«Real» 8 gol urilgan o‘yinda finalga chiqdi, Saka qaytishini gol bilan nishonladi. Kun o‘yinlari
Madridliklar qo‘shimcha daqiqalarda to‘rtinchi golni o‘tkazib yubordi, ammo overtaymda hisobni tenglashtirdi. Seshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Getty Images
Ispaniya: epik turnir
Ispaniya kubogi. Yarimfinal, javob uchrashuvi.
«Real» – «Real Sosiyedad» – 4:4 (Umumiy hisob – 5:4)
Gollar: Endrik 30, Bellinghem 82, Tchuameni 86, Ryudiger 115– Barrenechea 16, David Alaba 72 avtogol, Oyarasabal 80, 90+3.
«Real»: Lunin, Asensio, Alaba (Ryudiger, 90), Vaskes (Modrich, 79), Chuameni, Valverde, Bellinghem, Kamavinga (Fran Garsiya, 90), Rodrigo, Vinisius, Endrik (Mbappe, 66).
«Real Sosiyedad»: Remiro, Munyos, Subeldiya, Aramburu (Traore, 79), Agerd (Elustondo, 27), Subimendi, Kubo, Suchich, Marin (Olasagasti, 90), Barrenechea (Serxio Gomes Martin, 68), Oyarsabal.
Birinchi o‘yin – 1:0.
San-Sebastyandagi birinchi o‘yin «qaymoqranglilar»ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Javob o‘yinida esa jamoalar birgalikda sakkizta gol urishdi.
Bu oqshom Karlo Anchelotti Ryudiger va Mbappeni zaxirada qoldirdi. Odatdagi kabi kubok o‘yinida markaziy forvard rolini Endrik egalladi, San-Sebastyandagi o‘yinda yagona gol muallifi aynan u bo‘lgandi.
Basklar umumiy hisobni tenglashtirishga intilib, ilk daqiqalardanoq yuqori pressing uyushtirdi, «Real» esa to‘pga egalik qilishga urinmadi. Mezbonlar raqib maydonidagi bo‘sh hududlardan foydalanib qolishga bajonidil tayyor edi. O‘yin startida temp u qadar yuqori emasdi. Ammo sakkizinchi daqiqadayoq Endrik go‘zal harakatlar bilan muxlislarni o‘ziga mahliyo qildi. Braziliyalik yosh futbolchi raqib jarima maydoni ichida ikki himoyachi qo‘riqlayotganiga qaramay, to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va chalqancha holatda zarba berdi. Ammo to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi va Ispaniyada mavsum goli urilmay qoldi.
Jarohat tufayli safdan chiqqan Kurtua o‘rniga o‘ynayotgan Lunin esa ko‘p hayajonlandi. Bir necha holatda uning uzun paslari noaniq chiqdi, basklarning birinchi xavfli hujumidayoq gol o‘tkazib yubordi. Mehmonlar chap qanotdan to‘pni jarima maydoniga olib borishdi, Vaskes hujumga xalaqit qila olmadi, Barrenechea shunchaki to‘pni darvozabon oyoqlari ostidan o‘tkazdi.
«Real» shundan keyin ham o‘rtacha darajada o‘ynashda davom etdi, ammo o‘yinning yarim soati ortda qolganida javob goli urildi. Bundan oldinroq Imanola Alguasil jamoasida Agerd jarohat oldi va himoya chizig‘i zaiflashdi. Mezbonlar himoyadan chiqishda tezkor harakat qilishdi va Endrik ikkinchi imkoniyatidan foydalanib, Ispaniya kubogidagi beshinchi golini urdi va turnir to‘purarlari ro‘yxatida «Atletiko» hujumchisi Xulian Alvaresga yetib oldi. Bu hujumda asosiy ishni Vinisius Junior bajardi. U maydonni ikkinchi qismidan turib butsasining tashqi qismi orqali to‘pni himoyachilar ortiga ochilayotgan jamoadoshiga yetkazib berdi, yosh forvard to‘pni Remiro ustidan oshirib tashladi - 1:1.
«Real» ikkinchi bo‘limni faol boshladi, tezda standart vaziyatlardan ikkita golli vaziyat yaratdi. Avvaliga burchakdan to‘pidan to‘g‘ridan yo‘llangan zarbadan keyin Remiro qiyinchilik bilan uni to‘xtatib qoldi. Keyingi burchak zarbasida esa «Real Sosedad» darvozaboni zarbani qaytarish uchun qo‘llarini yozganida, kafti bilan Bellinghemning yuziga urib yubordi. Basklar darvozasiga penalti belgilanishi mumkin edi, biroq hakam Xaver Roxas buni qoidabuzarlik emas deb topdi.
O‘yin yakuniga yarim soatcha vaqt qolganida Anchelotti Mbappeni maydonga tashladi. Ammo Endrik o‘rniga tushgan fransuz jamoasi o‘yinini kuchaytira olmadi. «Real» to‘p uchun kurashlarda yutqaza boshladi. Bo‘lim o‘rtalarida «Real Sosiyedad» bor kuchi bilan harakat qilishga o‘tdi. Basklarning tanaffusdan keyin darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarbasi faqatgina Luninning seyvi va Oyarsabalning zarba berishdagi muvaffaqiyatsiz harakatlari tufayli gol bilan yakunlanmadi - qaytgan to‘pga yetib borgan basklar yulduzi mezbonlarni ochiqchasiga kechirdi. Ko‘p o‘tmay, Lunin yana bir marta to‘pni oyoqlari orasidan o‘tkazib yubordi. Bu safar o‘z jamoadoshidan. Marin jarima maydoniga yorib kirib, zarba yo‘lladi, to‘p Alabaning oyog‘i orqali to‘rga borib tushdi.
«Real» bu daqiqalarda karaxt holatga tushib qoldi, basklar esa to‘xtash haqida o‘ylamadi va uchinchi golni ham urdi. Kubo navbatdagi marta Kamavinganing chap qanotida oldinga o‘tdi, yana Alabaning omadi kelmadi. Oyarsabalning zarbasidan keyin to‘p markaziy himoyachiga tekkan holda darvozabonni dog‘da qoldirdi.
Ammo «Real» o‘ziga keldi va darhol javob qaytardi. Vinisiusning reydi jarima maydonida bo‘sh qoldirilgan Bellinghemning goli bilan yakunlandi. Keyin braziliyalikning o‘zi yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, Remiro bilan duelni boy berdi. Ammo darvozabon Tshuameni burchak zarbasidan keyin bosh bilan zarba berganida ilojsiz qoldi. Ammo bu hali hammasi emasdi. Asosiy vaqt yakunlanishiga oz vaqt qolganida Oyyarsabal to‘pga chiqishda xato qilgan Luninni jazoladi, Remiro esa Bellinghemning bosh bilan burchak tomon yo‘llagan zarbasini qaytarib, o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga olib o‘tdi. Overtaymlarda Anchelotti himoya chizig‘ini almashtirdi, Mbappe vaziyatlardan foydalana olmadi, Olasagastining Vinisiusga qo‘polligidan keyin janjal chiqdi va bitta gol urildi. Odatda penaltilar seriyasida hal qiluvchi golni urib ketadigan Ryudiger ikkinchi qo‘shimcha bo‘lim yakuniga besh daqiqa qolganida burchakdan oshirilgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘llab, penaltilar seriyasini bekor qildi.
Madrid bu safar og‘ir holatdan standart vaziyatlar orqali chiqib ketdi. Karlo Anchelotti esa «Qirollik klubi»ni faoliyatida uch bor final o‘yiniga olib chiqqan beshinchi murabbiyga aylandi (1982 yildan buyon ilk holat). Finalda raqib kim bo‘lishi («Barsa» yoki «Atletiko») — muhim emas. Har qanday holatda ham muxlislarni epik jang kutmoqda.
Angliya: Sakaning qaytishi
APL. 30-tur
«Arsenal» – «Fulhem» 2:0
Gollar: Merino 37, Saka 73 – Muniz 90+3
«Arsenal» — Rayya, Saliba, Gabriel (Kivior,16), Timber (Trossar, 77), Lyuis-Skelli, Rays, Parti, Merino, Edegor, Nvaneri (Saka, 66), Martinelli.
«Fulhem» — Leno, Robinson, Diop (Sessenon, 77), Andersen, Kuyenka, Kastan, Lukich (Pereyra, 67), Berge, Traore (Villian, 67), Smit-Rou (Ivobi, 67), Ximenes (Muniz, 77).
Ogohlantirishlar: Rays 72 – Andersen 53, Lukich 57,
London derbisi «Arsenal» uchun yoqimsiz holat bilan boshlandi — 17-daqiqadayoq jamoaning asosiy himoyachilaridan biri Gabriel Magalyans jarohat olib maydonni tark etdi. Ammo umuman olganda, o‘yin «kanonirlar»ning to‘liq nazoratida kechdi va Merino Nvanerining pasidan keyin navbatdagi golini urdi. so‘nggi haftalarda majburan hujumchiga aylantirilgan ushbu yarimhimoyachi APLdagi gollari sonini oltitaga yetkazgan. Jamoada faqat Haversda undan ko‘proq gol bor (9).
«Emireyts»dagi oqshomning asosiy voqeasi esa jarohat tufayli 21 dekabrdan buyon o‘ynamayotgan Sakaning qaytishi bo‘ldi. Buni gol bilan nishonlash uchun Gabriel Martinelli nozik texnik harakatni amalga oshirdi va «Arsenal» yulduziga bu gol uchun yetti daqiqaga yaqin vaqt yetarli bo‘ldi. Shundan keyin mezbonlar xotirjamlikka berildi va qo‘shib berilgan daqiqalarda «Fulhem» Rodrigo Munizning sa’y-harakatlari bilan bitta javob golini urdi (bu ushbu braziliyalikning zaxiradan tushgan o‘yinlardagi oltinchi goli bo‘ldi).
G‘alabani saqlab qolgan Arteta shogirdlari APLda yana bir rekord qayd etdi, endi jamoa bir raqibga qarshi o‘yinlardagi eng uzoq mag‘lubiyatsiz seriyaga ega. Seshanba kuni bu seriya 32 o‘yinga yetdi (+25=7).
«Nottinghem Forest» – «MYu» 1:0
Gol: Elanga, 5
«Nottinghem Forest»: Zels, Uilyams, Murillo, Milenkovich, Ayna (Moreno 34), Anderson (Dominges 67), Yyeyts, Danilo (Morato 40), Gibbs-Uayt, Elanga (Sosa 86), Avoniyi (Sangare 86).
«Manchester Yunayted»: Onana, Mazraviy, de Ligt, Yoro (Maguayr 88), Brunu Fernandesh, Garnacho, Dorgu, Kazemiro (Eriksen 59), Ugarte (Hoylund 46), Diogu Dalot, Zirkze (Maunt 78)
Ogohlantirishlar: Uilyams 71, – Kazemiro 50, Garnacho 66, Eriksen 78.
Tezkor gol bilan hisobni ochgan Elanga («qizil iblislar» burchak zarbasini ijro etishganidan keyin u o‘z jamoasi jarima maydoni atrofidan tezlik oldi, «MYu» chap qanot himoyachisi Patrik Dorgu uni shunchaki kuzatib bordi va to‘xtatishga urinmadi) sobiq jamoadoshlarini osonlik bilan ortda qoldirdi. Ralf Rangnik boshqaruvi davrida ushbu shvetsiyalik futbolchi «Old Trafford»dagi yulduzli onlarini o‘tkazgandi, ammo vinger Erik ten Hag bilan kelisha olmadi. Elanga Ruben Amorimning jamoasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bo‘lardi, ammo Angliyadagi o‘lchovlar bo‘yicha arzimas ko‘rinadigan 17 million yevro evaziga sotib yuborilgan futbolchi allaqachon «Nottinghem» yetakchilaridan biriga aylangan.
Seshanba oqshomida u o‘z faoliyatida ilk bor bir mavsumda olti gol urishga erishdi, u o‘tgan mavsum boshidan buyon golli harakatlar (gol yoki pas) bo‘yicha 28 ball to‘plagan. «Yunayted»da bu davr ichida bundan yaxshiroq ko‘rsatkichni faqat Brunu Fernandesh qayd eta olgan (34). Joriy mavsumda Angliyani tark etgan Antoni ham «Betis»da shunga o‘xshash natija qayd etmoqda. «MYu» esa so‘nggi daqiqalarda o‘yinni qutqarish uchun markaziy himoyachi Maguayr tushirilmoqda. Harri o‘ziga berilgan daqiqalarda qo‘lidan kelgancha harakat qildi, faqat o‘yinga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada uning zarbasidan keyin Murillo to‘pni darvoza chizig‘i ustida qaytarib yuborib, «Nottinghem»ni Chempionlar ligasiga yaqinlashtirdi.
Germaniya: tarixiy kun
Germaniya kubogi, 1/2 final
Arminiya – Bayyer 2:1
Gollar: Vyorl 20, Groser 45+3 – Ta 17.
Bayyer Leverkuzen: Gradetskiye – Xinkape, Ta, Mukele, Grimaldo, Andrix, Jaka, Frimpong, Adli (Tella, 77), Shik, Palasios (Bonifeys, 53).
Germaniyaning uchinchi divizionidagi guruhida to‘rtinchi o‘rinda borayotgan va hozircha hatto o‘tish o‘yinlariga ham o‘ta olmaydigan bo‘lib turgan «Arminiya» seshanba oqshomidagi yarimfinal o‘yiniga qadar sensatsion ravishda qatorasiga bundesliganing uch vakili — «Union», «Frayburg» va «Verder»ni Germaniya kubogidan chiqarib yuborgandi. Sovrinning amaldagi egasi «Bayyer», albatta, boshqa daraja, ammo Bilefeld jamoasi o‘z muxlislari qarshisidagi o‘yinda Taning zarbasidan keyin o‘tkazib yuborilgan goldan o‘ziga kela oldi. Mezbonlar darhol javob golini urishdi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa hisobda oldinga ham chiqib olishdi.
Ma’lumki, leverkuzenliklarga qarshi o‘yinda bunday hisob hali hech narsani kafolatlamasdi. Xabi Alonso jamoasi chorakfinalda «Kyoln»ga qarshi o‘yinda asosiy vaqtga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada hisobni tenglashtirgan va raqibni overtaymlarda taslim etgandi (3:2). Ammo bu safar magiya tugab qoldi. Yakuniy shturm o‘xshamadi va ular qutulib qolishidan ko‘ra mezbonlar uchinchi golni urishga yaqinroq edi, ammo hujum vakillarida mahorat va sovuqqonlik yetishmadi. Futbolchilarning fidoyiligi baribir o‘z tarixida ilk bor ushbu turnir finaliga chiqishi uchun yetarli bo‘ldi. «Arminiya» bu bilan tarix yozdi, shu vaqtgacha ikkinchi diviziondan pastdagi turnirlar ishtirokchisi elitaning to‘rt klubini chiqarib yuborgan holda finalga yo‘l olishi kuzatilmagandi. Qolaversa, Alonso boshqaruvida «Bayyer» kubok o‘yinlarida yutqazmagandi — va bu mag‘lubiyat ham o‘ziga xos tarixiy bo‘ldi.
Italiya: «Bolonya» deyarli finalda
Italiya kubogi, 1/2 final
«Empoli» – «Bolonya» 0:3
Gollar: Orsolini (23), Dallinga (29, 51)
Oldingi raundda «Empoli» sensatsion ravishda «Yuventus»ni Italiya kubogidan chiqarib yuborgandi va Tiagu Mottaning iste’fosiga hissa qo‘shgandi. Ammo ushbu mutaxassisning sobiq jamoasi, uning ketishi amalda sezilmagan «Bolonya»ga qarshi o‘yinda autsayderning sensatsiya limiti tugab qolgandi. «Bolonya» Vinchenso Italyano boshqaruvida ham oldingidan yomon ko‘rinmayapti — ushbu jamoa o‘sishni davom ettirmoqda, ichki chempionatda qatorasiga beshta g‘alabadan iborat seriya qayd etib, YeChLga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘ringa joylashgan, seshanba oqshomida esa qizil-ko‘klar raqibning o‘ng qanotidagi zaif nuqtalardan unumli foydalanishdi. Birinchi bo‘limda Odgarning shu qanotdan pasidan keyin Orsolini darvozani o‘qqa tutdi. Biroz o‘tib jarima maydoniga golli uzatma bergan Ndoy ham o‘z harakatini shu qanotdan boshladi, uning uzatmasidan keyin Dallinga mohirona harakat bilan to‘pni darvozabon yonidan o‘tkazdi. Tanaffusdan keyin esa ushbu juftlik «Empoli»ni uzil-kesil taslim etdi va oy oxirida Bolonyada o‘tkaziladigan javob uchrashuvi amalda quruq rasmiyatchilikka aylandi.
Fransiya Kubogi. 1/2 final.
«Dyunkerk» — «PSJ» 2:4
Gollar: Sasso 27, Al-Sadd 27 — Dembele 45, 90+3, Markinos 48, Due 62
«PSJ» — Safonov, Nunu Mendesh, Beraldo, Markinos, Hakimi, Nevesh, Vitinya, Zai-Emeri (Ramush, 46), Barkolya (Ruis, 77), Dembele, Due (Pacho, 90).
Tavsiya etamiz
Qimmatga tushgan liposaksiya: blogerni kimlar operatsiya qildi?
Jamiyat | 19:22 / 04.04.2025
NYT Germaniyadagi «urush ofisi» haqida surishtiruv e’lon qildi
Jahon | 15:18 / 04.04.2025
Minbardagi 25 soat: senator Buker nega bunday qildi?
Jahon | 22:47 / 03.04.2025
O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 22:24 / 03.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Okeanda plastikni «yeyishga» qodir zamburug‘lar topildi
Fan-texnika | 01:40
-
Biotexnologik startap 10 ming yil oldin qirilib ketgan dahshatli bo‘rilarni «qayta yaratdi»
Fan-texnika | 01:09
-
AQShda tornado va suv toshqinlari oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi
Jahon | 23:47 / 07.04.2025
-
Toshkentdagi qahvaxonada til bilan bog‘liq holat muhokamalarni keltirib chiqardi
Jamiyat | 23:03 / 07.04.2025
Mavzuga oid

14:40 / 07.04.2025
«Paxtakor» «So‘g‘diyona»ga ham yutqazdi, «Bunyodkor» birinchi o‘rinda

12:32 / 07.04.2025
Shomurodov «Roma»ni qutqardi, «Liverpul» yutqazdi. Kun o‘yinlari

12:41 / 06.04.2025
«Real» ham, «Barsa» ham chempionlik poygasida qoqildi. Kun o‘yinlari

15:30 / 01.04.2025