Polsha bosh vaziri Donald Tusk kelajakda suv toshqinlarining oldini olish uchun to‘g‘on yaqinidagi qunduzlarning yashash muhitini kuzatish imkonini beruvchi qonun qabul qilinishini istisno etmadi. Bu haqda u suv toshqinidan jabr ko‘rgan Gloguv shahridagi favqulodda shtab yig‘ilishida ma’lum qildi.
«Sizlarning to‘g‘onlar yaqinida qunduzlar yashashiga oid masalani zudlik bilan o‘zgartirish borasidagi taklifingiz birinchi emas. Biz 2010 yilda qaror qabul qilganmiz, ekologlar qarshilik bildirgan, ammo e’tiborga oladigan jihatlar bor. Ba’zida hayvonlarga bo‘lgan muhabbat yoki shaharlar, qishloq va barqaror to‘g‘onlar xavfsizligidan birini tanlashga to‘g‘ri keladi», — deydi Tusk.
U mavjud qonunchilik dorasida qanday choralar ko‘rish mumkinligini o‘rganishga va’da bergan. «Qonun doirasidan chiqmagan holda barcha ishni qiling, men bo‘lsa, ushbu qarorlarni himoya qilaman. To‘g‘onlar bugungi kunda mutlaqo ustuvor masala. Agar bizga qonun kerak bo‘lsa, bir hafta ichida uni tayyorlaymiz. Bilaman, bu mazkur suv toshqinlariga u qadar katta yordam bermaydi, ammo kelajakda qirg‘oqlarni ta’mirlash va vaziyat nazoratiga xizmat qiladi», — deya ta’kidlaydi bosh vazir.
Polshada kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilikdan keyin Nisa daryosi o‘zani toshib, mamlakat janubi va janubi-g‘arbidagi hududlarni suv bosdi. Ayrim tumanlardagi ko‘priklar yuvib ketilgan, qator aholi punktlaridagi fuqarolar vertolyotlar yordamida evakuatsiya qilingan. Mamlakatda bunday ko‘lamdagi suv toshqini 1997 yildan beri kuzatilmagan. Halok bo‘lganlar bor. Bosh vazir Polsha janubida favqulodda holat rejimini e’lon qilgan.
Polshada 2010 yilda yuz bergan suv toshqinlari vaqtida IIVning o‘sha vaqtdagi rahbari Yeji Miller sodir bo‘lgan holatda qunduzlarni ayblagan edi. «To‘g‘onlarning eng katta dushmani qunduz deb ataluvchi hayvonlar. Ular Visla to‘g‘oni atrofini egallab olgan va unga katta zarar yetkazadi», — degan edi u. Hayvon himoyachilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘sha vaqtda respublikada 50 mingga yaqin qunduz yashagan. Suv toshqinlaridan keyin mahalliy hukumatlar ushbu hayvonlarni tutishga ajratiladigan kvotani ikki barobarga oshirgan.