Jahon | 17:28
1053
2 daqiqa o‘qiladi

USAID’ning 83 foiz dasturi bekor qilindi

AQSh davlat kotibi USAID’ning «o‘nlab milliard dollar» sarflangan 5,2 mingta shartnomasi bekor qilinganini aytdi.

Foto: AP

Vashington o‘tkazilgan tekshiruvlardan keyin AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) 83 foiz dasturlarini bekor qiladi. Bu haqda davlat kotibi Marko Rubio X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga yozib qoldirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 5200 ta shartnoma bekor qilingan bo‘lib, ularga sarflangan «o‘nlab milliard dollar» mablag‘lar AQSh milliy manfaatlariga xizmat qilmagan va «ayrim holatlarda zarar keltirgan».

Rubioning qo‘shimcha qilishicha, USAID’ning qolgan 18 foiz dasturi (davlat kotibi postida aynan shu raqam ko‘rsatilgan, u aslida 17 foizni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin), ya’ni 1000 ta shartnoma endi AQSh Davlat departamenti tomonidan ancha samarali boshqariladi.

U o‘z posti orqali Ilon Mask rahbarlik qilayotgan Hukumat samaradorligi departamentiga (DOGE) ham minnatdorchilik bildirib o‘tgan.

Donald Tramp AQSh prezidentligi lavozimiga kirishgan kuni USAID’ning chet el davlatlariga yordamini 90 kunga muzlatib qo‘ygandi. Ushbu muddat davomida agentlik dasturlari AQSh tashqi siyosati va «Amerika qadriyatlariga» mos kelish yoki kelmasligi tekshirilishi aytildi. Sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Tramp ma’muriyati USAID orqali to‘lovlarning 90 foizini to‘xtatishni buyurgan. USAID boshqaruvi AQSh Davlat departamenti nazorati ostiga o‘tdi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi 1961 yilda paydo bo‘lgan. 2025 yilda uning boshqa davlatlarga yordam budjeti 42,8 milliard dollarni tashkil etgan. Agentlik, xususan, butun dunyo bo‘ylab ko‘plab gumanitar dasturlarni moliyalashtirib keladi.

Mavzuga oid