Chexiyada qunduzlar ikki kun ichida to‘g‘on qurib, hukumat mablag‘larini tejab qoldi

Jahon 00:55 994

Chexniyaning Brda landshaft bog‘ida suv qunduzlari ikki kun ichida to‘g‘on qurib, mahalliy hukumat bir necha yil davomida rejalashtirib kelgan hududni qayta tiklash loyihasini yakunladi. Bu haqda Chexiya OAV xabar bermoqda.

Klabava daryosini qayta tiklash loyihasining qiymati 1,2 million dollarni tashkil etishi kerak edi, loyihaning o‘zi 2018 yilda boshlangan. Davlat o‘rmon xizmati Vltava suv resurslari boshqarmasi bilan birgalikda yerga egalik qilish bo‘yicha anchadan beri muzokaralar olib borgan, ammo qunduzlar ulardan o‘zib ketgan.

Qunduzlar tomonidan tog‘teraklar yordamida qurilgan to‘g‘on hududning botqoqlanishiga xizmat qilib, 30 million kronani tejash imkonini bergan. Ammo suv qunduzlarining faoliyati ayrim joylarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan: to‘g‘on tufayli ba’zi hududlarni suv bosgan, temiyo‘lga shikast yetgan.

Bu kabi holat 2023 yilda Britaniyaning Pikkering shahrida ham sodir bo‘lgan. Uch yil ichida qunduzlar u yerda yirik to‘g‘on qurib, shaharni suv bosishidan saqlab qolgan. Bunga qadar shahar bir necha yil davomida suv toshqinlaridan aziyat chekib kelgan va qunduzlar vaziyatga yechim topishiga ishongan aholi ularni ataylab o‘rmonga ko‘chirgan.

Eslatib o‘tamiz, Polshada 2010 yilda yuz bergan suv toshqinlari vaqtida mamlakat IIVning o‘sha vaqtdagi rahbari Yeji Miller sodir bo‘lgan holatda qunduzlarni ayblagan edi. «To‘g‘onlarning eng katta dushmani qunduz deb ataluvchi hayvonlar. Ular Visla to‘g‘oni atrofini egallab olgan va unga katta zarar yetkazadi», — degan edi u. Hayvon himoyachilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘sha vaqtda respublikada 50 mingga yaqin qunduz yashagan. Suv toshqinlaridan keyin mahalliy hukumatlar ushbu hayvonlarni tutishga ajratiladigan kvotani ikki barobarga oshirgan.

Ko‘proq yangiliklar: