USAID’ning Vashingtondagi shtab-kvartirasi yopildi

Jahon 00:56 557

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) Vashingtondagi shtab-kvartirasi yopildi. Muassasa xodimlari elektron pochta orqali ishga chiqmaslik haqida xabardor qilindi, deb yozadi CNN.

«Agentlik rahbariyatining ko‘rsatmasiga binoan USAID’ning Ronald Reygan binosidagi shtab-kvartirasi 3 fevraldan xodimlar uchun yopiladi. Odatda USAID’ning shtab-kvartirasida faoliyat yuritadigan agentlik xodimlari ertaga masofadan turib ishlaydi. Xizmat ko‘rsatish bo‘yicha alohida funksiyani bajaradigan xodimlar bilan rahbariyat alohida bog‘lanadi», — deyiladi elektron maktubda.

Telekanalning ma’lum qilishicha, bino devorlaridan USAID logotipi va uning faoliyatiga oid suratlar yechib qo‘yilgan.

Shuningdek, AQSh davlat kotibi Marko Rubio 3 yanvar kuni USAID direktori vazifasini bajarayotganini e’lon qildi.

Tramp ma’muriyati butun dunyo bo‘ylab nodavlat va notijorat tashkilotlarga milliardlab dollarlarni ajratish bilan shug‘ullanib kelgan agentlikni AQSh Davlat departamenti bo‘ysunuviga o‘tkazmoqchi ekanligi haqida xabarlar tarqalgandi. Rubio ushbu yangilikni tasdiqlab, USAID «Davlat departamentining siyosiy direktivalariga muvofiq ish ko‘rishi kerakligini, ammo agentlik buni bajarishda bosh tortayotganini» bildirgan.

«Maqsadimiz ko‘rsatayotgan tashqi yordamlarimizni milliy manfaatlarimizga moslashtirib olish. Agar siz butun dunyodagi missiyalar va elchixonalarni ko‘zdan kechirsangiz, aksariyat hollarda USAID biz milliy starategiyamiz doirasida qilishni istayotgan vazifalarga zid dasturlarda ishtirok etayotganini ko‘rishingiz mumkin. Bunday davom etishi mumkin emas», — deydi Rubio.

Avvalroq AQSh prezidenti yangi hukumat samaradorligi departamenti rahbarlaridan biri etib tayinlagan biznesmen Ilon Mask USAID’ni tanqid qilgan edi. Tesla va SpaceX bosh direktori agentlikni jinoiy tashkilot deb atagan va USAID’ni biologik qurollarni ishlab chiqishni moliyalashda ayblagan. Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbariyati iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: