Jahon | 16:01 / 06.04.2025
2850
3 daqiqa o‘qiladi

Eron sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi kuch ishlatish orqali tahdid qilayotgan AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishdan ma’ni yo‘qligini aytdi.

Foto: Reuters

Eron o‘ziga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar bekor qilinsagina yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga tayyor bo‘ladi. Bu haqda mamlakat TIV rahbari Abbos Arakchi ma’lum qildi.

«Eron avvalroq o‘zining yadroviy faoliyati tinch xarakterga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida Birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida bir qator ixtiyoriy qadamlarni qo‘ygan. Ammo AQSh bir tomonlama tartibda ushbu bitimdan chiqdi», — deya vazirning so‘zlarini keltiradi Mehr agentligi.

«Endi bunday tajribaga ega bo‘lgan holda, biz yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni Eronga qarshi despotik sanksiyalarni bekor qilish asoslangan ishonchni mustahkamlash choralari evaziga davom ettirishga tayyormiz», — deydi Arakchi.

Uning ta’kidlashicha, BMT nizomini buzgan holda kuch qo‘llash orqali tahdid qilishda davom etayotgan AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishdan ma’ni yo‘q. Biroq Arakchi Tehron bilvosita muzokaralar variantini rivojlantirishni xohlashini qo‘shimcha qildi.

Oldinroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiyga maktub yo‘llab, ikki oy ichida yangi yadroviy bitim tuzish shartini qo‘ygandi. «Agar Eron muzokara qilmasa, bu juda yomon bo‘ladi. Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak. Boshqa variantlar ham bor», degan Amerika rahbari. Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bunga javob qaytarib, AQSh bilan yadroviy dastur bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni rad etdi, ammo bilvosita aloqalar o‘rnatish imkoniyati borligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Eronning yadroviy dasturini cheklashni nazarda tutgan bitim 2015 yilda bir qator davlatlar – AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy tomonidan imzolanib, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan edi. 2018 yilda Tramp Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha olingan razvedka ma’lumotlariga asoslanib, AQShni bitimdan bir tomonlama ravishda chiqargan.

Mavzuga oid