Daraxtni tepsa qiz yog‘ilmaydi. O‘zbekistonda ayollar tug‘ilishi kamayib boryapti

O‘zbekiston 11:02 4028

Muttasil ravishda qiz bolalarning kutilgandan kamroq tug‘ilishi fanda “Yo‘qolayotgan ayollar” hodisasi nomini olgan. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2000 yildan beri har yili qizlarga nisbatan o‘g‘il bola ko‘p tug‘ilib kelyapti. O‘tgan 24 yil davomida bu tafovut yig‘ilib, 624 ming 525 nafarni tashkil qilgan. Garchi, bu boshqa mamalakatlar bilan taqqoslanganda, juda ham yomon ko‘rsatkich bo‘lmasa-da, Xitoy va Hindiston qilgan xatolarni takrorlamaslik kerak.

Manba: Statistika agentligi

Birinchi navbatda bu disbalans oila qurish yoshida bo‘lganlar uchun ortiqcha bosim yaratadi. Oddiy qilib aytganda, hamma uylanish yoshidagi yigitlarga qiz yetmay qolishni boshlaydi. Bu esa erkaklar orasida uylanish yoshining kechikishiga, qizlar orasida erta turmushga chiqishning ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Aniq raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, 2012 yilda birinchi marta nikohlangan ayollarning o‘rtacha yoshi 22,4 bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda 21,9 yoshga tushgan. Erkaklarda esa 25,7 yoshdan 26,3 yoshga ko‘tarilgan. Vaholanki, aynan 2023 yilda ayollar uchun nikoh yoshi 17 yoshdan 18 yoshga oshirilgan edi. O‘zi odatda aholining ta’lim va turmush darajasi yaxshilanishi turmush qurish yoshining umumiy oshishiga olib keladi. Biroq bizda turmush darajasi o‘tgan o‘n yillikda yaxshilanganiga qaramay ikki jins vakillari orasidagi turmush qurish yoshi qarama-qarshi tarafga siljigan. E’tiborlisi, 22 yosh oliy ta’limni bitirish yoshiga to‘g‘ri keladi.

Tuzilgan nikohlar soni ham sezilarli darajada kamayib boryapti. Masalan, 2012 yilda 299 mingta oila qurilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 271 mingtagacha qisqargan. Bu esa o‘z navbatida hammaga ma’lum bo‘lgan talab va taklif qonuniga ko‘ra, o‘zbekistonlik qizlarga kengroq tanlov imkoniyatini taqdim etadi. Agar bu jarayonga bozor sifatida qaraydigan bo‘lsak, bozorda vujudga kelgan defitsitni tashqaridan qoplash boshlanishi mumkin. Chunonchi, o‘zbeklar uchun asosiy mehnat migratsiyasi yo‘nalishi bo‘lgan Rossiyada har 100 nafar ayolga 86,7 nafar, Qozog‘istonda 92,6 nafar erkak to‘g‘ri keladi. Aksar Yevropa mamlakatlari, Janubiy Koreya va Yaponiyada ham gender nisbatida ayollar ozchilikni tashkil qiladi. Bizga madaniyat jihatdan yaqin bo‘lgan Turkmaniston va Qirg‘izistonda ham gender balansi erkaklar foydasiga ekanini ko‘rish mumkin. Yuqorida sanab o‘tilgan mamlakat va mintaqalar potensial "kelin eksportchilari" sifatida qaralishi mumkin. 2022 yilda ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonga eng ko‘p Rossiya, Qozog‘iston va Tojikiston fuqarolari kelin bo‘lishgan. 

Manba: Statistika agentligi

Xulq-atvor iqtisodiyoti (behavioral economics)ga ko‘ra, oila qurmagan erkaklarning joriy xarajatlariga ko‘proq pul sarflashlari iqtisodiyotni jonlantiradi. Shunga qaramay, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tarixan yolg‘iz erkaklar ko‘p bo‘lgan mamlakatlarda ijtimoiy norozilik kayfiyatining ortishi, jinoyatlarning ko‘payishi va yuqori stress holatlari kuzatilgan. Bundan tashqari, agar tug‘ilishdagi farq oshib boradigan bo‘lsa, bu jinsiy zo‘ravonlik kuchayishi kabi salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.

 Aynan Xitoyda "Bir oilaga bir farzand" siyosati ko‘pchilik oilalarning o‘g‘il farzand tanlashiga olib keldi. Homila vaqtidayoq qizlar abort qilindi. Bu va boshqa sabablar "Yo‘qolayotgan ayollar" hodisasini yuzaga keltirdi. Mutaxassislarning taxminicha, 2025 yilga kelib Xitoyda 30 yoshdan oshgan erkaklarning 25 foizi bo‘ydoqligicha qoladi. Shuningdek, bu tendensiya Xitoyda jinsiy maqsadlardagi odam savdosi, prostitutsiya, yuqumli va odam hayoti uchun xavfli kasalliklarning ortishiga, tug‘ilishlar sonining kamayishiga olib kelgan.

 Hindiston ham bu muammo bilan tizimli kurashib kelmoqda. Mamlakat hukumati 2015 yilda qiz farzandlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovchi "Beti Bachao, Beti Padhao"(Qizlarni asrang, qizlarga ta’lim bering) loyihasini yo‘lga qo‘ygan. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘zbek xalqining “qo‘chqordek o‘g‘il ko‘rsin” qabilidagi mentaliteti keyinchalik jiddiy mummolarga yo‘l ochishi mumkin. Shu jihatdan hukumat darajasida qizlarga yordam ko‘rsatadigan dasturlarni kengaytirish kerak.

Komronbek Soliboyev

Ko‘proq yangiliklar: