Jamiyat | 14:10 / 09.03.2025
3566
9 daqiqa o‘qiladi

“Kasbingizni sevsangiz, qiyinchiliklari bilinmaydi” – kranchi, tergovchi, poyezd va avtobus haydovchi ayollar hikoyasi

Ayollar bugun ro‘zg‘or va farzand tarbiyasidan tashqari og‘ir texnikalarni boshqarish, xavfli jinoyatlarni fosh qilish kabi murakkab ishlarning ham uddasidan chiqmoqda. Kun.uz muxbiri osmono‘par inshootlar qurilishida yuk ko‘tarayotgan kranchi, tezyurar poyezdini ishonch bilan boshqarayotgan mashinist, shahar ko‘chalari bo‘ylab yo‘lovchilarni manziliga yetkazayotgan avtobus haydovchisi, jinoyat tugunlarini yechayotgan tergovchi kabi o‘z ishining ustasi bo‘lgan ayollar bilan suhbatlashdi.

Minorali kran mashinisti Ziyoda Supiyeva 2013 yildan buyon qurilish sohasida faoliyat yuritadi. U TTZdagi bolalar kasalxonasi, Oloy bozori atrofidagi turar joy majmualari hamda Tashkent city hududida barpo qilinayotgan binolar qurilishida ishtirok etgan. Hozirda oilali, 3 nafar farzandning onasi.

Turmush o‘rtog‘im boshida bu kasbda ishlashimga to‘sqinlik qilgan, keyinchalik ruxsat bergan. Bolalarim kranchi ekanimdan faxrlanadi, katta bo‘lganimizda siz qurgan binolarda yashaymiz deb aytishadi, ularning gaplari menga kuch beradi”, – deydi u.

Kranchi ayol har kuni 100 metrdan oshiq balandlikdagi ish kabinasiga zinalar orqali piyoda kamida 3 marta tushib chiqadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish tugallanmagani bois obektlarda liftlar ishlamaydi.

Qishda havo nam va sovuq bo‘lishi, yozda oftob nurlari qizdirishi jarayonni yanada murakkablashtiradi. Balandlikda turib ishlaganimiz tufayli har qanday ob-havo faoliyatimizga katta ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, qishda metall konstruksiyalar muzlab, sirpanchiq bo‘lib qoladi. Harorat keskin tushganda kabinadagi oynalar namlanadi, natijada tashqarini ko‘rish qiyinlashadi. Qattiq shamol esganda esa kabina biroz tebranadi, bunda boshqaruv balansini saqlash va yukni belgilangan joyga olib o‘tish bir necha karra kuchli e’tiborni talab qiladi”, – deydi Ziyoda Supiyeva.

Ziyoda Supiyeva, kranchi

Uning aytishicha, shamol tezligi ortganda hamda kuchli yomg‘ir yog‘gan paytlarda ish vaqtincha to‘xtatiladi. Kranchi yuklarni aniqlik bilan joyiga yetkazishi, ostida ishlayotgan quruvchilar va yerda yurgan odamlarning xavfsizligini ta’minlashi shartligi sabab nafaqat yetarli tajriba, balki kuchli sabr va zehnga ham ega bo‘lishi talab etiladi:

Pastdan qaraganda, kranni boshqarish osondek tuyulishi mumkin. Shahar osmonida osilib turgan yuklarni millimetrgacha aniqlik bilan kerakli joyga yetkazish – bu shunchaki oddiy ish emas, kuchli zehn, aniq konsentratsiya va to‘g‘ri hisob-kitobni talab qiladigan mas’uliyatli jarayon”, – deydi u.

Ziyoda faoliyatidagi jarayonlar o‘z hayoti uchun turli xavflarni keltirib chiqarishiga qaramay, kasbini sevishi, boshqa sohada ishlashni tasavvuriga sig‘dira olmasligini ta’kidlaydi.

Mehnat qilgan hech qachon kam bo‘lmas ekan. Halol ishlab, ko‘p narsaga erishdim, farzandlarimni oliygohlarda o‘qitdim. Kasbim ortidan “Shuhrat” medali sohibasi bo‘ldim, hozirda shaxsiy avtomashinam bor, ishimni juda yaxshi ko‘raman”, – deydi u.

Nargiza Gadoyeva, avtobus haydovchisi

Poytaxtda avtobus boshqarayotgan ayol haydovchilar soni hozirda atigi 2 nafar. Ulardan biri 57 yoshli Nargiza Gadoyeva. U pensiya yoshida bo‘lishiga qaramay, shahar bo‘ylab yo‘lovchilariga xizmat qilishdan charchamaydi.

Nargiza Gadoyeva yengil mashina boshqarishda 37 yillik tajribaga ega, avtobus ruliga o‘tganiga bir yil bo‘ldi. Uning bu sohaga kirib kelishiga nevaralarini maktab va bog‘chaga olib borish uchun yo‘lovchi tashish toifasi bo‘yicha haydovchilikka o‘qigani sabab bo‘lgan.

Avvaliga avtobus haydash xayolimga ham kelmagan edi. Qonunchilik o‘zgarishi bilan ayol-qizlarning ham katta avtobuslarni boshqarish imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘zimni sinab ko‘rish maqsadida test topshirdim, imtihonlardan o‘tib, shu tariqa mazkur sohada ishlay boshladim”, – deydi u.

Nargiza Gadoyeva har kuni erta tong soat 05:00 ga yaqin avtobus parkiga keladi, avval transportni texnik ko‘rikdan o‘tkazib, har bir detalini tekshiradi, shundan keyin odamlarni manziliga yetkazish uchun yo‘lga otlanadi.

Kun davomida avtobusimga yosh bolalar, qariyalar, talabalar, ishga shoshayotgan odamlar chiqadi. Ularning barchasini eson-omon manziliga olib borish mening vazifam. Shuning uchun, har bir harakat, har bir burilishni e’tibor va mas’uliyat bilan amalga oshiraman. Yo‘llarda turli vaziyatlar bo‘lishi mumkin: ba’zan yengil avtomobil haydovchilari to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘limizga chiqib keladi, ba’zan shoshqaloq piyodalar yo‘lni kesib o‘tayotgan bo‘ladi. Shunday holatlarda darhol to‘xtash yoki burilish qilish lozim. Tormoz berayotganda tepkini o‘ylab tortish kerak, salonda yosh bolalar, homilador ayollar, keksalar bo‘lsa, favqulodda harakat ularga zarar yetkazmasligi uchun diqqat bilan harakat qilaman”, – deydi u.

Feruza Bakiyeva, “Afrosiyob” poyezdi mashinist yordamchisi

25 yoshli Feruza Bakiyeva tezyurar “Afrosiyob” poyezdida mashinist yordamchici bo‘lib ishlaydi. U 7 yildan beri temiryo‘l sohasida. Onasining kasbiga qiziqishi ortidan sohaga kirib kelgan Feruza bolaligidan poyezd haydashga qiziqishi yuqori bo‘lganini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, soatiga 250 km tezlikda harakatlanuvchi poyezd boshqaruvida o‘ta sinchkov bo‘lish talab etiladi, negaki harakat vaqtida yuzaga keladigan kichik texnik nosozlik, oddiy qoidalarga rioya qilinmasligi ham katta xavf tug‘dirishi mumkin.

Ishimiz faqatgina yo‘lovchilarni manzilga yetkazishdan iborat emas, masofalarni bosib o‘tish mobaynida ularning xavfsizligini ta’minlash eng muhim vazifalarimizdan biri. Yo‘lda turli favqulodda holatlar yuzaga kelishi mumkin, shuning uchun bizdan doim hushyor bo‘lish talab etiladi.

Ko‘pchilik "ayol kishi uchun bu kasb qiyin emasmi?" deb so‘raydi. Albatta, jarayonda jismoniy va ruhiy bardoshlilik kerak. Muhimi – kasbni sevish, ishingizni yaxshi ko‘rsangiz, qiyinchiliklari bilinmaydi. Poyezd manziliga yetib borib to‘xtaganda yo‘lovchilarning bizga minnatdorlik bilan jilmayib tushayotganini ko‘rsam, hamma charchoqlarni unutaman. Mehnat ta’tili yoki uzoq vaqt ishda bo‘lmaganimda, poyezdni juda sog‘inaman, ishga qaytgandan keyin uni quchoqlab, o‘pib olgim keladi [kuladi], ishimni shu darajada qattiq yaxshi ko‘raman”, – deydi u.

Nargiza Hojiyeva, tergovchi

Nargiza Hojiyeva 8-sinfda o‘qiyotgan vaqtida otasiga suiqasd uyushtirilgan. O‘sha kezlarda tergov jarayonida kuzatilgan nohaqliklar sabab u tergovchi bo‘lish va surishtiruv ishlarini haqqoniy tarzda olib borish, odamlarning huquqlarini adolatli himoya qilishga o‘ziga-o‘zi va’da bergan. Shu tariqa ichki ishlar tizimiga kirib, tergov sohasida ishlay boshlagan. 25 yildan buyon tergovchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Nargiza Hojiyeva hozirda terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarni o‘rganadi.

Bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlar bilan ishlash nihoyatda murakkab. Ular o‘zlarini haq deb biladi, jamiyat tinchligi ularga qiziq emas. Odamlarning azob chekishi, fojialar ular uchun hayot mazmuniga aylangan. Bunday shaxslar bilan ishlash kuchli irodani talab etadi”, – deydi u.

Tergovchi ayol kasbi sabab turli tahdidlarga duch kelganini ham yashirmaydi. Qiyinchiliklarga qaramay, insonlarga yordam berish, ularning dardini tinglash, muammolariga yechim topish unga kuch bag‘ishlashini aytadi:

Ba’zida kech soat 10-11 gacha ishlayman. Har bir jinoyat ishining ortida inson taqdiri turganini anglagan holda tergov jarayonida haqqoniylikni ta’minlash uchun bor kuchimni sarflayman, ish davomida hech bir taraf norozi qolmasligi uchun harakat qilaman. Ayblanuvchining aybini aniq isbotlash, jabrlanuvchini esa adolat qaror topganiga ishontirish – asosiy maqsadim. Jabrlanuvchi haq-huquqlari himoya qilinganini aytganda, jinoyatchi esa o‘z xatosini tushunganida kasbimdan haqiqiy zavqni his qilaman”, – deydi Nargiza Hojiyeva.

Ko‘rsatuvning to‘liq qismini Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi. 

Mavzuga oid