Tramp AQSh yordam evaziga Ukrainadan noyob metallar olmoqchiligini aytdi

Jahon 01:23 / 04.02.2025 18486

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina hukumati bilan Kiyev Amerika yordami evaziga nodir metallarni yetkazib berishi bo‘yicha kelishuv imzolamoqchi ekanini ma’lum qildi. 

«Biz Ukraina bilan bitim tuzmoqchimiz, uning doirasida ular biz ularga bergan narsalarni o‘z nodir metallari va boshqa narsalari evaziga olishadi», — degan Tramp 3 fevral kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida.

Jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Tramp Rossiya–Ukraina urushini hal qilish masalasida «katta siljish» borligini aytib o‘tgan. Ammo u tafsilotlarni ochiqlamagan.

Nodir yer minerallariga qiziqish bildirar ekan, Tramp mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiydan kelgan taklifni qo‘llab-quvvatlaydi, deb yozadi NYT.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina hukumati o‘zining «g‘alaba rejasi»ni tayyorlashda Donald Tramp AQSh prezidentiga aylanishini inobatga olib ikkita band qo‘shgan. Ulardan birida Ukraina muhim tabiiy resurslarini g‘arb davlatlari bilan bo‘lishishi, ikkinchisida esa urush tugaganidan ukrainlar Amerikaning Yevropadagi ayrim qo‘shinlari o‘rnini egallashi ko‘zda tutilgan.

Kreml Trampning Kiyevga nodir metallar evaziga yordam ko‘rsatish g‘oyasini tanqid qildi

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSh prezidenti Donald Trampning Kiyevga nodir metall resurslaridan foydalanish evaziga Kiyevga yordam berish g‘oyasiga munosabat bildirib, uni Ukrainaga yordam ko‘rsatmaslikka chaqirdi.

«Agar narsalarni o‘z nomi bilan ataydigan bo‘lsak, bu yordamni sotib olish taklifidir. Ya’ni yordamni bepul yoki boshqa tarzda berishni davom ettirish emas, balki uni tijorat asosida taqdim etish. Yaxshisi, albatta, umuman yordam ko‘rsatmaslik va shu bilan ushbu mojaroni yakunlashda hissa qo‘shish kerak», — dedi 4 fevral kuni Peskov.

Moskvadagilar urush boshidan buyon G‘arbni Ukrainaga yordam bermaslikka chaqirib, bu yordam mojaro yakuniga ta’sir qilmasligi, faqat uning cho‘zilishiga sabab bo‘lishini ta’kidlab keladi. Shu vaqtgacha Kremlda Trampning Ukraina bo‘yicha bayonotlaridan birortasi to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilinmagandi.

Trampning so‘zlari Yevroittifoqda ham tanqidga uchradi. Germaniya kansleri Olaf Shols AQSh prezidenti g‘oyasini «egoistik» deb atab, ukrain resurslari mamlakatni urushdan keyin tiklashni moliyalashtirishda foydalanilishi lozimligini ta’kidladi.

Shols kelajakda Ukrainaga kuchli armiya, shuningdek, mamlakatni qayta tiklash uchun mablag‘ kerak bo‘lishini ta’kidladi. «Ukrainada ro‘y berayotgan ulkan vayronagarchilikni hisobga olsak, bular katta vazifalardir. Shuning uchun ham Ukraina resurslaridan kelajak uchun foydalanilsa yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylayman», — deya qo‘shimcha qildi Germaniya kansleri.

Ko‘proq yangiliklar: