O‘zbekiston | 17:01 / 03.03.2025
13950
13 daqiqa o‘qiladi

“O‘lib qutulayotgan” ayollar: jazodan qo‘rqmayotgan zo‘ravonlar va xorij tajribasi asosida ularni erta aniqlash yechimi

Endi zo‘ravonlikka uchragan ayol o‘z istagiga ko‘ra yarashish muddatisiz ajrashishi mumkin bo‘ladi. 2024 yilda ajrashishga ariza bergan 6 nafar ayol 6 oylik yarashish muddati vaqtida o‘z joniga qasd qilgan. Bular ajrimga ariza berib ulgurganlari. Kun.uz sud materiallari bilan tanishib, bunga ulgurmagan yana 6 ayol haqida ma’lumot to‘pladi.

1-holat: Dang‘ara tumani

Erkak 3 nafar farzandi va ayoliga tinimsiz ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik sodir etib kelgan. Ularni ko‘chada, og‘ir yashash sharoitiga solib qo‘ygan, ayol va bolalarining birlamchi ehtiyojlar tugul ovqatlanishga yetarli imkoniyati bo‘lmagan.

Xo‘rlangan, muntazam kaltaklangan, haqorat qilib kelingan. Bir necha marta ota uyiga ketgan ayolga chidash kerakligi, qarindoshlik rishtalarini uzmaslik haqida pand-nasihat qilingan va qaytarib yuborilgan. Ayol homilador holatida ham eri tomonidan bolalari bilan ko‘chada qoldirilgan. Oqibatda chaqalog‘ini va katta qizini yaqinlariga qoldirish haqida vasiyat qilib “Eng katta jazo aybsiz aybdor bo‘lish, nomi yomon bo‘lish ekan, to‘ydim, zerikdim, charchadim. Mehribonim, g‘amxo‘rim onam, nodon qizingizni kechiring, sizga o‘xshab sabrli, bardoshli bo‘lolmadim, iltimosim yig‘lamang, o‘zingizni aybdor hisoblamang, faqat mendan rozi bo‘ling!” mazmunida xat qoldirgan va o‘z joniga qasd qilib vafot etgan. Erkakka Jinoyat kodeksi 103-moddasiga ko‘ra – o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazgani uchun 7 yil qamoq jazosi berilgan.

2-holat: Qo‘shrabot tumani

Sudlanuvchi xotinining moddiy tomondan qaramligidan, uning ota-onasi Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketganligi, oilaviy nizolarni ularga ayta olmasligidan foydalanib, uni uy ishlarini qilolmaslikda ayblab, sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitib, unga doimiy ravishda qo‘pol va rahmsiz munosabatda bo‘lib, muttasil kaltaklagan. Marhumaning onasiga ko‘ra, qizi unga qo‘ng‘iroq qilib, eri urganini, ahvoli yomonligi, lekin shifoxonaga borishga ruxsat berishmayotganini aytgan. Kuyov esa kaltaklashga sabab sifatida yuvilmagan choynak-piyolani ro‘kach qilgan.

Oliy ma’lumotli bo‘lsa-da biror joyda ishlamagan er ayolini oziq-ovqat va boshqa zarur uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan ta’minlamasdan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazib, “sen qullarning bolasisan” deb kamsitib, o‘z joniga qasd qilishiga sababchi bo‘lgan. Oqibatda ayol sirka ichib o‘z joniga qasd qilib vafot etgan. Erga 7 yil qamoq jazosi berilgan.

3-holat: Koson tumani

Bu voqea hali yodingizda bo‘lsa kerak. Oilada kelinning o‘z joniga qasd qilishiga olib kelgan er va uning ota-onasi qamoqqa olingan. Ular kelinga nisbatan rahmsiz muomalada bo‘lib, qasddan muttasil ravishda turli sabablarni ro‘kach qilib jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazib, janjal chiqarib, marhumaning dalada mehnat qilib topgan pulini ham tortib olgan oila a’zolari uning uydan ketishini talab qilib, ota-onasinikiga haydab yuborishgan. O‘z yaqinlari tomonidan ham yordam ololmagan ayol joniga qasd qilgan. Er 7 yilga, qaynota 4 yilga qamalgan bo‘lsa, qaynonaga 3 yil berildi. Qaynonaga qo‘llangan jazo shartli hisoblanib, sinov muddati berilgan.

4-holat: Qarshi shahri

Marhumaning eri va qaynopasi uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kasmitib, rahmsiz muomalada bo‘lib, unga “Senga uy yo‘q, uy onamniki, ukamni sen bilan yashatmayman, uni boshqa ayolga uylantiraman, uydan chiqib ket” deb u bilan ataylab janjal chiqarib, ruhiy azob berib, ota-onasining uyiga ketishini talab qilib kelgan. Uyidan haydalgan ayolning onasi esa bularning bariga ko‘z yumib, sabr qilishini aytgan.

Natijada shunday janjallarning biridan keyin o‘ta tushkunlikka tushgan ayol qiziga “ukangga qaragin, men kun ko‘rmadim, sizlar yaxshi yashanglar, ukangni otangga berma, menga biror narsa bo‘lsa, tog‘ang qaraydi” deb tayinlaydi. O‘g‘liga “Men o‘lsam mening o‘ligimni bu hovlidan emas, buvingning uyidan olib chiqaringlar” deydi va tunda o‘z joniga qasd qiladi.

Erga bor-yo‘g‘i 3 yillik qamoq, uning opasiga esa 3 yillik ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

5-holat: Payariq tumani

Er o‘ziga moddiy jihatdan qaram bo‘lgan xotinini doimiy kamsitib, uyidan haydab yuborish bilan qo‘rqitib, rahmsiz muomala qilib, sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitib kelgan. Masalan uni shafqatsizlarcha kaltaklab, hushidan ketkazib, oyoqlaridan sudrab oshxonaga kiritib qo‘ygan.

Marhumaning onasi qizi 5-6 martalab kaltak yeb arazlab kelganligini, undan sababini so‘raganida eri ba’zida “choyni tezda damlamading?” ba’zida “nega choy sovib qolgan?” degan bahonalar bilan kaltaklaganini aytgan. Ammo eri yalinib kelganda farzandlari uchun yashashini aytib u bilan ketgan. Zo‘ravon kuyov ayolning ota-onasini ham qiziga yaxshi tarbiya bermaganligini aytib haqorat qilgan.

Haftasiga takrorlanadigan bu kaltaklardan va kamsitishlardan bezigan ayol joniga qasd qilgan. Chunki uni hech kim, hatto yaqinlari ham himoya qilmas edi. 3 farzandi esa yetim qolgan. Erning qilmishlari 103-modda bilan malakalanib 8 yilga qamalgan.

6-holat: Urgut tumani

Er qaramog‘idagi farzandlari va ayolini muttasil ravishda oziq-ovqat va ro‘zg‘ordagi boshqa zururiy ehtiyojlar bilan ta’minlamasdan ezib kelgan. Vaholanki u oliy ma’lumotli, maktabda “zamdirektor” edi. Spirtli ichimlikka ruju qo‘yib, begona ayollar bilan ishqiy munosabatini ro‘kach qilib ayolni muntazam tahqirlab, do‘pposlab kelgan. Xotinini va bolalarini kanalga oqizish bilan qo‘rqitib tahdid qilgan. Muttasil kaltaklarda tan jarohatlari olgan ayol mahallaga murojaat qiladi va buning uchun battarroq do‘pposlanadi. Yaqinlaridan najot topishiga ishonmagan ayol o‘zini o‘limga hukm qiladi. Eri sakkiz yilga qamaldi, 5 farzand yetim qolgan.

Ayol – bosh aybdor sifatida

Zo‘ravonlikka qarshi kurashishga qanchalik jiddiy kirishilmasin, bu yanada ko‘payib borayotganga o‘xshaydi. Unga qarshi choralarda biz nimada xato qilyapmiz? Oilaviy zo‘ravonlik jinoyat sifatida e’tirof etilishi, himoya orderlarining muddati cho‘zilishi, xullas choralar ish bermayotganday nazarimizda.

Jamiyatda ayolni ayblashga osonroq va yaxshiroq yechim sifatida qarash odatga aylangan. “Chidash kerak”, “Yaxshi bo‘lib ketadi” “Ursa un oshi, so‘ksa so‘k oshi” degan illyuziyalarga ishonib yashashga o‘rganib qolganmiz. Yetarlicha ta’lim olmagan, o‘z huquqlarini to‘la bilmagan, o‘zini ta’minlay olmaydigan ayollar uchun boshqa chora qoldirilmaydi. Ko‘pincha ota uyda ham ular yaxshi qabul qilinmaydi, farzandlari bilan qaytsa undan ham battarroq. Ota-onalar qizining ajrashib qaytishidan or qilishadi.

Bu vaziyatda esa ruhiy iztirobdagi ayol uchun o‘lim yechim bo‘lib tuyulishi, “O‘lib qutulaman” degan fikrni yuzaga keltirishi mumkin. Bu yerda eng ayanchlisi – oqibatda ham onasiz, ham otasiz qolayotgan bolalar taqdiri mavhumligicha qolishida. Buni katta yo‘qotish sifatida baholash mumkin.

Huquq va himoya tizimining yetarlicha emasligi

Albatta har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar. Ammo uning qanday ishlashi holatga haqiqiy bahoni beradi. Jinoyat kodeksining 103-moddasi bilan qamalib, boringki, 2 yilda “yaxshi xulqi uchun” chiqib kelganlarni keyinchalik zo‘ravon sifatida hech kim qayd etmaydi. Achinarlisi, ular esa yana oila qurishadi. Katta ehtimol bilan zo‘ravonlik yanada kuchaygan holda davom etadi. Chunki u endi jazoning o‘ylaganidan ko‘ra yengilroq ekanini his qilib bo‘lgan.

2023 yilda yangi qonun bilan himoya orderlari 1 yilga beriladigan qilindi. Ammo bu order qog‘oz parchasi sifatida qaralishi ayollarni qutqarib qololmayapti. Himoya tizimining ishlamasligi (orderlar)ni Bekobodda himoya orderiga ishonib o‘lib ketgan Nodira misolida ko‘rgan edik. Yuqoridagi 6 nafar ayollarning aksariyatida ham himoya orderi bo‘lgan.

O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashishda muammolar hamon jiddiyligicha qolmoqda. Bunga yuqoridagi voqealar asos bo‘la oladi. Bu yerda voqealarning o‘zaro o‘xshashligi – ularning barchasi oilada erning ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonliklari, tinimsiz kaltaklanishlar, shuningdek, uchinchi shaxslarning aralashuvi oqibatida 6 ayolning zo‘ravonlik sabab o‘z joniga qasd qilishida.

Jazo zo‘ravonlikning oldini olish uchun yetarli bo‘lmaydi – xorij tajribasi

Oilada zo‘ravon, ruhiy holati shunga moyil erkaklarni o‘z vaqtida aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Hozircha O‘zbekistonda faqat zo‘ravondan jabr ko‘rganlar reabilitatsiyasi bilan shug‘ullanish esga keldi xolos. Ammo “Ijtimoiy himoya milliy agentligi”, Reabilitatsiya markazlari faoliyati buning ish bermasligini isbotlayapti. Jabrlanganlar emas, zo‘ravonlar bilan kurashish kerak.

Na tezkor yordam (reabilitatsiya), na himoya orderlari foyda bermayaptimi, demak hukumat o‘z statusini tushirmaslik uchun zudlik bilan choralar ko‘rishi lozim. Potensial qurbonlarni kamaytirish uchun jiddiy qadam tashlash zarur.

Xorij tajribasida zo‘ravonlarni maktabdayoq aniqlash va ularni tuzatish uchun jiddiy kirishiladi.

AQShda zo‘ravonlarni aniqlash, moyillikni baholash uchun maxsus tadqiqotlar olib boriladi. Ba’zi shtatlarda zo‘ravonlikka moyil odamlar uchun maxsus dasturlar mavjud. Bu dasturlarda ishtirokchilarga o‘z xulq-atvorlarini o‘zgartirishga yordam berish uchun psixoterapiya va treninglar o‘tkaziladi.

Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Shvetsiya, Niderlandiya, Fransiyada ham zo‘ravonlar uchun maxsus dasturlar mavjud bo‘lib, ular zo‘ravonlikka moyil bo‘lgan erkaklarning xulq-atvorini o‘zgartirishga qaratilgan. Norvegiyada oilaviy zo‘ravonlik aniqlansa, jarblanuvchi emas, zo‘ravon uyidan olib ketiladi va psixologik yordam ko‘rsatishadi. Bizda esa aksar ayollar borar joyining yo‘qligi uchun chidashga yoki o‘zini halok qilishga majbur bo‘lishadi.

Kanadada, Avstraliyada va boshqa mamlakatlarda “White Ribbon Campaign” deb nomlanuvchi dastur faqat erkaklar bilan ishlaydi. Ularni ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni qabul qilmaslik ruhida tarbiya qiladi. Bu dasturlar maktabdanoq boshlanadi. Ya’ni maktablarda o‘g‘il bolalarda zo‘ravonlik xulqi ilk bosqichda testlar orqali aniqlanadi va uning oldini olishga qaratilgan konsultatsiya xizmatlari, treninglar olib boriladi. Zo‘ravonlik qilish ehtimoli bo‘lgan erkaklar o‘zini boshqarish, zo‘ravonlikning oldini olish dasturlariga yoki maxsus kognitiv-xulqiy terapiyaga (CBT) yuboriladi.

Zo‘ravonlarni erta aniqlash davlatga va jamiyatga foyda

Zo‘ravonlardan jabr ko‘rganlar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari oz bo‘lmaydi. Xavfsiz boshpanalar, tibbiy-psixologik xizmatlar ham shu jumladan.

Ya’ni zo‘ravon shakllanib bo‘lgandan keyin qurbonlarning reproduktiv himoyasi uchun ajratilgan mablag‘lar zo‘ravonni erta aniqlash orqali iqtisod qilinadi.

Zo‘ravonlikni kamaytirish va sog‘lom munosabatlarni targ‘ib qilish, jamiyatga uzoq muddatli iqtisodiy foyda olib keladi – tibbiy xarajatlar, ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj va jinoyatlarga bog‘liq xarajatlarni qisqartiradi.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz

Mavzuga oid