Jahon | 10:11 / 01.04.2025
2712
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda mobil telefonlar uchun «qora ro‘yxat» joriy etiladi

Qozog‘istonda 25 martdan boshlab smartfonlar va boshqa mobil aloqa qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kirdi. Raqamli rivojlanish va aerokosmik sanoat vazirligining tushuntirishicha, o‘zgarishlar faqat shu sanadan so‘ng mamlakatga ilk bor olib kirilgan telefonlarga taalluqli bo‘ladi.

Foto: Marques Brownlee/YouTube

O‘g‘irlangan telefonlarni bilmasdan sotib olishdan saqlanish uchun qozog‘istonliklarga o‘zlari smartfon IMEI-kodini imei.rfs.gov.kz saytida mustaqil ravishda oldindan tekshirish tavsiya etiladi. Raqamli rivojlantirish vazirligining eslatishicha, «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, mobil telefonlar qaytarib berilmaydi yoki almashtirilmaydi.

Yangi qoidalar xufyona bozoriga qarshi kurashish, iste’molchilarni himoya qilish, biznes uchun shaffof sharoit yaratish va mobil qurilmalardan foydalanish xavfsizligini oshirishga qaratilgan. Raqamli rivojlantirish vazirligi aholini yangi qoidalar joriy etilishi haqida xabardor qilib borishini va’da qilmoqda.

Vazirlik mobil aloqa qurilmalarining «kir» versiyalarini tozalashni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Orda.kz. Tegishli o‘zgartishlar mobil aloqa abonent qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalari haqidagi buyruqqa kiritilmoqda.

«Mobil aloqa abonent qurilmalariga mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlangan reyestr («qora ro‘yxat») — mazkur qoidalarga muvofiq mobil aloqa abonent qurilmalari identifikatsiya kodlari ma’lumotlar bazasiga kiritilmagan mobil aloqa abonent qurilmalari ro‘yxatidan iborat bo‘ladi», — deyiladi vazirlik hujjatida.

Endilikda Qozog‘istonda barcha mobil telefonlar uchta toifaga ajratiladi:

  • oq ro‘yxat — rasman ro‘yxatdan o‘tgan va mobil aloqa tarmoqlarida ishlashga ruxsat etilgan qurilmalar;
  • kulrang ro‘yxat — ma’lumotlari hali tasdiqlanmagan qurilmalar. Ular vaqtincha aloqa xizmatlaridan foydalanishi mumkin, ammo 30 kun ichida tekshiruvdan o‘tishi kerak;
  • qora ro‘yxat — mobil aloqa xizmatlari taqiqlanadigan qurilmalar.

Qora ro‘yxatga IMEI-kodi noto‘g‘ri yoki o‘zgartirilgan, zavod identifikatorisiz telefonlar, shuningdek, GSMA (Global tizim assotsiatsiyasi)da yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan deb ro‘yxatga olingan gadjetlar tushadi. Bundan tashqari, Qozog‘istonga rasmiy bojxona rasmiylashtiruvisiz olib kirilgan telefonlar ham ushbu ro‘yxatga kiritiladi.

Shuningdek, endilikda qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish paytida ma’lumotlar bazasi operatori uning IMEI-kodini, egasining shaxsiy identifikatsiya raqamini (JShShIR) va unga bog‘langan raqamlarni tekshiradi. Agar qurilma tekshiruvdan o‘tmasa, bir necha soat ichida u «qora ro‘yxat»dan joy oladi va mobil operator bu haqda foydalanuvchiga xabar beradi.

Mobil aloqa operatori qurilma egasiga unga mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlanganini bildirishi kerak.

IMEI-kod bo‘yicha ma’lumot topilmagan va uning qonuniyligini tekshirish imkoni bo‘lmagan hollarda istisno qilinadi. Bunday hollarda operator qurilma ma’lumotlarini «kulrang ro‘yxat»ga kiritadi va 30 kun mobaynida vaqtincha aloqa xizmatlarini taqdim etadi.

Shundan so‘ng identifikatsiya kodi va boshqa ma’lumotlar qayta tekshiriladi. Agar natija yana salbiy bo‘lsa, ma’lumotlar «qora ro‘yxat»ga kiritiladi.

Ba’zan qurilmaning IMEI-kodi ta’mirlash paytida o‘zgarishi mumkin. Bunday holatlarda servis markazi yangilangan ma’lumotlarni GSMA bazasiga kiritishi shart. Shuning ortidan telefonni yangi qurilma sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazish lozim bo‘ladi.

Qozog‘istonda yangi qoidalar 2025 yil 25 martdan kuchga kirgan.

Mavzuga oid