davomida xorijiy investorlar bilan bog‘liq xabarlarni tekshirib ko‘rdim: ko‘pchilik holatlarda xalqaro-huquqiy bitimlarga zid holat ko‘zga tashlanadi. Biz bunday moddiy normalarga potensial zid keluvchi holatlar haqidagi xabarlarni kunora o‘qib turibmiz.

E'tiboringizga shu 1-2 yil ichida chiqqan ba'zi xabarlarni taqdim etaman:

✔︎Bizga investorlar kerakmi yoki yo‘q: Hindistonlik investorni Surxondaryoda qiynayotgan muammolar haqida

✔︎ Investor adolat so‘ramoqda. U Jizzaxda qurilgan zavodni ishga tushirolmayapti

✔︎Andijonda xorijiy investor mulkini kim tortib oldi? Bunga haqqi bormi o‘zi?

✔︎Jizzaxdagi 100 million dollarlik investitsiya mojarosi: loyiha amalga oshishiga nimalar to‘siq bo‘lmoqda?

✔︎Sariosiyoda prezident qarorida belgilangan loyihaga to‘sqinlik qilishmoqda

Uchinchidan, yurtimiz imijini yaxshilaymiz deb xorijiy investorning har bir talabini qonunlarni xatlab o‘tgan holda bajaraverish noto‘g‘ri, albatta. Har bir ish qonun doirasida bo‘lmog‘i lozim. Shundagina salbiy holatlar kamayadi, tartib o‘rnatiladi. Buning uchun xalqaro investitsiya bitimlari va ichki qonunchiligimiz shunga tayyor bo‘lishi lozim.   

To‘rtinchidan, chet ellik investorga berilgan turli imtiyozlardan foydalanish va ikki tomonlama  investitsiya bitimlari himoyasi ostiga kirish uchun atayin chet elga chiqib, u yerda faqat qog‘ozdagina xorijiy kompaniya (paper company) ochib, mamlakatimizga qaytib kiruvchi mahalliy mulkdorlar borligi ham bor gap. Bunday holatga barham berish uchun soliq imtiyozlari tizimini isloh qilish va mulk huquqi himoyasini kuchaytirish kerak. Bunday ishlar investitsiya nizolariga aylanganini Misr, Ukraina va Ruminiya kabi davlatlarda ko‘rish mumkin.

Xulosa o‘rnida

Mamlakatga sarmoya kiritayotgan chet el investorining huquqiy himoyasi yo‘lida nafaqat ichki qonunlar, balki xalqaro huquq normalari ham borligini unutmaslik kerak. Garchi investitsiyalar himoyasi sohasida xalqaro hakamlik sudlari ham yetarlicha muammolarga ega bo‘lsada, ular shu paytgacha hal etgan katta nizolar soni 1000ga yaqinlashdi. O‘zbekiston ham xalqaro hamjamiyatning to‘laqonli a'zosi sifatida bu sohaga e'tibor bermog‘i va xalqaro majburiyatlarini o‘z o‘rnida bajarmog‘i lozim. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham yaqin kelajakda qo‘shni mamlakatlarga investitsiya kirita boshlashi mumkin, shuning uchun investitsiya bitimlarimizni hamda  investorlarimizning xorijiy davlatlardagi himoyasi masalalarini ham qayta tekshirish kerak bo‘ladi.

Mulk himoyasiga katta e'tibor qaratilishi mamlakatimizga faqat foyda keltiradi, xolos. Undan xavfsirash – mantiqsizlik. Mulkiy huquqlar beqarorligi esa – bir dunyo muammolarning ildizidir...

Alisher UMIRDINOV,
Nagoya (Yaponiya) iqtisodiyot universiteti, biznes huquqi fakulteti professori, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi.

 

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin

Ko‘proq yangiliklar: