Jahon | 14:40 / 05.04.2025
8375
9 daqiqa o‘qiladi

Suriyada yakson bo‘lgan harbiy baza, Ukraina shaharlariga ketma-ket hujumlar va Trampga javob qaytargan Xitoy - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil Suriyadagi harbiy obektlarni yakson qildi

Isroil Hama va Damashqdagi harbiy obektlarga aviahujum uyushtirdi. Hujum Suriyadagi «T4» aviabazasiga Turkiya qiziqish bildirgani haqidagi xabarlardan so‘ng amalga oshirilgan.

Palmira yaqinidagi ushbu bazani Isroil avval ham nishonga olgan edi. Bu safar ham hujumni «milliy xavfsizlik manfaatidagi ogohlantirish», deb atadi.

Suriya Tashqi ishlar vazirligi hujumni keskin qoralab, «asossiz eskalatsiya» deb baholadi. Hamadagi aerodrom deyarli yo‘q qilingan, kamida to‘rt harbiy halok bo‘lgan.

Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats havodan bosim davom etishini va bufer hududlarda pozitsiya saqlanishini bildirdi. O‘tgan yilning 8 dekabrida Asad rejimi qulagandan beri Isroil Suriyaning bir qismini egallab olib, yuzlab hujumlar uyushtirgan.

Suriya tomoni esa bu amaliyotlarni mamlakatni beqaror saqlash urinishi, deb atamoqda. Suriya aholisi ham Isroil hujumlariga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazmoqda.

Dara’, Suvaydo, Hama va Halab viloyatlarida suriyaliklar Isroilning hujumlariga qarshi ko‘chalarga chiqishdi. Namoyishchilar G‘azoga qo‘llab-quvvatlov bildirib, aksilisroil shiorlarini baqirishdi.

Kriviy Rig ballistik hujumga uchradi

4 aprel kuni kechqurun Rossiya armiyasi Ukrainaning Kriviy Rig shahridagi turar joy kvartaliga ballistik raketa bilan zarba berdi. Hujum oqibatida 19 kishi halok bo‘lgani, 61 nafar inson, jumladan 12 bola yaralangani aytilmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hujumni keskin qoralab, bu oddiy shaharga qarshi qasddan qilingan ballistik zarba ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlardan 6 nafari bolalar bo‘lgan.

Zarba bolalar maydonchasi yaqinida sodir bo‘lgan. Shaharda 20 dan ortiq ko‘p qavatli uy, o‘nlab avtomobillar va ijtimoiy obektlar zarar ko‘rgan. Eng kichik jarohatlangan bola 3 oylik ekani aytilmoqda.

Hozirda qutqaruv ishlari davom etmoqda. Ukraina rasmiylari buni navbatdagi fojiali terakt sifatida baholamoqda.

Rossiya armiyasi 3 aprel kuni kechqurun Xarkivning Novobavarskiy rayoniga dronlar bilan hujum qilgan edi. Dronlar zarbalari oqibatida ko‘p qavatli uylar zarar ko‘rgan. Uch kishi halok bo‘lgani va 32 kishi, jumladan, bir bola yaralangani ma’lum qilingan edi.

4 aprelga o‘tar kechasi Dniproga ham Shahed dronlari bilan hujum qilindi. Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati boshlig‘i Sergey Lisak uch nafar qurbon haqida ma’lum qildi.

Tramp Putinga sukut bilan javob bermoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z maslahatchilari tavsiyasiga binoan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yangidan muloqot qilmaslikka qaror qildi. Bu qaror Kreml to‘liq o‘t ochishni to‘xtatmaguncha amalga oshiriladi.

Tramp avvalroq Putinga qo‘ng‘iroq qilish niyati borligini aytgandi, ammo Oq uy buni «o‘rinsiz g‘oya» deb hisoblamoqda. Ikki mamlakat yetakchilari oxirgi marta 18 mart kuni suhbatlashgan.

O‘sha muloqotda Rossiya ukrain energetika tizimiga hujumlarni 30 kunga to‘xtatishga rozi bo‘lgandi, ammo bu kelishuv bajarilmadi.

Tramp Putinning Ukrainada vaqtincha boshqaruv o‘rnatish taklifiga keskin qarshi chiqqan va Rossiya neftiga qo‘shimcha bojlar solish bilan tahdid qilgan. Kreml esa bu tahdidni jiddiy qabul qilmayapti.

Yevropa nega Trampga javob berishga shoshilmayapti?

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan 20 foizlik bojlardan so‘ng Yevropa Ittifoqi o‘z javob choralarini muhokama qilmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kompaniyalarni AQShdagi investitsiyalarni muzlatib qo‘yishga chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning bojlari Yevropa biznesiga tahdid soladi, shu bois Bryussel bunga nisbatan keskin javob qaytarishi kerak. Makron Yevropa bozorini himoya qilish va AQShning yirik texnologiya kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etishni taklif qildi.

Shu bilan birga, Yevroittifoq o‘ziga zarar yetkazmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. AQSh Yevropa uchun muhim bozor bo‘lib qolmoqda — Germaniya Amerikaga avtomobillar eksport qiladi, Fransiya — samolyotlar, Italiya esa lyuks mahsulotlar.

Yevrokomissiya alohida muzokaralar olib bormoqda. Agar Vashington ortga chekkinmasa, Yevropa Ittifoqi murosa qilish yoki sobiq ittifoqchi bilan savdo urushiga kirishishdek og‘ir tanlov qarshisida qoladi.

Xitoy AQShga 34 foizlik boj qo‘llaydi

Yevropa ikkilanib turganida Xitoy AQShning eng yirik raqibi bo‘lmish Xitoy Donald Trampning tarif urushiga javoban AQSh tovarlarini Xitoyga yetkazib berishga xuddi shu kabi qo‘shimcha bojlar joriy etishini bildirdi.

Xitoy davlat kengashi tarkibidagi Tarif komissiyasi bayonotiga ko‘ra, AQSh xalqaro savdo qoidalarini buzmoqda, Xitoyning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazmoqda va bir tomonlama bosim o‘tkazishni amalga oshirmoqda.

Tramp bu javobni «vahima» deb atadi va Xitoy «bunday xatoga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi», dedi. AQSh prezidentiga ko‘ra, Xitoy tovarlariga avvalgi 20 foizlik boj ustiga yana 34 foiz qo‘shilgan, jami 54 foizga yetkazilgan.

Qayd etib o‘tish joizki, o‘tgan 2024 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 688 milliard dollardan oshgan edi.

Amerikalik askarlar Litvada halok bo‘ldi

Litvaning Pabrade shahri yaqinidagi torfli botqoqda AQSh harbiy texnikasi g‘arq bo‘lishi oqibatida to‘rt nafar amerikalik askar halok bo‘ldi. M88 Hercules bronemashinasi mashq paytida botqoqqa botib qolgan.

Askarlarning jasadlari ikki kundan so‘ng topildi. Ular Delaver shtatidagi Dover shahriga yuboriladi. Vilnyus shahri markazi orqali motam yurishi o‘tkazildi, ikki davlat bayroqlari bilan askarlarga hurmat bajo keltirildi.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda ularning o‘limini «og‘riqli yo‘qotish», deb atadi.

Ayni paytda Litvada mingdan ziyod amerikalik harbiy xizmatchi rotatsiya asosida joylashtirilgan. Mamlakat Rossiya tahdididan xavotirda.

Eronda Navro‘z ta’tillarida 838 kishi qurbon bo‘ldi

15 martdan 3 aprelgacha Navro‘z bayrami munosabati bilan Eronda 838 kishi yo‘l-transport halokatlarida halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat yo‘l politsiyasi rahbari Timur Husayniy ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu oraliqda umumiy 97 mingdan ortiq yo‘l hodisasi qayd etilgan, shundan 698 tasi halokat bilan yakunlangan.

Avtohalokatlarda yana 19 mingdan ziyod kishi tan jarohati olgan. Eng ko‘p o‘lim holatlari Kirmon, Fors, Xuroson-Rezaviy va Xuziston viloyatlarida qayd etildi. Avariyalar asosan yurish qoidalariga amal qilmaslik va tezlikni oshirish oqibatida yuz bergan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, bayram kunlari odatda Eronda shaharlararo yo‘llarda avariyalar soni keskin oshadi.

Sun’iy intellekt boylarga xizmat qilmoqda

BMTning UNCTAD hisobotiga ko‘ra, sun’iy intellekt hozirga kelib global mehnat bozorining 40 foizi uchun xavf solmoqda. Bu texnologiya mehnatga emas, asosan kapital manfaatiga xizmat qilmoqda. Natijada, boy va kambag‘al mamlakatlar o‘rtasidagi farq ortib bormoqda.

2033 yilgacha SIʼning bozor qiymati 4,8 trln dollarga yetishi mumkin. Ammo undan ko‘riladigan iqtisodiy foyda notekis taqsimlanmoqda: mablag‘lar asosan AQSh va Xitoydagi kompaniyalarga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, Apple va Microsoft kabi korporatsiyalarning bozor qiymati butun Afrika yalpi ichki mahsulotiga teng.

UNCTAD sun’iy intellekt rivojlanishida rivojlanayotgan mamlakatlar ham faol ishtirok etishi kerakligini ta’kidlamoqda. BMT sun’iy intellektni insonparvarlikka mos yo‘nalishda rivojlantirish uchun xalqaro hamkorlik va shaffoflikni kuchaytirishni tavsiya etmoqda.

Mavzuga oid