Jahon | 13:37 / 07.04.2025
3304
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoni bo‘laklarga bo‘layotgan Isroil, Amerikada Trampga qarshi namoyishlar va bojlar oshirilishiga qarshi chiqqan Ilon Mask - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil G‘azoni bo‘laklarga bo‘lmoqda

Isroil armiyasi G‘azoda «Morag koridori» deb nomlangan hududda yangi harbiy amaliyot boshlaganini e’lon qildi. Bu hudud Rafah va Xon Yunus o‘rtasida joylashgan bo‘lib, falastinliklar bu harakatlarni anklavni bo‘lib tashlash rejasining bir qismi deb baholamoqda.

Armiya vakili Avixay Adraining ma’lum qilishicha, 36-diviziya ilk marta bu hududda harakat qilmoqda. Amaliyotning asosiy maqsadi — Rafah atrofidagi Falastin guruhlari faoliyati uchun foydalanilayotgan infratuzilmani yo‘q qilish.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Xon Yunus va Rafah orasidagi hududni nazoratga olish rejasini e’lon qilgan edi. Bu 2024 yil may oyida Misr chegarasida yaratilgan Filadelfiya koridori singari amalga oshirilmoqda.

Falastin rahbariyati amaliyotni qoralab, uni G‘azo sektoridagi fuqarolarni yakkalab qo‘yishga qaratilgan harakat sifatida baholadi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil oktyabridan buyon Isroilning G‘azodagi harbiy intervensiyasi natijasida 50 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, shulardan 17 mingdan ziyodi yosh bolalar.

Eron tahdid ostida muzokaraga kirishmoqchi emas

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishni «befoyda» deb atadi. Unga ko‘ra, betinim tahdidlar davom etayotgan bir paytda bunday muloqotdan ma’ni yo‘q.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp bevosita muzokarani taklif qilgan edi. Ammo Aroqchiy tahdidlar ostidagi hech qanday muloqotni qabul qilmasligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Eron diplomatiyaga sodiq, biroq faqat bilvosita muzokaralarga tayyor.

Vazirning ta’kidlashicha, Eron o‘z milliy manfaatlarini himoya qilishda ham, diplomatik yechim topishda ham jiddiy yondashmoqda. «Biz ehtimoliy har qanday vaziyatga tayyormiz», — dedi Aroqchiy.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ham muzokaralar borasida o‘z shubhasini bayon qildi: «Agar muzokara xohlasangiz, nega tahdid qilyapsiz?» dedi u.

Eron yadroviy dasturi atrofidagi ziddiyat keskinlashmoqda. Agar mamlakatga hujum qilinsa, Tehron yadroviy qurol yaratishni muhokama qilishini bildirmoqda.

Zelenskiy: «Rossiyaga yetarlicha bosim ko‘rsatilmayapti»

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi bosim hanuz yetarli darajada emasligini ta’kidladi. U Rossiyaning so‘nggi havo hujumlarini jahon hamjamiyati uchun signal deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat o‘tgan hafta ichida Ukrainaga 1460 dan ortiq boshqariladigan aviatsiya bombasi, qariyb 670 zarbdor droni va 30 dan ziyod turli xil raketalar uchirilgan.

Zelenskiy Kriviy Rig shahriga qilingan hujumni misol tarzida keltirdi. U yerda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 20 kishi halok bo‘lgan, shulardan to‘qqiz nafari bolalar.

«Ular hovlidagi maydonchalarda o‘ynayotgan bolalarga qarshi urush olib boryapti», — dedi Zelenskiy. U Rossiyaning bu harakatlari dunyo hamjamiyatiga uning urushni davom ettirish niyati borligini yaqqol ko‘rsatib turibdi, deb hisoblaydi.

Zelenskiy Amerika, Yevropa va barcha xalqaro hamkorlarni Rossiyaga nisbatan siquvni kuchaytirishga chaqirdi. U sanksiyalar saqlanishi, Ukraina mudofaa qobiliyati oshirilishi va diplomatik faoliyat orqali Moskvaga yangi tajovuzlar uchun imkoniyat qoldirmaslik lozimligini ta’kidladi.

Bu orada Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainada G‘arb harbiy kontingentini joylashtirish tashabbusi yuzasidan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Ular «ko‘ngillilar koalitsiyasi» doirasida harbiy hamkorlik va urushdan keyingi barqarorlashuv rejasini muhokama qilishdi.

Tramp nega Rossiyaga boj joriy etmadi?

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urush bo‘yicha davom etayotgan muzokaralar sababli Rossiyaga savdo bojlari joriy etmaslikka qaror qilgan, deyilmoqda.

Milliy iqtisodiy kengash rahbari Kevin Hassettning ma’lum qilishicha, minglab ukrain va rossiyaliklar hayoti xavf ostida turgan bir paytda, Moskva bilan savdo urushini boshlash noto‘g‘ri bo‘lar edi.

Biroq AQSh barcha deyarli ittifoqdosh davlatlarga, jumladan Ukrainaga ham 10 foizlik import bojlari joriy etgan. Ammo Rossiya, Belarus, KXDR va Kuba kabi davlatlar bu ro‘yxatga kiritilmadi. Hassett bu qaror ikki masalani alohida ko‘rib chiqish zarurligini anglatishini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, Rossiya keyinchalik sanksiyalarga uchrashi mumkin — bu muzokaralar natijasiga bog‘liq bo‘ladi. Kanada va Meksika esa bunday imtiyozlardan mahrum qilingan.

Hassett shuningdek, yangi bojlar e’lon qilinganidan so‘ng 50 dan ortiq davlat AQSh bilan savdo muzokaralarini boshlashga tayyor ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Tramp strategiyasining samara berayotganini ko‘rsatadi.

Amerikada Tramp va Maskka qarshi namoyishlar

Amerika Qo‘shma Shtatlarda minglab odamlar Tramp va Mask siyosatidan norozi bo‘lib, ko‘chalarga chiqdi.

Shanba kuni AQShning 1200 dan ortiq shahrida «Hands Off!» («Qo‘lingni tort!») shiori ostida keng qamrovli namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar prezident Donald Tramp va uning maslahatchisi Ilon Mask olib borayotgan ichki siyosatga qarshi chiqdi.

Asosiy norozilik prezident ma’muriyatining minglab davlat xizmatchilarini ishdan bo‘shatishi, ijtimoiy agentliklar bo‘limlarini yopishi va budjet xarajatlarini qisqartirishiga qarshi qaratildi.

Aholining g‘azabini Ilon Maskning bu islohotlardagi roli ham kuchaytirdi. U hukumat samaradorligi vazirligini boshqarib, «optimallashtirish» choralarini joriy etmoqda.

Shunga qaramay, Oq uy Trampning ijtimoiy dasturlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va tanqidni rad etdi. Namoyishlar tinch o‘tgan. Hech kim hibsga olinmagan.

Mask tarif cheklovlari kerak emas demoqda

Ilon Mask AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida erkin savdo hududini taklif qildi.

AQSh prezidenti maslahatchisi va Tesla rahbari Ilon Mask Yevropa va Amerika o‘rtasida barcha bojlarni bekor qilishni taklif qildi. Bu bayonotni u Tramp Yevropa importiga 20 foizlik boj joriy etganidan so‘ng Italiyadagi videokonferensiya davomida bildirdi.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, ideal holda ikki tomon «nol boj» tizimiga o‘tishi va yagona savdo hududi yaratilishi kerak. Bu Oq uyning amaldagi iqtisodiy siyosatidan farq qiluvchi kamdan-kam holdagi ochiq norozilik sifatida baholanmoqda.

Bayonot Tesla aksiyalari keskin tushib ketgan bir vaqtda yangradi. Kompaniya Yevropadagi savdolar keskin kamayganini ma’lum qildi. Bunga Maskning siyosiy faolligi ham ta’sir qilgani aytilmoqda.

Shu hafta Tramp Xitoyda ishlab chiqarilgan ehtiyot va butlovchi qismlarga 34 foizlik boj joriy qildi — bu to‘g‘ridan to‘g‘ri Tesla ishlab chiqarishga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

G7 Xitoy harbiy mashqlaridan xavfsiramoqda

«Katta yettilik» (G7) mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari Xitoyning Tayvan atrofidagi keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlaridan jiddiy tashvish bildirishdi. Ular ushbu «g‘ayriqonuniy va qo‘rqituvchi harakatlar» mintaqadagi keskinlikni kuchaytirib, global xavfsizlik va farovonlikka tahdid solayotganini ta’kidlashdi.

G7 mamlakatlari konstruktiv muloqot orqali barcha muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlashini bildirishdi. Ular Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi munosabatlarda barqarorlik muhimligini ta’kidlashdi.

1–2 aprel kunlari Xitoy armiyasi Tayvan atrofidagi sharqiy dengiz hududida uzoq masofani nishonga oluvchi qurol-yarog‘lar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Pekin tomonidan harbiy-havo kuchlari, dengiz flotlari va raketali bo‘linmalar jalb qilindi. Tayvan esa buni «behuda va mas’uliyatsiz harakat» sifatida keskin qoraladi.

Mavzuga oid